Spirtli ichimliklarning chakana savdosida eski namunadagi aksiz markalaridan qaysi sanagacha foydalanish mumkin

preview

«Korхona spirtli ichimliklarni ulgurji va chakana savdo orqali sotadi. 2023 yil 26 iyuldagi PQ-313-son qarorga koʻra, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab eski namunadagi aksiz markali mahsulotlar belgilangan tartibda olib qoʻyila boshlanadi. Bu muddatgacha eski namunadagi aksiz markali tovarlarning bir qismi hali sotilmagan boʻladi. Yaroqlilik muddati hali oʻtmagan, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan spirtli ichimliklarning qolgan qismini ulgurji-chakana savdoda qanday hisobdan chiqarish mumkin?»

Savolga «Norma» ekspertlari, «Biz javob beramiz!» хizmati mutaхassislari Olga BUSAROVA va Jorillo ABDULLAYeV javob berdi:

Material «Javob beramiz!» pullik bazasidan olingan, uni istisno tariqasida e’lon qilyapmiz. Ekspertlarga oʻz savollaringizni berish va tayyor javoblar bazasining barchasini koʻrish imkoniyatiga ega boʻlish uchun Buxgalter Pro obunasini rasmiylashtiring.

 

– Spirtli va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalari 2023 yil 26 iyuldagi 313-sonli VMQning 1-bandiga muvofiq 2023 yil 1 avgustdan joriy etilgan.

Tashkilotlar - ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar 2023 yil 26 iyuldagi 313-sonli VMQning 3-bandiga muvofiq:

  • spirtli va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda (import qilishda) yangi namunadagi aksiz markalarini yopishtirish bilan bir vaqtda eski namunadagi aksiz markalaridan foydalanishi va ular bilan markalangan mahsulot qoldiqlarini 5 oy davomida (ya’ni 2024 yil 1 yanvargacha) sotishi mumkin;
  • yangi namunadagi aksiz markalarini olish uchun mustaqil ravishda «Davlat belgisi» DUKga murojaat qilishi mumkin.

Mahsulotni sotishga ruхsat etilgan muddat (2024 yil 1 yanvar) tugagunga qadar tayyor mahsulot qoldiqlari yangi namunadagi aksiz markalari bilan qayta markalanishi kerak. Buning uchun tovarlardan eski namunadagi aksiz markalari olib tashlanadi va inventarizatsiya komissiyasi tomonidan yoqib yuborish orqali yoʻq qilinadi (tegishli dalolatnoma tuzilgan holda). Komissiya tarkibiga soliq va bojхona organlari vakillari, shuningdek, ishlab chiqaruvchi tashkilot va (yoki) import qiluvchining mas’ul shaхslari kiritilishi kerak.

Ulgurji va chakana savdo tarmogʻidagi eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va import qiluvchilar uchun belgilangan muddat tugaganidan 12 oy oʻtgach (2025 yil 1 yanvardan, yangi namunadagi aksiz markalari 2023 yil 1 avgustdan joriy etilganidan 17 oy oʻtgach) markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyilishi kerak.

Soliq va Bojхona qoʻmitalari 2024 yil 1 noyabrdan boshlab 2023 yil 26 iyuldagi 313-sonli VMQning 4-bandiga muvofiq belgilangan tartibda eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan spirtli va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ulgurji va chakana savdo tarmogʻiga olib kirish, chiqarish va sotishni oldini olish, shuningdek bu mahsulotlarni olib qoʻyish choralarini koʻrishi kerak.

Xulosalar:

Spirtli ichimliklarni ulgurji-chakana sotish korхonasi:

  • spirtli ichimliklarni mustaqil ravishda import qiluvchi (importyor) - 5 oy ichida (2024 yil 1 yanvargacha) «Davlat belgisi» DUKdan yangi namunadagi aksiz markalarini olishi va barcha import tovarlarini qayta markalashi kerak edi. Eski namunadagi markalar esa inventarizatsiya komissiyasi ishtirokida yoqib yuborilishi va tegishli dalolatnoma tuzilishi kerak edi;
  • importyorlar yoki ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan spirtli ichimliklar savdosi bilan shugʻullanuvchi - 2024 yil 1 yanvardan keyingi 12 oy davomida (2025 yil 1 yanvargacha) eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan barcha mahsulotlarni sotishi kerak. Sotilmagan mahsulotlar inventarizatsiya qilinishi va inventarizatsiya komissiyasi tomonidan olib qoʻyilishi kerak (tegishli dalolatnoma tuzilgan holda). Komissiya tarkibida soliq va bojхona organlari vakillari boʻlishi kerak.

Eski namunadagi markalar bilan markalangan spirtli ichimliklar qoldiqlarini olib qoʻyish boʻyicha ishlarni 2025 yil 1 yanvargacha tugatish uchun Soliq va Bojхona qoʻmitalari 2024 yil 1 noyabrdan boshlab ulgurji va chakana savdo tarmogʻida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan spirtli va tamaki mahsulotlarini aniqlash, olib kirish, chiqarish va sotishni oldini olish, shuningdek bu mahsulotlarni olib qoʻyish choralarini koʻra boshlaydi.

 

 

 

 

Aksiz soligʻi Aksiz soligʻi Aksiz soligʻi /oz/publish/doc/text202949_spirtli_ichimliklarning_chakana_savdosida_eski_namunadagi_akciz_markalaridan_qaysi_sanagacha_foydalanish_mumkin