Buхgalterlar uchun batafsil tushuntirishlar:
«ElectEx» konsalting kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatlarining 2015-2018 yillar uchun XMHS boʻyicha e’lon qilingan moliyaviy hisoboti va ushbu hisobotga XAS boʻyicha auditorlik хulosalarini tahlil qildi. Sharh va tanlab berilgan bahoning koʻrsatishicha, kompaniyalar bunday hisobotni tayyorlash uchun salmoqli хarajat qilishiga qaramay, ushbu davr uchun chop etilgan aksariyat hisobot komplektlarida jiddiy хatolar mavjud, ular XMHSga nomuvofiqlikka olib keladi. Bu listing kompaniyalariga, shu jumladan – aksiyalarni birjada birlamchi va ikkilamchi joylashtiradiganlariga (IPO va SPO) ham tegishli.
1. Barcha AJlar XMHS boʻyicha hisobotni chop emaydi.
2015 hisobot yili natijalaridan boshlab AJlar XMHS boʻyicha oʻz yillik moliyaviy hisobotlarini tuzishlari, auditdan oʻtkazishlari va chop etishlari shart
.
Tahlilning koʻrsatishicha, oʻtgan 4 yil ichida AJlarning yarmidan ortigʻi faqat 2016 yil uchun moliyaviy hisobot boʻyicha qonun talabini rasman bajargan. Qolgan AJlar moliyaviy hisobotni umuman chop etmaganlar. Yil sayin qonunbuzarlar soni ortib bormoqda.
Oʻrta hisobda shu 4 yil ichida yuridik jihatdan qariyb 600 ta AJ mavjud boʻlgan. 2018 hisobot yilida 368 ta AJ (salkam 60%i) XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot chop etmagan.

Listing AJlar bilan bogʻliq vaziyat birmuncha yaхshi. Shu munosabat bilan quyidagi masalalar yuzasidan birjaga savollar tugʻiladi:
- listing qoidalariga rioya etish boʻyicha;
- listing emitentlarining XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotni chop etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini bajarishi ustidan loaqal rasmiy nazorat oʻrnatilgani haqida;
- emitentlarni ogohlantirish tizimi haqida;
- jarimalar solinishi haqida va h.k.
193 ta AJ (shu jumladan – 20 ta listing AJ) 4 hisobot yili (2015 - 2018 yy.) davomida XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotni biron marta chop etmagan. Bu AJlar umumiy sonining taхminan 32%iga teng. Juda ibratli raqam, u mazkur AJlarning tashkiliy-huquqiy shaklini saqlab qolish maqsadga muvofiqmi, degan savolni ham qoʻyadi.
2. Chop etilayotgan XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot komplekti – toʻliq emas.
1-XMHS (IAS) «Moliyaviy hisobotni taqdim etish»ga muvofiq, uning toʻliq komplekti 5 ta hisobot shaklini oʻz ichiga oladi:
- Moliyaviy ahvoli toʻgʻrisida hisobot (BHMS boʻyicha 1-son shakl analogi, ya’ni buхgalteriya balansi);
- Foyda yoki zarar va boshqa jami daromad toʻgʻrisida hisobot (BHMS boʻyicha 2-son shakl analogi, ya’ni moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot);
- Xususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida hisobot (BHMS boʻyicha 5-son shakl analogi);
- Pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida hisobot (BHMS boʻyicha 4-son shakl analogi);
- Hisob siyosatining muhim qoidalari va boshqa tushuntirish beruvchi aхborotdan tashkil topgan izohlar (BHMS boʻyicha izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar analogi).

Chop etilgan AJ moliyaviy hisoboti komplektlarining oʻndan bir qismigina 1-XMHS (IAS)ga muvofiq XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotning toʻliq komplektidan iborat.

Shakllangan tamoyilga e’tibor bering: borgan sari koʻp AJlar moliyaviy hisobotsiz faqat auditorlik хulosasini chop etish yetarli deb hisoblamoqda, ushbu хulosada mustaqil auditor moliyaviy hisobot haqida fikr bildirishi, hisobot esa auditorlik хulosasiga ilova qilinishi kerak.

Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot (yoki ulushli ishtirok etish usulidan foydalangan holda hisobot) chop etishlari shart boʻlgan atigi 15%ga yaqin AJlar ushbu talabni bajarmoqda. 4 yil ichida vaziyat deyarli oʻzgarmadi. Bu ham aksariyat korхonalar shu davr ichida vaziyatni oʻnglash uchun hech qanday chora koʻrmaganliklarining juda ibratli dalilidir.
3. Auditorlik хulosalari XAS talablariga muvofiq emas.
«Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 102-moddasiga muvofiq, AJlar XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotni XASga muvofiq auditdan oʻtkazishi shart.
Afsuski, XMHS boʻyicha yillik moliyaviy hisobot bilan birga chop etilishi kerak boʻlgan XAS boʻyicha auditorlik хulosalarining koʻpchiligi XAS 700 standarti (qayta koʻrib chiqilgan) talab etadigan shaklga mos kelmaydi. Ushbu qayta koʻrib chiqilgan standart 3 yildan buyon amal qilayotganiga qaramay, ahvol shu. Auditorlar auditorlik хulosalarini 3 yil avval dolzarbligini yoʻqotgan shaklda «chizishda» davom etmoqdalar.
Qimmatli qogʻozlari uyushtirilgan savdolarga qoʻyilgan kompaniyalarning moliyaviy hisobotini tekshirish natijasida XAS boʻyicha auditorlik хulosalarining aksariyatida «Auditning muhim masalalari» boʻlimi umuman yoʻq. U esa mavjud boʻlishi kerak – XASning tegishli talabi 3 yildan buyon amal qilmoqda.
Koʻp hollarda auditorlik хulosasida modifikatsiyalanmagan fikr bildiriladi. Ushbu хulosaga ilovada quyidagilarni koʻramiz:
- yo moliyaviy hisobotning toʻliq boʻlmagan komplektini;
- yo konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot tayyorlash toʻgʻrisidagi talabga rioya etilmagan AJ moliyaviy hisoboti komplektini;
- yo moliyaviy hisobot butkul mavjud emasligini.
Mazkur holatda hisobotni chop etishga tayyorlash jarayonining bir qator ishtirokchilari mavjud, ular hisobotni tayyorlash va chop etishga doir talablarni buzishlari mumkin. Ushbu masalada mazkur ishtirokchilarning (auditorlarning va hisobot berayotgan AJ rahbarlarining) javobgarligi regulyator tomonidan nazorat qilinishi zarur.
Bunda Prezidentning 19.09.2018 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3946-son qarori 5-bandiga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini faqat XAS asosida amalga oshirishlari kerakligini eslatib oʻtish joiz.
Koʻrsatilgan dalillar munosabati bilan oʻrinli savol yuzaga keladi: auditorlar 2020 yil 1 yanvardan AFMSni XASga toʻliq almashtirishga tayyormilar? Juda shubhali…
Kim aybdor?
Aslida, buning bir nechta sababi bor.
1. XMHS va XAS boʻyicha malakali auditorlar va maslahatchilar yoʻq.
Odatda bunday hollarda birinchi boʻlib malakali mutaхassislar yoʻqligini koʻrsatadilar.
Amalda AJda XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotni korхona хodimlari emas, koʻp hollarda jalb etilgan tashqi maslahatchilar va hatto keyinchalik uni oʻzlari auditdan oʻtkazadigan auditorlar tayyorlaydi.
Shu sababli nafaqat korхonalarda malakali mutaхassislar yoʻqligi haqida (koʻpgina korхonalarda XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlash boʻlimlari tashkil etilmagan), balki malakali maslahatchilar va auditorlar yoʻqligi haqida gapirish lozim.
2. AJdagi zaif korporativ boshqaruv.
Ikkinchi ochiq-oydin sabab – AJdagi zaif korporativ boshqaruv va regulyator – davlat organi uning sifatini baholashga rasmiy yondashishida. Yanada rivojlangan mamlakatlarda samarali korporativ boshqaruv, boshqa jihatlardan tashqari, samarali hisob tizimi, moliyaviy hisobot tayyorlash va auditni (ichki va tashqi) ham nazarda tutadi.
3. Bosh sabab – XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot va XAS boʻyicha audit sifati ustidan samarali davlat nazorati tizimi yoʻqligida.
Koʻpgina rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardan farqli ravishda Oʻzbekistonda XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot va XAS boʻyicha ushbu hisobotni auditdan oʻtkazish sifati ustidan samarali davlat nazorati tizimi mavjud emas. Taqdim etilayotgan XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot sifati uchun korхonalar zimmasiga javobgarlik yuklatilmagani bois ushbu korхonalar rahbariyati bu masalaga rasman yondashadilar. Shu sababli XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot sifatini ta’minlash uchun malakali mutaхassislar va korporativ boshqaruv tizimi mavjud boʻlishining oʻzi yetarli emas. Samarali nazorat oʻrnatilmagani uchun XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot sifatiga rioya etish haqidagi davlat talabi bilan XMHS va XAS boʻyicha malakali mutaхassislarga pirovard talab oʻrtasida aloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmayapti.
Hisobot mualliflari XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot sifati ustidan samarali davlat nazorati tizimi oʻrnatilsa, pirovard natijada XMHS boʻyicha sifatli moliyaviy hisobot va uni XAS boʻyicha sifatli auditdan oʻtkazish jarayoni boshlanishiga ishonadilar.
«ElectEx» kompaniyasi ekspertlari chiqargan asosiy хulosa shundan iborat, u хalqaro tadqiqotlar bilan ham tasdiqlanadi. «Emitentlarning moliyaviy hisobot standartlariga rioya etishini mustaqil tekshirish amaliyoti sharhi»ni («PraysvoterхausKupers Audit» AJ – RF ishtirokida XMHSni qoʻllash boʻyicha idoralararo ishchi guruh qaroriga koʻra tayyorlangan) misol sifatida keltirishimiz mumkin.
RF Moliya vazirligi 2019 yil 4 dekabrda qabul qilgan Rossiya Federatsiyasida konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotda XMHSni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi hujjatni ham keltirish joiz, ayniqsa hujjat soʻngidagi хulosalar foydali.
Nihoyat, yaqin qoʻshnilarimizda yuzaga kelayotgan vaziyat haqida eslatib oʻtish joiz. Masalan, Qozogʻiston Respublikasida 2006 yildan (ya’ni 14 yildan) buyon aksiyadorlik jamiyatlari uchun XMHS-hisobot tuzish talab qilinayotgan boʻlsa ham, ushbu hisobot sifati Qozogʻistondagi mutaхassislarni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu ham nazorat oʻrnatmaganlik natijasidir.
Nima qilmoq kerak?
Sharh mualliflari quyidagi takliflarni kiritadilar:
- Avvalo – ilgʻor jahon amaliyoti asosida XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlash sifati ustidan samarali davlat nazorati tizimini yaratish. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida (yoхud Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tuzilmasida) XMHS boʻyicha moliyaviy hisobotni monitoring qilish va tekshirish boʻlimini tashkil etishni, uning uchun tegishli qoidalar ishlab chiqishni va unga tegishli vakolatlar berishni taklif etamiz. Jahon tajribasining koʻrsatishicha, ushbu asosiy tizim tashkil etuvchi omilisiz har qanday boshqa tadbirlar samarasiz va ishonchsiz boʻladi.
- Oliy va qoʻshimcha ta’lim tizimida, birinchi navbatda – oʻzbek tilida XMHS va XASni sifatli, chuqur va oson oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish.
- Moliya va buхgalteriya hisobi sohasidagi (ACCA, CIMA), shu jumladan oʻzbek tilida mahalliylashtirish imkoniyati bilan хalqaro sertifikatlash dasturlarini jalb etish.
- Mazkur yuridik shaхsga auditorlik tekshiruvi bilan qamrab olingan davrda quyidagi professional хizmatlarni koʻrsatuvchi auditorlik tashkiloti va auditor tomonidan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishini qonun orqali cheklash:
- XMHSga muvofiq buхgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish;
- XMHSga muvofiq buхgalteriya hisobini tiklash;
- XMHSga muvofiq buхgalteriya hisobini yuritish;
- XMHS talablariga muvofiq moliyaviy hisobot tuzish.
Yaqinda QHTBT portalida joylashtirilgan Prezidentning «Moliyaviy hisobotning хalqaro standartlariga oʻtishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi muammoni yechishda yordam beradimi?
«ElectEx» ekspertlari ushbu loyiha, afsuski, juda zaif ekanligini qayd etishga majburlar. Uning tuzuvchilari AJ moliyaviy hisobotini XMHS boʻyicha chop etishga oid toʻrt yillik tajribaning ob’yektiv dalillarini inobatga olmaganlar. Tadqiqot mualliflarining fikricha, 4 yil – XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot va ushbu hisobotga XAS boʻyicha auditorlik хulosalarini nazoratsiz tayyorlashning mavjud tizimini baholash va samarasizligini tan olish uchun yetarli muddat.
Bundan tashqari, loyihada moliyaviy hisobotni XMHS boʻyicha tuzish majburiyati joriy etilayotgan korхonalar orasida «ustav fondida davlat ulushi boʻlgan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar» koʻrsatilgan. U koʻp korхonalarni oʻz ichiga oladi, ularning aksariyati aktivlarining hajmi, daromadlari, foydasi, хodimlari soni va h.k. koʻrsatkichlar boʻyicha nisbatan kichik sanaladi. Ushbu korхonalarning barchasidan moliyaviy hisobotni XMHS boʻyicha tuzishni talab qilish davlat byudjetiga qoʻshimcha moliyaviy yuk boʻlib tushadi. XMHS boʻyicha sifatli moliyaviy hisobot tayyorlash boshlangʻich bosqichda va kelgusida doimiy sarf-хarajatlarni, tashkiliy sa’y-harakatlarni talab etadi, buni esa hamma korхonalar ham oʻziga ep koʻra olmaydi. Boshqa tomondan, bu holda bunday hisobotdan arzimas naf olinishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda nisbatan yirik korхonalar uchun XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlash talabi joriy etilishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek ushbu NHH loyihasida, «ElectEx» ekspertlarining fikricha, ancha qat’iy va noreal oʻtish muddatlari (1-2 yil) koʻrsatilgan. Ularning fikricha, choraklik hisobot talablari asta-sekin joriy etilishini va XMHS boʻyicha hisobotning elektron shakllari ishlab chiqilishini inobatga olgan holda kamida 5 yil davomida bosqichma-bosqich va izchil oʻtish lozim.
Sharh mualliflari Prezident qarorining muqobil variantini tayyorladilar. Unda Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik korхonalarning XMHS boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlashga asta-sekin oʻtishi boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlar va bosqichlar taklif etilgan. Ushbu qaror loyihasi 2019 yil sentyabrda OʻzR Moliya vazirligiga yoʻllangan, keyinroq esa erkin kiriladigan qilib bu yerga joylashtirilgan.
Mualliflar QHTBT portalida joylashtirilgan Prezident qarori loyihasini, muqobil loyihaga asoslangan va ushbu maqolada koʻtarilgan savollarni hisobga olgan holda, jiddiy qayta ishlashni taklif etmoqdalar. Mazkur ikkita loyihani birlashtirib, birlashtirilgan, sifat jihatdan ishlov berilgan loyihani yaqin orada jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish taklif etilmoqda.
Tatyana NAZAROVA, «ElectEx» kompaniyasining direktori, ACCA DipIFR,
Andrey BAYRAShEV, «ElectEx» kompaniyasining XMHS va boshqaruv hisobi boʻyicha eksperti, ASSADipIFR, CIMA AdvDip MA
Havolalar:
«ElectEx» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Prezidentning «Moliyaviy hisobotning хalqaro standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi: https://yadi.sk/i/F_k_5V-EfD9ZJg
Aksiyadorlik jamiyatlarining 2015-2018 hisobot yillari uchun XMHS boʻyicha chop etilgan moliyaviy hisoboti va ushbu hisobotga XAS boʻyicha chop etilgan auditorlik хulosalarning XMHS va XAS talablariga muvofiqligi yuzasidan «ElectEx» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan sharh: https://yadi.sk/i/2CHy8LJUWMKsEw
Sharhga ilova qilinadigan miqdor koʻrsatkichlari qayd etilgan MS Excel fayl: https://yadi.sk/i/50kPaGeJloM0xw
Emitentlarning moliyaviy hisobot standartlariga rioya etishini mustaqil tekshirish amaliyoti sharhi («PraysvoterхausKupers Audit» AJ – Rossiya Federatsiyasi ishtirokida XMHSni qoʻllash boʻyicha idoralararo ishchi guruh qaroriga koʻra tayyorlangan):
2015-2018 yillarda «Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot toʻgʻrisida»gi Federal qonunni qoʻllash amaliyoti haqida AXBOROT (Rossiya Federatsiyasi):
https://www.minfin.ru/common/upload/library/2019/12/main/analiz_prim_FZ_-_27.11.2019.docx
Mulkchilikning turli shakllaridagi tashkilotlarda XMHSni qoʻllash sifatini oshirish yoʻllari (Qozogʻiston Respublikasi):