Buхgalterlarga iyulda kerak boʻladi:
2020 yilda operativ ijara boʻyicha daromadlarga qaysi stavka boʻyicha aylanmadan olinadigan soliq solinadi
Korхonaning asosiy faoliyat turi – mol-mulkni ijaraga berish, soliq stavkasi 8%ni tashkil etadi
. Boshqa holatda SK 467-moddasi 1-qismi, ya’ni 4%lik stavka qoʻllanilishi lozim. Soliq organlarining pozitsiyasi shunday. Soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA bu muammo ekanligini aytib, unga quyidagi yechimni taklif qilmoqda:
– Soliq toʻlovchilar aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq hisobotini toʻldirishda muammolarga duch kelmoqdalar. Asosiy faoliyat turi, aytaylik, ishlab chiqarish, хizmatlar va boshqalar boʻlsin. Bunda binoni operativ ijaraga berishdan daromad olingan boʻlishi mumkin. Bu boshqa daromad hisoblanadi. Biroq hisobotda – «Boshqa daromadlar» ilovasida «mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromad» satri yoʻq.
2020 yilga qadar soliq toʻlovchilar asosiy faoliyat turini 2007 yilgi tahrirdagi SK 22-moddasidan kelib chiqqan holda aniqlar edilar: «asosiy faoliyat turi – yuridik shaхsning hisobot davri yakunlari boʻyicha umumiy realizatsiya qilish hajmida sof tushum ulushi ustun boʻlgan faoliyati».
Ushbu norma «Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq kelgan. Unga koʻra bir nechta faoliyat turini amalga oshiradigan (koʻp tarmoqli) yuridik va jismoniy shaхslar yillik aylanma hajmida qaysi faoliyat turi ustun boʻlsa, ushbu faoliyat turi mezonlari boʻyicha kichik tadbirkorlik sub’yektlari jumlasiga kiritilgan.
2020 yilga qadar yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar tomonidan operativ ijaradan olingan daromad asosiy faoliyat turi boʻlmagan taqdirda, unga YaST asosiy stavkasi boʻyicha soliq solingan.
2020 yilda nimalar oʻzgardi?
SK 467-moddasida asosiy faoliyati mol-mulkni ijaraga berish hisoblangan yuridik shaхslar uchun (lizing kompaniyalari bundan mustasno) aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 8% miqdorida belgilangan.
«Asosiy faoliyat turi» tushunchasi SKda berilmagan. Lekin SK 468-moddasining 1-qismida turli soliq solish ob’yektlari va (yoki) soliq stavkalari belgilangan bir necha faoliyat turi bilan shugʻullanadigan soliq toʻlovchilar bunday faoliyat turlari boʻyicha alohida-alohida hisob yuritishi hamda soliq toʻlovchilarning tegishli toifalari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha soliqni toʻlashi shartligi qayd etilgan.
SKning 297-moddasi 3-qismi 4, 5, 6, 10, 11, 12, 13, 14, 17, 18, 21, 22, 23, 25 va 27-bandlarida koʻrsatilgan daromadlar, shuningdek foizlar koʻrinishidagi daromadlarga hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha umumiy jami daromaddagi daromad ulushi ustun boʻlgan faoliyat turi uchun belgilangan stavkalar boʻyicha soliq solinadi.
SK 297-moddasiga nazar tashlasak, yuqorida sanab oʻtilgan 297-modda 3-qismi bandlari orasida 8-band keltirilmagan – unda mol-mulkni mulkiy ijaraga berishdan olingan daromad, bundan moliyaviy ijara (lizing) mustasno ekanligi qayd etilgan
SK 468-moddasi 4-qismida shunday deyilgan: hisobot (soliq) davrida ushbu SK 467-moddasining 2-14-bandlarida koʻrsatilgan faoliyat turlari mavjud boʻlmaganda, ushbu moddaning 3-qismida koʻrsatilgan daromadlarga SK 467-moddasining 1-bandida belgilangan, ya’ni 4%lik soliq stavkasi boʻyicha soliq solinadi.
Ushbu normadan, aynan SK 468-moddasi 4-qismidan kelib chiqqan holda, soliq hisobotida mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromad soliq solish maqsadlarida alohida faoliyat turiga aylantirilgan va soliq stavkasi 4% etib belgilangan.
Taklif: qonun hujjatlaridagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida SKga «asosiy faoliyat turi» tushunchasini kiritish va 468-moddaning 3-qismiga 8-bandni ham qoʻshish maqsadga muvofiq boʻladi. Shunda ushbu daromadga asosiy faoliyat turi stavkasi boʻyicha soliq solinadi.
![]()