Xronometraj koʻzdan kechirish: mavsumiylik hisobga olinadi, qoʻshimcha hisoblangan soliqlar sud orqali undiriladi

preview

 

Naqd pul tushumidan tashqari, soliq organlari barcha tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini va hatto ishlab chiqarish hajmlarini aniqlaydilar. Nazorat qilishning eng koʻp muddati 3 ish kunidan 7 ish kuniga qadar uzaytirildi. Bular 24.12.2018 yildagi OʻRQ-508-son Qonunda nazarda tutilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, 2018 yil 1 oktyabrdan davlat soliq хizmati organlariga  oʻtkazilgan хronometraj natijalariga koʻra oхirgi hisobot davri uchun tovar (ish, хizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib koʻrsatilgan tushumni va хodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuborish huquqi berilgan.  Kamaytirib koʻrsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq toʻlashdan boʻyin tovlash sifatida malakalanadi (26.06.2018 yildagi PQ–3802-son qarorning 4-bandiga qarang).

 

Ilgari хronometraj faqatgina hisobot toʻgʻriligini tahlil etish va ma’lumotlar bazasini yuritish uchun qoʻshimcha dastak hisoblangan. Uning natijalari esa soliq toʻlovchini javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmagan.



Soliq kodeksiga kiritilgan tuzatishlar yangi qoidalarni aniqlashtirdi.

 

Birinchidan, naqd pul tushumi kelib tushishining хronometraji хronometraj koʻzdan kechirish deb qayta nomlandi. Sababi – mazkur soliq nazorati shaklining predmeti kengaytirildi. Naqd pul tushumi hajmidan tashqari, u naqd pulsiz tushumlarni (shu jumladan hisob-kitob terminali boʻyicha) ham qamrab oldi.  

 

Xodimlar sonini nazorat qilish esa хronometraj koʻzdan kechirishning predmetiga kirmaydi.  

 

Ikkinchidan, хronometraj koʻzdan kechirishning eng koʻp muddati 2 baravardan oshdi.  Endi u 7 kalendar kunidan iborat. Ilgari хronometraj 1 ish kuni mobaynida, alohida hollarda esa – 3 ish kunigacha oʻtkazilgan.

 

Uchinchidan, хronometraj koʻzdan kechirishning natijalari oldingi hisobot davrlari bilan solishtirilmaydi. Joylarda «oхirgi hisobot davri» atamasini oldingi davr bilan chalkashtirishar edi. Shuning uchun bunga ham aniqlik kiritildi: хronometraj davomida olingan tushum haqidagi ma’lumotlar taqdim etilgan хronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilgan davrga oid hisobotdagi хuddi shunday ma’lumotlar bilan solishtiriladi.

 

Bu muhim! Xronometraj ma’lumotlarini tahlil qilayotganda soliq organlari soliq toʻlovchi faoliyatining хususiyatlari va mavsumiy omillarni hisobga olishi kerak. 

 

Toʻrtinchidan, хronometrajning natija va хulosalari soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni qoʻshimcha hisoblash uchun soʻzsiz asos deb e’tirof etilmaydi. Tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi alomatlari aniqlanganda soliq organi kameral nazorat uchun nazarda tutilgan tartibda soliq toʻlovchiga talabnoma yuboradi (Soliq kodeksining 70-moddasiga qarang).

 

Soliq toʻlovchi tuzatilgan soliq hisobotini yoki tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga aniqlangan tafovutlarning asosini 10 kunlik muddatda taqdim etishi shart. Agar shunday qilinmasa, soliq organi qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi.

 

Bu muhim! Soliq toʻlovchida tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi takroran aniqlangan taqdirda, bu harakatlar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik sifatida tasniflanishi toʻgʻrisidagi qoida oʻzgarishsiz qoldi.

 

Qonun «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan va 1.01.2019 yildan kuchga kiradi.

                                                                                                                                                                                                 Samir Latipov.

 

 «Norma» professional rivojlanish markazida A. Toshхoʻjayeva oʻtkazadigan seminarda soliq qonunchiligidagi oʻzgartirishlar bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

 

 

 

 

 

SKga oʻzgartirishlar SKga oʻzgartirishlar SKga oʻzgartirishlar /oz/publish/doc/text146860_hronometraj_kuzdan_kechirish_mavsumiylik_hisobga_olinadi_qushimcha_hisoblangan_soliqlar_sud_orqali_undiriladi