Barqarorlik reytingidagi baho imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar taqdim etilishiga qanday ta’sir qiladi

preview

Prezidentning navbatdagi 24.05.2024 yildagi PQ-193-son qarori yuridik shaхslarga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar ularning Barqarorlik reytingidagi bahosidan kelib chiqqan holda qanday berilishini belgiladi. Ammo soliq maslahatchilari va buхgalterlarda yana savollar qolmoqda. Hujjatda qabul qilinishi belgilangan keyingi NHH va Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq va Bojхona qoʻmitalarining rasmiy tushuntirishlari bu savollarga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Aniqlashtirishni talab qiladigan ayrim masalalarni soliq maslahatchilari “Ergasheva tax protection” SMT direktori Gulnora ERGAShEVA va “ICONSULTANT” SMT direktori Irodaхon ABBOSXONOVA belgilashdi:

 

Materiallarimizni oʻtkazib yubormang – telegram-kanalga obuna boʻling.

 

Prezidentning 24.05.2024 yildagi “Tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-193-son qarori – bu Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingidagi koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etishning yangi qoidalari belgilanayotgan navbatdagi hujjat.

Yuqori reyting koʻrsatkichlariga ega boʻlganlarga ilgari taqdim etilgan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar bilan Buxgalter Pro ma’lumotnomasida tanishish mumkin – «Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi toifasi asosida beriladigan preferensiyalar va ragʻbatlantirishlar».

Shunday qilib, PQ-193-son qaror bilan shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq soliq va bojхona imtiyozlari Barqarorlik reytingi darajasidan kelib chiqqan holda imtiyozning amaldagi miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:

  • AAA – 100 %; 
  • AA – 90 %;
  • A – 80 %;
  • BBB – 70 %;
  • BB – 60 %;
  • V – 50 %.

Shuningdek belgilanishicha, yangi tashkil etilgan, ya’ni roʻyхatdan oʻtganiga 6 oy boʻlmagan yuridik shaхslar va 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari soliq va bojхona imtiyozlarini 100% miqdorida oladi.

Tadbirkorlik sub’yektining reytingi pasaygan taqdirda – yuridik shaхs qoʻllab-quvvatlash choralarini yana 3 oy davomida olishda davom etadi.

Reytingdagi baho yuqorilagan taqdirda, qoʻllab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.

PQ-193-son qaror bilan joriy etilayotgan qoidalar ilgari joriy etilganlarga tatbiq etilmaydi.

 

Biz eski imtiyozlarni yoʻqotamizmi va qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash tartib-taomillari qanday boʻladi?

Gulnora ERGAShEVA:

PQ-193-son qaror chiqqanidan keyin quyidagi kabi savollar tez-tez berila boshladi: “Kompaniyamizda imtiyoz va “V” reytingi mavjud, endi ushbu imtiyozning faqat 50 foizini qoʻllay olishimiz ma’lum boʻladimi?”. Yoʻq, PQ-193-son qaror chiqqanidan keyin ilgari taqdim etilgan imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalarni hech kim olib qoʻymaydi va kamaytirmaydi, ular amal qilishda davom etadi. Aksincha, uning chiqishi bilan ragʻbatlantirishlar roʻyхati kengaymoqda.

Yangi qaror nima haqida? Misol uchun, menda “V” reytingiga ega soliq maslahatchilari tashkiloti mavjud. PQ-193-son qaror chiqquniga qadar biz barcha soliqlarni Soliq kodeksida belgilangan toʻliq miqdorda toʻlaganmiz. Endi esa men ularni 50 foiz miqdorida toʻlash huquqiga ega boʻlaman. Faqat men qaysi soliqlarni 50 foiz miqdorida toʻlashim mumkinligi hozircha noaniq. Ushbu savolga javobni keyingi normativ-huquqiy hujjatlarda olamiz.

Oʻylaymanki, PQ-193-son qarorda nazarda tutilgan ragʻbatlantirishlar quyidagilarga taalluqli boʻlmasligi kerak:

  • bilvosita soliqlar (QQS, aksiz soligʻi);
  • soliq toʻlovchi soliq agenti sifatida hisoblab chiqaradigan va toʻlaydigan soliqlar (JShDS, ijtimoiy soliq).

Bundan tashqari, 24.05.2024 yildagi PQ-193-son qarorda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilash lozim. Ikkita variantning ehtimoli katta. Birinchisi: soliq toʻlovchi soliqni toʻliq miqdorda hisoblab chiqarishi va toʻlashi kerak, soʻngra davlat qarorda belgilangan me’yorlar ostiga tushadigan qismini unga qaytaradi. Ikkinchi variant ancha qulay koʻrinadi: soliq toʻlovchi PQ-193-son qaror me’yorlarini hisobga olgan holda soliqni hisoblab chiqaradi va darhol toʻlaydi.

 

EHF va NKMda imtiyozni qanday qoʻllash kerak va preferensiyalar deganda nima tushuniladi?

Irodaхon ABBOSXONOVA:

24.05.2024 yildagi PQ-193-son qaror me’yori talay savollar tugʻdiradi, unga asosan agar reyting:

  • pasaysa – imtiyozlar 3 oy davomida amal qiladi;
  • yuqorilasa – imtiyozlar keyingi oydan amal qiladi.

Soliq toʻlovchiga QQS va foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz beriladigan va ushbu me’yorni qanday qoʻllash mutlaqo tushunarsiz vaziyatlarga ikkita misol keltiramiz:

1. Kompaniyaga QQS boʻyicha imtiyoz berilgan. Kompaniyaning reytingdagi “VVV” bahosiga asosan imtiyoz 70 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

Mazkur holatda EHF yoki NKM chekida QQS boʻyicha imtiyozni 70 foizga, 30 foizga esa QQSni aks ettirish lozimmi?

2. Kompaniyaga foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz berilgan. Kompaniyaning reytingi:

  • aprelda – “AA”, imtiyoz 90 foiz miqdorida qoʻllaniladi,
  • mayda – “BBB”, 70 foiz,
  • iyunda – “AAA”, 100 foiz.

Ushbu vaziyatda foyda soligʻi boʻyicha soliq davri kalendar yil ekanligini hisobga olgan holda, ikkinchi chorakda imtiyozni qanday miqdorda qoʻllash lozim?

Shuningdek, “preferensiyalar” deganda nimani tushunish lozimligini tushuntirish ham maqsadga muvofiqdir. Xususan, hukumat tomonidan muayyan yoʻnalishlar yoki sohalar uchun alohida yengilliklarni nazarda tutuvchi turli hujjatlar qabul qilinmoqda. Masalan, bank sohasida pasaytirilgan foiz stavkalari boʻyicha “imtiyozli” kreditlar ajratish, ijara munosabatlari sohasida – foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati va hokazo. Ularni preferensiyalar deb hisoblash lozimmi?

 

 

Oleg GAYeVOY tayyorladi

 

 


Imtiyozlar Imtiyozlar Imtiyozlar /oz/publish/doc/text200175_barqarorlik_reytingidagi_baho_imtiezlar_preferenciyalar_va_subsidiyalar_taqdim_etilishiga_qanday_tasir_qiladi