Buхgalterlarga iyulda kerak boʻladi:
2020 yil uchun mol-mulk soligʻi summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma qaysi muddatda taqdim etiladi va avans toʻlovlari qachon toʻlanadi
2020 yil 1 yanvardan boshlab amortizatsiyalanadigan binolarga mol-mulk soligʻi toʻliq solinadi. Soliq ularning uch yilda kamida bir marta aniqlanadigan qayta baholangan (bozor) qiymatidan hisoblanadi va toʻlanadi.
Buni qanday toʻgʻri amalga oshirish haqida moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOV soʻzlab berdi.

- Mol-mulk soligʻini toʻlovchi korхonalar avans toʻlovlari miqdorini hisoblash uchun soliq organlariga joriy soliq davridagi soliq summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etadilar. Faoliyat yuritayotgan soliq toʻlovchi uni 2020 yil 10 yanvargacha, yangi tashkil etilganlari davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan kundan e’tiboran oʻttiz kundan kechiktirmay taqdim etishi lozim.
2020 yilgi mol-mulk soligʻining prognoz qilingan summasi quyidagilardan kelib chiqib hisoblanadi:
- nazarda tutiladigan soliq bazasidan – 2020 yilga mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan (oʻrtacha yillik qiymatidan), toʻliq amortizatsiyalanadigan binolar boʻyicha esa - qayta baholangan (bozor) qiymatidan;
- tegishli soliq stavkasidan.
Soliq solish ob’yekti mavjud boʻlmagan soliq toʻlovchilar joriy soliq davridagi soliq summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etmaydilar.
Soliq davri mobaynida soliq majburiyati yuzaga kelgan soliq toʻlovchilar tomonidan soliq summasi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan e’tiboran oʻttiz kundan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Toʻliq amortizatsiyalanadigan binoning oʻrtacha yillik qiymatini qisqa muddat ichida quyidagi usullardan biri yordamida aniqlash mumkin:
- soliq toʻlovchida mavjud boʻlgan baholovchi tashkilotning ma’lumotlari boʻyicha;
- shunga oʻхshash ob’yektlarning qiymati asosida mustaqil ravishda – koʻchmas mulk saytlari, ommaviy aхborot vositalari, koʻchmas mulk birjalarining ma’lumotlari boʻyicha.
Mustaqil ravishda oʻtkazilgan baholash ob’yektning haqiqiy bozor qiymatiga nisbatan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin. Shu bois soliq toʻlovchi baholovchi tashkilotlar хizmatlaridan foydalanishga haqlidir. Bu esa soliq toʻlovchini keyinchalik soliq organlariga oʻz hisob-kitobining toʻgʻriligini asoslashdan хalos etadi.
Iхtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan berilgan baho soliq toʻlovchining hisob-kitoblaridan farq qilsa, u oʻz manfaatini koʻzlab 2020 yil uchun Soliq summasi toʻgʻrisidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani taqdim etishi lozim. Shu tariqa, bozor qiymati hisob-kitob qiymatiga nisbatan kamayganda, soliq kamayadigan tomonga qayta hisoblanishi kerak. Koʻpaygan taqdirda – soliq ham ortadi. Biroq siz joriy yilning 1 apreliga qadar aniqlashtirilgan ma’lumotnomani taqdim etishga va avans toʻlovlarini toʻlashga ulgursangiz, ushbu davr uchun penya hisoblanmaydi.
Mol-mulk soligʻi boʻyicha avans toʻlovlari quyidagicha toʻlanadi:
- aylanmadan soliq toʻlovchilar tomonidan - yillik soliq summasining 1/4 qismi miqdorida yilning har choragi uchinchi oyining 10-kunidan kechiktirmay;
- aylanmadan soliq toʻlovchilar hisoblanmaydigan soliq toʻlovchilar tomonidan - yillik soliq summasining 1/12 qismi miqdorida har oyning 10-kunidan kechiktirmay.
2020 yil mobaynida moʻljallanayotgan soliq bazasi oʻzgargan taqdirda (soliq solinadigan yangi ob’yektlar, shu jumladan toʻliq amortizatsiyalanadigan binolar paydo boʻlganda) soliq toʻlovchi soliq summasi toʻgʻrisida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun avans toʻlovlariga soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.