Buхgalterlar uchun batafsil tushuntirishlar:
Sentyabr oyida Prezident qarori qabul qilingan boʻlib, qaror bilan soliq toʻlovchilar mazkur miqdorga yetganda foyda soligʻi boʻyicha har oylik boʻnak toʻlovlari toʻlashlari kerak boʻlgan chegara oʻzgartirilgan. SK va Ma’lumotnomaga tegishli oʻzgartirishlar hozircha kiritilmagan.
Soliq toʻlovchi biror bir sababga koʻra 2023 yil IV chorakda foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovini hisoblab chiqarish uchun ma’lumotnomani topshirgan, uning jami daromadi esa III chorakda 10 mlrd soʻmdan oshmagan boʻlsa, nima qilish kerak?
Endi Prezidentning 04.09.2023 yildagi PQ-292-son qarorining 8-bandida nazarda tutilgan normadan qanday foydalanish mumkin?
Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan Soliq qoʻmitasida tushuntirishdi.
SKning 340-moddasida jami daromadi joriy soliq davridan oldingi soliq davri uchun kiritilgan tuzatishlar hisobga olingan holda 5 mlrd soʻmdan oshadigan soliq toʻlovchilar har oylik boʻnak toʻlovlarini hisobot davri har bir oyining 23 kunidan kechiktirmay toʻlashlari aytilgan.
Prezidentning 04.09.2023 yildagi PQ-292-son qarorining 8-bandiga muvofiq foyda soligʻi boʻyicha har oylik boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan soliq toʻlovchilar daromadining miqdori 5 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmga oshirilgan.
Shundan kelib chiqib, 2023 yilning IV choragidan boshlab yangi normani joriy etishga qaror qilindi. IV chorakdan boshlab foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlarini faqat foydasi 10 mlrd soʻmdan oshgan soliq toʻlovchilar toʻlashlari kerak.
Soliq toʻlovchilar, shu jumladan yangidan tashkil etilgan, jami daromadi joriy hisobot davri mobaynida 10 mlrd soʻmdan oshgan soliq toʻlovchilar har oylik boʻnak toʻlovlarini bunday oshib ketish sodir boʻlgan toʻliq chorak oʻtganidan keyin toʻlaydi.
Agar u yoki bu sababga koʻra 2023 yilning IV choragida foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlarini hisoblab chiqarish uchun ma’lumotnomalar 2023 yilning III choragida jami daromadi 10 mlrd soʻmdan oshmagan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan topshirilgan boʻlsa, ularning ma’lumotnomalari soliq toʻlovchining yozma arizasiga koʻra bekor qilinadi. Bu holda ular boʻnak toʻlovlarini toʻlashlari kerak emas.
Shu munosabat bilan u yoki bu sababga koʻra boʻnak toʻlovlarini hisoblab chiqarish uchun ma’lumotnoma topshirgan, joriy soliq davridan oldingi davr va joriy yilning III choragida foydasi 10 mlrd soʻmdan oshmagan barcha soliq toʻlovchilar soliq toʻlovchining shaхsiy kabineti orqali soliq organlariga topshirilgan ma’lumotnomani bekor qilish iltimosi bilan murojaat qilishlari mumkin.
Oleg GAYeVOY tayyorladi
![]()