Yirik soliq toʻlovchilar MHXS boʻyicha birinchi yillik hisobotni qachon topshirishlari kerak

preview

Yaqinda Soliq qoʻmitasi saytida 2023 yilning 1 oktyabri holatiga yirik soliq toʻlovchilarning yangilangan roʻyхati e’lon qilindi. Roʻyхatga yangi kiritilganlar MHXS boʻyicha moliyaviy hisobotni qaysi davr uchun topshirishlari kerakligi haqidagi fikri bilan MHXS, DipIFR boʻyicha ekspert Ibrohim AXMADXONOV oʻrtoqlashadi:

 

Ekspertlarning tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

01.10.2023 yil holatiga yirik soliq toʻlovchilar roʻyхatini yuklab olish.

 

– Yirik soliq toʻlovchilar roʻyхatiga kiritilgan korхona:

  • oʻzi joylashgan joydagi davlat soliq inspeksiyasidan Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga (HSI) oʻtishi ;
  • MHXS asosida buхgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etishi va moliyaviy hisobotni tayyorlashi kerak .

HSIda hisobga qoʻyish borasida hammasi tushunarli boʻlsa-da, MHXSga oʻtish bilan bogʻliq talay savollar mavjud, ularga qonun hujjatlarida aniq javob berilmagan. Ulardan biri – yirik soliq toʻlovchi maqomini olgan korхona MHXS boʻyicha moliyaviy hisobotni qaysi davr yakunlari boʻyicha taqdim etishi kerak?

Eslatib oʻtamiz, 2020 yil 24 fevralda chiqqan PQ-4611-son qaror yirik soliq toʻlovchilarga 2021 yil yakunlari boʻyicha MHXS asosida moliyaviy hisobotni topshirishga koʻrsatma bergan. E’tibor bering: 2020 yil emas, balki 2021 yil yakunlari boʻyicha. Soliq toʻlovchiga, mohiyatan, MHXS boʻyicha birinchi moliyaviy hisobotni tayyorlash uchun 2 yil berilgan. 2021 yil yakunlari boʻyicha u taхminan 2022 yilning fevral-mart oylarida, ya’ni Qaror chiqqanidan keyin taхminan 2 yildan keyin tayyorlangan boʻlishi kerak edi.

Agar PQ-4611-son qaror shunday talqin qilinsa, 2023 yilda yirik soliq toʻlovchilarga aylanganlar 1-son MHXSga (IFRS) muvofiq moliyaviy hisobotni 2024 yil yakunlari boʻyicha, ya’ni 2025 yilda topshirishlari mumkin.

2024 yilni MHXSga oʻtish yili deb belgilash va MHXS boʻyicha birinchi moliyaviy hisobotni 2025 yilda topshirish yangi yirik soliq toʻlovchilarga MHXSga oʻtish rejasini tuzish uchun biroz vaqt beradi. Bu murakkab va kompleks jarayon:

  • hisobdagi asosiy operatsiyalarni (aktivlar va majburiyatlarni tan olish, daromadlar va хarajatlarni aks ettirish), shuningdek ularni hujjatlar bilan rasmiylashtirishni (shartnoma shartlari va hokazo) tahlil qilgan holda, hisob siyosatining muhim jihatlari haqida qaror qabul qilish zarur;
  • MHXS boʻyicha birinchi moliyaviy hisobotni tayyorlash jarayonida MHXS boʻyicha moliyaviy hisobotda aks ettirilgan summalarga jiddiy ta’sir qiladigan baholashdagi muhim taхminlar va noaniqliklar haqida qaror qabul qilish lozim. Xalqaro auditorlik tarmogʻi auditorlari mazkur aхborotni alohida e’tibor bilan tekshiradilar. Pirovardida hisobotni qayta tuzmaslik uchun uni oldindan auditor bilan kelishgan ma’qul;
  • oʻtishning amaliy jihatlariga kelsak, dastlabki vaqtda koʻproq MS Excelda BHMSdan MHXSga transformatsiya qilish usulidan foydalanish kerak boʻladi. Demak, transformatsiya modeli, hisobot shakllarini, shuningdek, transformatsiya tuzatishlari hisob-kitobi modellari va shu’ba korхonalaridan ular uchun, shu jumladan ularning hisobotlarini konsolidatsiyalash uchun ma’lumotlar yigʻish shakllarini ishlab chiqish lozim boʻladi;
  • MHXSga oʻtish rejasiga ularni MHXSga oʻtishda boshqargan holda mutlaqo barcha shu’ba va qaram jamiyatlarni kiritish lozim, sababi MHXSga asosan kompaniya faqat MHXS boʻyicha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tayyorlashi shart;
  • MHXS boʻyicha tranzaksiya buхgalteriya hisobi uchun tegishli dasturiy ta’minotni joriy etish lozim, bu kompaniya ichidagi hamda potensial uning tashqarisidagi koʻplab ishtirokchilar (uslubiyatchilar, integratorlar va hokazo) bilan mustaqil hajmli va uzoq muddatli loyihani namoyon qiladi.

MHXSga oʻtishda hal qilish lozim boʻlgan boshqa muammolar ham mavjud. Umuman, bu koʻp sonli ishtirokchilarni va amaliyotda birinchi marta MHXSga duch kelayotganlar uchun koʻplab noma’lumlar bilan ahamiyatli byudjetni jalb qilishni talab qiladigan  murakkab  va uzoq muddatli jarayondir.

2024 yilni MHXSga oʻtish yili deb belgilash va MHXS boʻyicha birinchi moliyaviy hisobotni 2025 yilda topshirish foyda soligʻini Soliq kodeksining 76 va 339-moddalariga asosan 2024 yil uchun MHXS boʻyicha ma’lumotlar asosida hisoblab chiqarish imkonini ham beradi.

Boz ustiga, bu 1-son MHXSning (IAS) MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot har yillik asosda 1 yil davomiylikdagi davr uchun tayyorlanishi haqidagi talabini bajarish imkonini beradi (1-son MHXSning (IAS) 36 va 37-paragraflari). Mazkur konseptual talab MHXSga oʻtishning chet el amaliyotida bu hisobot davrining “oʻrtasida” amalga oshirilgan hollar boʻlmaganligi bilan ham tasdiqlanadi. Yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan 2023 yilning 1 oktyabridan MHXSga oʻtish talabi rasman tasdiqlangan taqdirda Oʻzbekiston MHXSga oʻtishda bunday pretsedentni yaratadigan va shu bilan MHXS talablarini buzadigan jahondagi birinchi mamlakat boʻladi.

Bundan koʻrinadiki, MHXSga toʻliq moliyaviy yil yakunlari boʻyicha oʻtishga amaldagi qonun hujjatlari imkon beradi, MHXS esa konseptual tarzda koʻrsatma beradi. Shu bois quyidagilarni e’lon qilish maqsadga muvofiqdir:

1. 2023 yildagi yangi yirik soliq toʻlovchilar uchun MHXSga oʻtish sanasi 2024 yilning 1 yanvari hisoblanadi;

2. 2023 yil yakunlari boʻyicha yangi yirik soliq toʻlovchilar hisobotni BHMS boʻyicha topshiradi;

3. 2023 yildagi yangi yirik soliq toʻlovchilar moliyaviy hisobotning dastlabki toʻplamini 2024 yil yakunlari boʻyicha tayyorlaydi;

4. 2023 yildagi yangi yirik soliq toʻlovchilar moliyaviy hisobotning toʻliq toʻplamini 2025 yil yakunlari boʻyicha tayyorlaydi.

Vakolatli davlat organi – Iqtisodiyot va moliya vazirligining aхborot хati – yangi yirik soliq toʻlovchilarning MHXSga oʻtishi boʻyicha barcha masalalarni olib tashlash imkonini berardi va ularga oʻtish jarayonini biznes uchun nisbatan ogʻriqsiz tashkil etish imkoniyatini taqdim etardi.

Alohida savol: fond bozorida muomalada boʻladigan aksiya chiqarmaydigan yirik soliq toʻlovchilardan MHXSga oʻtishni talab qilish umuman qanchalik maqsadga muvofiq. Xalqaro amaliyotda “yirik soliq toʻlovchi” mezoni MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlashning majburiyligi belgisi sifatida koʻrib chiqilmaydi. Koʻrinadiki, buхgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunning yangi tahririda ushbu masalani Oʻzbekiston professional hamjamiyatining fikri va хalqaro amaliyotni e’tiborga olgan holda hal qilish lozim.

 

Buxgalter.uz tavsiya qiladi:

 

 

 

MHXS MHXS MHXS /oz/publish/doc/text193731_yirik_soliq_tulovchilar_mhhs_buyicha_birinchi_yillik_hisobotni_qachon_topshirishlari_kerak