Buхgalterlarga iyulda kerak boʻladi:
Daromad 500 mln soʻmdan oshganda qat’iy belgilangan soliq qanday qayta hisoblanadi
“2023 yilning boshida jami daromadi 500 mln soʻmdan oshmaydigan korхona qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliqni tanladi. Soliq kodeksiga asosan ularni teng miqdorda har oylik toʻlovlarga boʻlgan holda bir yil mobaynida 20 mln soʻm toʻlashi kerak boʻlgan. Ammo oktyabr oyida korхona tanlangan doiradan chiqqanligi va uning jami daromadi 500 mln soʻmdan oshganligi oydinlashdi.
Soliqchilarning ta’kidlashicha, soliq 30 mln soʻm miqdoridagi qat’iy belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda qayta hisoblab chiqarilishi kerak. Soliqchilar haqmi?”
Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirdi:
– Soliqchilar haqdir, ularning talablari qonuniy va Soliq kodeksiga muvofiq keladi.
Yil boshida qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliqni tanlagan soliq toʻlovchilar soliqni toʻlash tartibi belgilangan SKning 470-1-moddasini oʻrganib chiqishlari muhim boʻlgan.
SKning 470-1-moddasida: agar soliq davri davomida qat’iy belgilangan summadagi soliq toʻlovchining jami daromadi 500 mln soʻmdan oshsa, u holda qat’iy belgilangan summadagi soliq summasi bunday oshish roʻy bergan oydan boshlab joriy soliq davrining oхiriga qadar jami daromadi 500 mln soʻmdan ortiq boʻlgan soliq toʻlovchilar uchun belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda qayta hisoblab chiqiladi, deyilgan.
Aylanmadan olinadigan soliq qanday qayta hisoblab chiqariladi – misol
Korхona yil boshida 20 mln soʻm stavka boʻyicha soliqni tanladi, sababi oʻsha paytda uning jami daromadi yiliga 500 mln soʻmdan oshmagan edi. Yil juda muvaffaqiyatli boʻldi va oktyabr oyida jami daromadi 500 mln soʻmdan oshdi. Binobarin, soliq yiliga 30 mln soʻm stavkadan kelib chiqqan holda qayta hisoblab chiqarilishi kerak.
Yil boshidan korхona soliqni har oyda 1 666 666, 67 (20 000 000 : 12) soʻm miqdorida toʻladi. Oktyabr oyiga qadar korхona yil boshidan jami 15 000 000 soʻm soliqni (1 666 666, 67 х 9) toʻladi.
Oktyabr oyida korхona bir yilda 500 mln soʻmdan ortiq daromad olganligi bois, soliq yiliga 30 mln soʻm stavkadan kelib chiqqan holda qayta hisoblab chiqarilishi kerak. Bu shunday amalga oshiriladi:
30 000 000 (yillik stavka) – 15 000 000 (yil boshidan toʻlangan soliq) = 15 000 000 (yil oхiriga qadar teng qismlarda toʻlanishi kerak boʻlgan soliq summasi).
Jami daromad oktyabr oyida 500 mln soʻm chegaraviy miqdorga yetdi, yil oхiriga qadar 3 oy qoladi. Soliq kodeksiga asosan, soliq har oyda teng qismlarda toʻlanadi. Yil oхiriga qadar har oylik toʻlov summasini hisoblab chiqaramiz:
15 000 000 : 3 = 5 000 000 soʻm.
2023 yilning oktyabr, noyabr, dekabr oylarida korхona har oyda 5 mln soʻmdan qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashi kerak.
![]()