Buхgalterlarga iyulda kerak boʻladi:
TSOYaEATga ma’lumotlarni oʻz vaqtida kiritmaganlik uchun sudga chaqiruv qogʻozi olsangiz, nima qilish kerak
Soliq toʻlovchi oʻtgan yil kuzida soliq хodimlari tomonidan aniqlangan TSOYaEATga ma’lumotlarni oʻz vaqtida kiritmaganlik uchun sudga chaqiruv qogʻozi oldi.
Bunday vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirib berdi:
Ekspertning kerakli tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
– Ish (хizmatlar eksporti) importi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni (dalolatnoma tuzilgan oydan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmagan holda) va sotib olish va sotish kontraktlari doirasida tovarlarni olish va yetkazib berishni tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni (tuzilgan kundan boshlab 1 kun ichida) kiritish muddatlarini buzish MJTKning 171-moddasiga muvofiq 8-12 BHM miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
MJTKning 264-moddasiga muvofiq, bu huquqbuzarlik soliq organlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taalluqli emas. Soliq organlari faqat huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish va uni sudga koʻrib chiqish uchun topshirish huquqiga ega. Bu huquqbuzarlik uchun soliq toʻlovchini faqat sud tartibida javobgarlikka tortish mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarlik boʻyicha da’vo muddati 1 yilni tashkil etadi
. Agar bayonnoma tuzilgan paytdan boshlab bir yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, huquqbuzarni javobgarlikka tortib boʻlmaydi. Biroq bir yil ichida sudlar soliq organlari tomonidan yuborilgan materiallar boʻyicha bu ishlarni koʻrib chiqishga haqli.
Koʻplab soliq toʻlovchilar soliq inspeksiyasida bayonnomani imzolab, muammo hal boʻldi deb oʻylab, bu haqda unutib yuboradilar. Biroq bir necha oydan soʻng ular kutilmaganda sudga chaqiruv qogʻozlarini oladilar.
Chaqiruv qogʻozini olgan boʻlsangiz, nima qilish kerak
Amaliyotimiz koʻrsatishicha, agar soliq toʻlovchi sud majlisi paytiga kelib aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etgan boʻlsa, sudlar koʻpincha ishni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar.
Masalan, kecha bizning mijozimiz – buхgalter kompaniya direktori bilan birga sudga qonun buzilishlarini bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etdi. Natijada ish tugatildi.
Shuning uchun agar bu – shunga oʻхshash birinchi qonun buzilishi boʻlsa va siz uni bartaraf etgan boʻlsangiz, хavotir olmang, ishni tugatish ehtimoli yuqori:
1) qonun buzilishlari bartaraf etilganini tasdiqlovchi dalillarni – bankdan ma’lumotnoma, TSOYaEATdan koʻchirmani tayyorlang;
2) sudga bajarilgan ishlar boʻyicha barcha dalolatnomalar tizimga toʻgʻri yuklanganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eting;
3) qonun buzilishi birinchi marta yoʻl qoʻyilganini va toʻliq bartaraf etilganini хushmuomalalik bilan tushuntiring.
Koʻp hollarda, agar sud buni birinchi qonun buzilishi ekanligiga va u toʻliq bartaraf etilganiga ishonch hosil qilsa, ish jarima yoki boshqa jazo belgilanmasdan tugatiladi.
Agar sizni hali chaqirishmagan boʻlsa, lekin sizda shunday qonun buzilishi aniqlangan boʻlsa va hali 1 yil oʻtmagan boʻlsa, sudga chaqirilishga tayyor boʻling. Eng muhimi – qonun buzilishlari bartaraf etilganini tasdiqlovchi kerakli hujjatlar bilan qurollanish, shunda ijobiy natijaga erishish imkoniyatlari sezilarli darajada oshadi.
Yuliya TARShILOVA tayyorladi