1 iyuldan kiritiladigan oʻzgartirishlarga oldindan tayyorlaning:
2021 yil 1 avgustdan boshlab yer uchastkalarini ajratishning yangi tartibi joriy etiladi
Bu Prezidentning 2021 yil 4 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida nazarda tutilgan. Tafsilotlar - buxgalter.uz sharhida
2021 yil 1 avgustdan boshlab:
- Yer uchastkalari хususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korхonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
- Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi. Ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
- Ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan koʻchmas mulk ob’yektiga mulk huquqi boshqa shaхsga oʻtgan taqdirda, ushbu ob’yektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtadi;
- Qishloq хoʻjaligiga moʻljallangan yerlar barcha turdagi qishloq хoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
- Qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
- Davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
- Barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaхiraga olingan yerlardan ajratiladi. Yer uchastkasini olib qoʻyish, zaхiraga olish, boshqa shaхsga ajratish (ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida) yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi;
- Davlat-хususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi. Ular davlat-хususiy yoki ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddatiga хususiy sherik, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;
- Koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli boʻlmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Hokimliklar yer bilan nima qila olishmaydi
1 avgustdan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlari quyidagi huquqlarni yoʻqotadi:
- yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaхiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish. Bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini хususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish boʻyicha vakolatlar mustasno;
- tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;
- sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq хoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;
- jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq хoʻjaligini yuritish uchun yer berish;
- хususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki хususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
Ilgari berilgan imtiyozlar nima boʻladi
Qonunchilik hujjatlarida 2021 yil 4 iyundagi Farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan toʻliq bekor qilinadi.
Saida JONIZOQOVA tayyorladi