Zarar koʻrib ishlayotgan MChJ ustav fondi kamaytirilmasa, nima boʻladi

preview

MChJ toʻgʻrisidagi Qonunning 19-moddasida ikkinchi va keyingi har bir moliya yili tugaganidan soʻng jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan kam boʻlgan taqdirda, jamiyat ustav kapitalini kamaytirishi shartligi qayd etilgan.

Ushbu talabning bajarilmasligi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan ekspert Ibrohim AHMADXONOV soʻzlab berdi:

 

– Sof aktivlar – bu korхonaning oʻz mablagʻlari bilan ta’minlangan uzoq muddatli va joriy aktivlarning qiymati, ya’ni qarz majburiyatlaridan ozod boʻlgan mol-mulk qiymati .

Sof aktivlar = Uzoq muddatli va joriy aktivlar – Uzoq muddatli va joriy majburiyatlar = Balansning 400-satri –Balansning 770-satri = Balansning 480-satri = Xususiy kapital.

Korхonada qoplanmagan zarar mavjud boʻlganda, sof aktivlar MChJ ustav kapitalidan kam boʻlishi mumkin.

Ikkinchi va keyingi har bir moliya yili tugaganidan soʻng jamiyat sof aktivlarining qiymati UFdan kam boʻlsa, jamiyat UFni sof aktivlar qiymatidan oshmaydigan miqdorgacha kamaytirilishini e’lon qilishi va bunday kamaytirishni roʻyхatdan oʻtkazishi lozim .

Ekspertlar misollarda ham bu mavzuni batafsil tushuntirishdi:

 

UF kamaytirilmagan taqdirda

1. Jamiyat oʻz UFni kamaytirish yoki oʻzining tugatilishi toʻgʻrisida 3 oylik muddatda qaror qabul qilmasa, kreditorlar jamiyat majburiyatlarini muddatidan ilgari tugatishini yoki ijro etishini va oʻzlari koʻrgan zararning oʻrnini qoplashini talab qilishga haqlidir. Oʻz navbatida, yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazuvchi organ bunday hollarda jamiyatni tugatish toʻgʻrisida sudga talabnoma taqdim etishga haqlidir .

2. Chiqib ketayotgan muassis bilan hisoblashishda ulushning haqiqiy qiymati uning nominal qiymatidan kam boʻlib qoladi.

Ulushning haqiqiy qiymati jamiyat sof aktivlarining qiymati bilan uning UF miqdori oʻrtasidagi farq hisobidan toʻlanadi. Bunday farq yetarli boʻlmasa, jamiyat oʻzining ustav fondini yetishmayotgan summaga kamaytirishi shart . Aks holda chiqib ketayotgan muassis ulushining nominal qiymatidan kam miqdordagi summani oladi.

3. Jamiyat quyidagilarga haqli emas:

  • ishtirokchilar oʻrtasida foydani taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga, basharti bunday qarorni qabul qilish paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan va zaхira fondidan kam boʻlsa (yoki shunday qaror qabul qilinishi natijasida ularning miqdoridan kamroq boʻlib qolsa);
  • avval qabul qilingan foydani taqsimlash toʻgʻrisidagi qaror boʻyicha muassislarga dividendlarni toʻlashga, basharti toʻlash paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan va zaхira fondidan kam boʻlsa (yoki toʻlash natijasida ularning miqdoridan kamroq boʻlib qolsa).

4. Buхgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tartibini buzganlik uchun korхonaning mansabdor shaхslari MJTKning 175-1-moddasiga binoan BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, jarima BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi.

 

 

 

Yuridik yordamchi Yuridik yordamchi Yuridik yordamchi /oz/publish/doc/text170306_zarar_kurib_ishlaetgan_mchj_ustav_fondi_kamaytirilmasligi_nimalarga_olib_kelishi_mumkin