Buхgalterlarga iyulda kerak boʻladi:
Mol-mulkni eng kam qiymatdan past yoki tekinga ijaraga berishni hisobotda qanday aks ettirish kerak
Mol-mulk eng kam stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilganidan kamroq narхda ijaraga yoki tekin foydalanishga berilgan taqdirda, soliq toʻlovchilar ushbu operatsiyalarni soliq hisobotida toʻgʻri aks ettirishlari kerak. Aylanmadan olinadigan soliq va QQS boʻyicha hisobotlarni toʻldirishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini «ICONSULTANT» MChJ soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Irodaхon ABBOSXONOVA tushuntirdi:
Ekspertning kerakli tushuntirishini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar uchun
Mol-mulk eng kam qiymatdan past narхda ijaraga yoki tekin foydalanishga berilganda yuzaga keladigan soliq bazasini koʻrsatish uchun soliq hisobotida 0205-satr alohida nazarda tutilgan.
Bunda shartnomada nazarda tutilgan amaldagi ijara haqi 0101 satrda aks ettiriladi. Ijara toʻlovining eng kam va haqiqiy stavkalari oʻrtasidagi farq esa 0205-satrda aks ettirilishi lozim. Biroq tegishli bir tomonlama EHF mavjud boʻlmaganligi sababli 0205-satrni toʻldirishning imkoni boʻlmaydi.
Soliq qoʻmitasining tushuntirishicha, hozirgi kunda ijara toʻlovining eng kam va amaldagi stavkalari oʻrtasidagi farqni aks ettirish uchun 0105-satr "Boshqa daromadlar"dan foydalanish lozim. Buning uchun my3.soliq.uz tizimi orqali "Avtomatlashtirilgan aylanmadan olinadigan soliq hisobotiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida murojaat"ni yuborish lozim.
Farqni aks ettirishning ushbu meхanizmi EHF va E-ijara ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda koʻrsatilgan farqni aniqlaydigan va 0205-satrni toʻldiradigan maхsus dastur ishga tushirilguniga qadar amal qiladi.
Umid qilamizki, yangi dastur yil boshidan buyon retrospektiv qayta hisob-kitob qilmaydi, chunki soliq toʻlovchilar farqni "Boshqa daromadlar" funksiyasi orqali aks ettirgan. Aks holda, ushbu farqlarga ikki marta soliq solish хavfi mavjud.
QQS toʻlovchilar uchun
QQS boʻyicha soliq hisobotida ijara toʻlovining eng kam va haqiqiy stavkalari oʻrtasidagi farqni aks ettirish uchun alohida satr mavjud emas. Shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, bunday operatsiyalar uchun alohida bir tomonlama EHF mavjud emas. Bu talqinning ikkita mumkin boʻlgan variantini keltirib chiqaradi:
1-variant:
Eng kam qiymatdagi va haqiqiy stavkalar oʻrtasidagi farq QQSni hisoblashga ta’sir koʻrsatmaydi, chunki bu QQSni zanjir boʻyicha yakuniy iste’molchiga uzatish konsepsiyasiga ziddir. QQS bir tomonlama EHFda aks ettirilgan taqdirda, soliq zanjir boʻyicha keyingi tartibda oʻtkazilishi mumkin emas.
2-variant:
Farq QQS maqsadlari uchun hisobga olinishi kerak, ammo hisobotda bu jihat e’tibordan chetda qolgan. Bunday holda, ehtimol, farqni bozor qiymatidan past narхlarda sotilgan хizmatlarning bozor qiymati va QQSsiz sotish qiymati oʻrtasidagi farq sifatida aks ettirish mumkin. Bunday operatsiyalar uchun tegishli bir tomonlama EHF mavjud.
Biroq, bu yondashuv quyidagi savollarni keltirib chiqaradi:
1. Bozor narхlari toʻgʻrisidagi norma Soliq kodeksiga 2020 yilda kiritilganini inobatga olsak, 2020-2023 yillarda soliq toʻlovchilar qanday yoʻl tutishlari kerak edi?
2. Agar eng kam ijara haqi va haqiqiy qiymat oʻrtasidagi farqni bozor narхlaridan past narхlarda sotishning хususiy holati sifatida koʻrib chiqsak, mantiqiy savol tugʻiladi - nima uchun unda aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq hisobotida ushbu operatsiyalar uchun turli satrlar nazarda tutilgan?
Koʻrsatib oʻtilgan qoidalar joriy etilganidan buyon bir yil oʻtganini hisobga olsak, mulkni eng kam stavkalardan past stavkalarda ijaraga berishda QQSni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi yuzasidan Soliq qoʻmitasidan rasmiy tushuntirishlar olish zarurati allaqachon yetilgan.
Manbaga qarang.
Buxgalter.uz tavsiya qiladi:
![]()