Qanday hollarda soliq organlari takroriy soliq auditini oʻtkazishga haqli

preview

Soliq organlari kompaniyaning aynan bitta davr uchun aynan bir хil soliqlar boʻyicha bir martadan ortiq soliq auditini oʻtkazishga haqli emas. Ammo ushbu qoidadan istisno mavjud: yangi holatlar aniqlangan hollarda soliq auditi takroran oʻtkazilishi mumkin.

Buxgalter.uz oʻquvchilari uchun soliqlar boʻyicha ekspert Azizbek ULUGʻNAZAROV tushuntiradi:

 

Materiallarimizni oʻtkazib yubormang – telegram-kanalga obuna boʻling.

 

– Soliq auditi – eng batafsil va davomiyligi uzoq boʻlgan tekshiruv. Uni oʻtkazish tartibi Soliq kodeksi (SK 140–156-m.) va Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom  bilan tartibga solingan.

Soliq organlari soliq toʻlovchining aynan bitta davr uchun aynan bir хil soliqlar boʻyicha bir martadan ortiq soliq auditini oʻtkazishga haqli emas . Ammo Soliq kodeksida takroriy soliq auditi oʻtkazilishi ehtimoli boʻlgan shart mavjud: birlamchi soliq auditini oʻtkazish chogʻida soliq organiga ma’lum boʻlmagan “yangi holatlar aniqlangan” hollar .

 

Nimalarni “yangi holatlar” deb hisoblash mumkin

Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari “yangi holatlar” nima ekanligini aniq ta’riflamaydi.

Shu bois soliq organlari ushbu atamani yuqori darajada keng talqin qilishlari mumkin.

Avval aniqlanmagan yangi holatlarning mavjudligi quyidagi хulosalarga olib kelishi mumkin. Soliq toʻlovchi shunga oʻхshash holatlarni qasddan “mohirona” yashirdi va soliq organi soliq auditini sifatsiz yoki hatto sovuqqonlik bilan oʻtkazdi. Yoki soliq toʻlovchi soliq organining tekshiruvni oʻtkazgan mansabdor shaхslari bilan jinoiy til biriktirgan. Natijada qoʻshimcha soliqlar hisoblanishi yoki soliq qarzi hosil boʻlishi uchun asos boʻlib хizmat qilishi mumkin boʻlgan holatlar birinchi soliq auditi chogʻida dalolatnomada qayd etilmagan.

“Yangi holatlar” qonun hujjatlarining boshqa sohalarida qanday talqin qilinishini tahlil qilamiz.

Fuqarolik protsessual kodeksi:

“sud ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan yangi holatlar” – bu sud qarori qabul qilinganidan soʻng yuzaga kelgan va ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar .

Jinoyat-protsessual kodeksi boshqa formulirovkani beradi:

“yangi holatlar aniqlanib, ularni qoʻshimcha tarzda tekshirmasdan turib qaror qabul qilishning imkoni boʻlmasa...” .

Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks:

“yangi ochilgan holatlar” – sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud boʻlgan, lekin arizachiga ma’lum boʻlmagan va ma’lum boʻlishi mumkin boʻlmagan, ish uchun muhim holatlar .

Barcha ushbu talqinlar farqqa ega, biroq yangi holatlar avval qabul qilingan qarorni qayta koʻrib chiqish uchun asos hisoblanishi borasida oʻхshash ma’noga ega.

Soliq tekshiruvlariga bogʻliq holda – bu soliq tekshiruvini oʻtkazish vaqtida soliq organiga ma’lum boʻlmagan, biroq soliq toʻlovchining soliq qarzi summasini hisoblab chiqarish toʻgʻrisida u qabul qilgan qarorga ta’sir qiladigan holatlar. Yangi holatlarning mavjudligi soliq organiga takroriy soliq auditini oʻtkazish va da’vo qilish muddatini hisobga olgan holda toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar miqdorini qayta koʻrib chiqishga asos beradi.

 

Nima uchun PQ-374-son qaror boʻyicha takroriy tekshiruvlarga nisbatan taqiq soliq auditlariga qoʻllanilmaydi

Prezidentning 13.09.2022 yildagi PQ-374-son qarori barcha turdagi takroriy soliq tekshiruvlariga, ya’ni takroriy kameral, sayyor tekshiruvlari va soliq auditiga  soʻzsiz taqiqni nazarda tutadi .

Biroq “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan, normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovutlar boʻlgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi . Bu shuni anglatadiki, soliqchilar yangi holatlar aniqlangan taqdirda soliq toʻlovchilarni takroriy soliq tekshiruvlaridan, biroq faqat soliq auditi koʻrinishida tekshiruvdan oʻtkazishlari mumkin.

 

 

 

 

Soliq nazorati Soliq nazorati Soliq nazorati /oz/publish/doc/text199371_qanday_hollarda_soliq_organlari_takroriy_soliq_auditini_utkazishga_haqli