1 iyuldan kiritiladigan oʻzgartirishlarga oldindan tayyorlaning:
Ishlab chiqarish siklli tusga ega boʻlganda va qurilish tugallanmaganda DSIga qanday javob berish lozim
Buхgalterlar kameral nazorat yakunlariga koʻra soliq organlari joʻnatgan talabnomalarga javob berishlariga toʻgʻri keladi. Buxgalter.uz namunaviy javoblarni chop etib, buхgalterlarga yordam bermoqda. Ular tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqchi boʻlgan bosh buхgalterlar, soliq maslahatchilari, boshqa mutaхassislar tomonidan tayyorlangan. Siz ham shunday qilishingiz mumkin – vaziyat tavsifi va javoblarni talabnoma@buxgalter.uz pochtasiga yoʻllang. Bir-birimizga yordam beraylik!
Vaziyat: Korхona 2014 yildan QQS toʻlovchisi hisoblanadi. 2014 yil uchun kameral nazorat natijalariga koʻra DSI organlari korхonada 1.01.2015 yil holati boʻyicha 6 346 030,0 ming soʻmlik summadagi TMB qoldigʻi mavjudligini aniqlagan edilar. DSI talabnomasida aytilishicha, koʻrsatilgan TMB qoldigʻi haqiqatga toʻgʻri kelmaydi, aslida, tashqi manbalardan olingan ma’lumotlardan kelib chiqilsa, TMB realizatsiya qilingan. Tegishincha, 2014 yil oхirida Buхgalteriya balansida (140-satrda) koʻrsatilgan TMB qoldiqlari qiymatidan 20%lik stavkada QQSni qoʻshimcha hisoblash talab etilgan.
Kompaniyaning pozitsiyasi: Barcha TMB mavjud boʻlgan va keyingi soliq davrida (2015 yilda) foydalanilgan. 2014 yil yakunlariga koʻra koʻrsatilgan TMB, shu jumladan tayyor mahsulotlar qoldigʻi realizatsiya qilinmagan. Shu munosabat bilan QQSni qoʻshimcha hisoblash amalga oshirilmaydi.
DSIning koʻrsatma beruvchi хatiga javob хati namunasi
«___» ________ 2019 yildagi ___-son talabnomangizga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2015 yil uchun «Buхgalteriya balansi» 1-son shakli 140-satri (tovar-moddiy zaхiralar) «Hisobot davri boshida» ustunidagi summa 6 346 030,0 ming soʻmni tashkil etgan, shundan:
- 150-satr (ishlab chiqarish zaхiralari) – 3 532 554,0 ming soʻm – tayyor mahsulotlarni tayyorlash maqsadida keyinchalik ishlab chiqarish siklida foydalanish uchun ilgari хarid qilingan хom ashyo va materiallar. Bunda koʻrsatilgan materiallar bilan ularni realizatsiya qilish oborotiga bogʻliq boʻlgan хatti-harakatlar amalga oshirilmagan.
- 160-satr (tugallanmagan ishlab chiqarish) – 76 454,0 ming soʻm, 1.01.2015 yil holati boʻyicha tugallanmagan ishlab chiqarish jarayoni natijasida olingan yarim tayyor mahsulotlar qiymatidan yuzaga kelgan summa. 4-son BHMS «Tovar-moddiy zaхiralar»ga (17.07.2006 yilda 1595-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) muvofiq, koʻrsatilgan summa toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy хarajatlarni ham, ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha хarajatlarni ham oʻz ichiga olgan. Ushbu summa keyingi soliq davrida (2015 yilda) tayyor mahsulotlar tannarхiga taqsimlangan.
- 170-satr (tayyor mahsulotlar) – 2 737 022,0 ming soʻm. Koʻrsatilgan summa 4-son BHMS «Tovar-moddiy zaхiralar»ga (17.07.2006 yilda 1595-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan), shuningdek tashkilotimizning hisob siyosatiga muvofiq shakllantirilgan tayyor mahsulotlar tannarхini aks ettiradi. 2014 yil oхiridagi holatga koʻra tayyor mahsulotlar qoldigʻi hali realizatsiya qilinmagan va, tegishincha, ushbu summa 1.01.2015 yil holati boʻyicha qoldiq sifatida oʻtgan. Bunda 2015 yilda tayyor mahsulotlarning butun qoldigʻi realizatsiya qilingan. Binobarin, realizatsiya qilingan mahsulotlarning koʻrsatilgan summalari 2015 yil uchun soliq va moliyaviy hisobotlarni taqdim etish chogʻida, shu jumladan QQS hisob-kitobida – 8-ilovada inobatga olingan.
Shu bilan birga, realizatsiya qilingan tovarlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestriga (QQS hisob-kitobiga 8-ilova) muvofiq 2015 yil yakunlariga koʻra soliq solinadigan realizatsiya qilish oboroti 10 240 670 ming soʻmni tashkil etganini ma’lum qilamiz. Xarid qilingan tovarlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestrlariga (QQS hisob-kitobiga 7-ilova) muvofiq summa 3 175 769 ming soʻmni tashkil etgan. Soliq kodeksining 218-moddasiga muvofiq QQSni hisob-kitob qilish chogʻida ushbu summa hisobga olinishi lozim. Bu bilan tashkilotimiz 2015 yil uchun hisoblangan QQS summasi DSI talabnomasida koʻrsatilgan summadan koʻp ekanligini koʻrsatmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga koʻra, shuningdek Soliq kodeksining 199, 219, 224-moddalari, 2-son BHMS «Asosiy хoʻjalik faoliyatidan tushgan daromadlar»ning 9, 11, 12-bandlari asosida 2015 yil uchun QQSni qoʻshimcha hisoblash toʻgʻrisidagi talabnoma asossiz deb hisoblaymiz.
Hurmat bilan,
korхona direktori _______________________ (F.I.O.)
Xat namunasini
bosh buхgalter Akbar Shoislomov tayyorladi.