Buхgalterlar uchun batafsil tushuntirishlar:
Aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar salbiy kurs farqi yuzaga kelganda nima qilishi kerak
2022 yil mart oyidagi soʻmning keskin qadrsizlanganidan keyin uzluksiz ravishda mustahkamlanishi aylanmadan olinadigan soliq hisobotlarida salbiy kurs farqini aks ettirishda muammolarni yuzaga keltirdi. Moliyaviy maslahatchi Anvar ROʻZMAMATOV (ACCA DipIFR, CAP) buxgalter.uz iltimosiga binoan, soliq toʻlovchilar bundan keyin ham salbiy kurs farqiga EHF taqdim eta olishmasa, mazkur vaziyatdan qanday chiqishlari mumkinligini aytib berdi:
– SKning 463-moddasiga muvofiq balansning valyuta hisobvaraqlarini qayta baholash chogʻida kursdagi ijobiy va salbiy farqlar oʻrtasidagi saldoga aylanmadan olinadigan soliq solinadi. 2022 yildan boshlab ijobiy kurs farqining salbiy kurs farqidan oshgan summasi hisobotda bir tomonlama EHF taqdim etish yoʻli bilan aks ettiriladi.
Mart oyiga qadar vaziyat shunday boʻlganki, faqat ijobiy kurs farqi yuzaga kelgan. Hisobvaraq-fakturalarni taqdim etishda ham muammolar boʻlmagan.
Mart oyidan keyin mana 2 oydirki milliy valyuta uzluksiz ravishda mustahkamlanib bormoqda. Mazkur holatda salbiy kurs farqiga hisobvaraq-fakturani taqdim etish mantiqan toʻgʻri boʻladi. Biroq buning iloji yoʻq, sababi EHF tizimi buni amalga oshirishga imkon bermaydi. Natijada soliq toʻlovchilar toʻgʻri hisobot topshira olmaydilar.
Afsuski, bugungi kunda EHF tizimi kurs farqini aks ettirish masalalarida zamon talabiga toʻgʻri kelmaydi. Davlat soliq qoʻmitasi yuzaga kelayotgan vaziyatga e’tibor qaratishi va uni hal etish uchun teхnik imkoniyatlarni taqdim etishi lozim deb oʻylayman. Eng oddiy va maqbul usul salbiy kurs farqiga EHF taqdim etish imkoniyatini yaratish boʻlsa kerak. Bu valyuta hisobvaraqlari boʻyicha ijobiy kurs farqining salbiy kurs farqidan oshgan qismini ortib boruvchi yakun bilan toʻgʻrilash imkonini beradi.
Hozirda soliq toʻlovchi nima qilishi kerak
Byudjetga soliq qancha toʻlanishi lozim boʻlsa, shuncha toʻlashning uchta yoʻli bor:
1. Soliq davri tugashini kutish lozim. Keyingi hisobot davrlarida valyuta hisobvaraqlari boʻyicha salbiy kurs farqi summasidan ijobiy kurs farqi summasi oshib ketishi va bunda hammasi oʻz-oʻzidan izga tushib, toʻgʻrilanadigan vaziyat boʻlishi mumkin.
2. Ijobiy kurs farqi summasining salbiy kurs farqi summasidan oshish holati yuz bergan avvalgi oy (masalan, 2022 yil mart) uchun tuzatish kiritilgan hisobvaraq-fakturani shunday taqdim etish kerakki, natijada ortib boruvchi yakun toʻgʻri boʻlib chiqsin.
3. Salbiy kurs farqi summasidan ijobiy kurs farqi summasi oshganligi koʻrsatilgan oхirgi EHF (masalan, 2022 yil mart oyi)ga joriy oyda ortib boruvchi yakun toʻgʻri chiqadigan qilib, qoʻshimcha hisobvaraq-faktura taqdim etish.
Uchala variant ham – bu vaziyatdan chiqishning majburiy chorasi. Soliq toʻlovchilar nimalarnidir «oʻylab topishlari» kerak emas, ularda vaziyatni soliq hisoboti davrida toʻliq va haqqoniy aks ettirish uchun oddiy va maqbul vositalar boʻlishi lozim. Maqbul yechim salbiy kurs farqiga hisobvaraq-fakturani taqdim etish imkoniyati hisoblanadi. Agar soliq idorasida bu borada boshqa fikrlar mavjud boʻlsa, batafsil rasmiy tushuntirishlar boʻlishi maqsadga muvofiqdir.
Oleg GAYeVOY tayyorladi.