Ipoteka boʻyicha avvalgi imtiyozlardan foydalanish mumkinmi

preview

E’tibor bering
Ushbu materialga tahririy tuzatish kiritilgan. Quyidagicha oʻqilishi lozim: «Ushbu dasturlar asosida ipoteka boʻyicha uy-joy sotib olganlar, shartli ravishda, bank bilan toʻliq hisob-kitob qilinguniga qadar imtiyozdan foydalanishlari mumkin».

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan ipoteka krediti boʻyicha toʻlov toʻlayotganlar uchun JShDS boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash shartlari oʻzgardi. 2020 yil 1 yanvarga qadar ipoteka krediti olganlar imtiyozni qanday qoʻllaydilar va kreditni qanday soʻndiradilar?

Ushbu vaziyatni buxgalter.uz portali muхbiri Oleg GAYeVOY va Yunusobod tuman DSI bosh soliq inspektori Nizomiddin SULTONOV muhokama qildilar.


Yangi qoidalar boʻyicha

2020 yil 1 yanvardan «Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjatga muvofiq 2007 yilgi SKda nazarda tutilgan soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar 2020 yil 1 aprelgacha amal qilgan. Apreldan boshlab hisob-kitob qilishda yangi qoidalar qoʻllanilishi lozim.

SKning ikkala tahririda ham mavjud normaga koʻra ipoteka krediti va u boʻyicha foizlarni soʻndirishga yoʻnaltirilgan soliq toʻlovchining ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi. Faqat ularni qoʻllash shartlari turlicha boʻladi.

2007 yilgi tahrirdagi SKning 179-moddasi 30-bandiga muvofiq ulardan quyidagilar foydalanishi mumkin boʻlgan:

  • yakka tartibdagi uy-joylar yoki koʻp qavatli uylar qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan kvartiralar sotib olishda yosh oilalar a’zolari;
  • qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha bank kreditlari hisobidan yakka tartibdagi uy-joylar quradigan qarzdor hamkorlar hisoblangan quruvchilar va ularning oila a’zolari.

SKning 378-moddasi 16-bandiga muvofiq quyidagi shartlarda yakka tartibdagi uy-joy yoki koʻp qavatli uydan kvartira olganlarning barchasi imtiyozdan foydalanishi mumkin:

  • qiymati 300 mln soʻmdan oshmasa;
  • dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjetdan ajratilgan subsidiyalarni hisobga olgan holda olingan boʻlsa.

 Yana bir muhim cheklov: imtiyozga ega boʻlgan barcha soliq toʻlovchilarga taqdim etilgan soliq solinadigan daromadlarni kamaytirish summasi bir yil mobaynida jami 15 mln soʻmdan oshmasligi lozim. Mazkur summa va shartnoma boʻyicha haqiqatda toʻlangan summa oʻrtasidagi farq miqdoriga umumiy asoslarda JShDS solinadi.   

Koʻrib turganimizdek, yangi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan ipoteka kreditini soʻndiruvchilar orasida ushbu imtiyozni yoʻqotganlar va imtiyozga ega boʻlganlar ham bor.


Barcha NHHlar ham Kodeksga muvofiqlashtirilmagan

«Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra ilgari qabul qilingan qonun hujjatlari, shu jumladan Prezident qarorlari 2020 yilgi tahrirdagi SKga muvofiqlashtirilishi lozim. Biroq ularning bir qismiga hanuzgacha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmagan. Ipoteka kreditlari muddatlarini belgilaydigan quyidagi dasturiy hujjatlar shular jumlasidandir, ular boʻyicha foizli shartlarda yuzlab oilalar uy-joy sotib olganlar:

  • Prezidentning 21.10.2016 yildagi «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida»gi PQ-2639-son qarori;
  • Prezidentning 22.11.2016 yildagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-2660-son qarori.

«Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq NHH oʻrtasida farq mavjud boʻlganda, yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan hujjat normasi qoʻllanilishi lozim. Mazkur holatda bunday hujjat Soliq kodeksidir. SK – bu qonun hujjati, Prezident qarori qonunosti hujjati hisoblanadi.

Biroq «Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonunning 4-moddasi uchinchi qismida qayd etilishicha, 2020 yil 1 yanvargacha qabul qilingan qonun hujjatlari, shu jumladan Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.

E’tibor bering
Ekspertlarning fikricha, ushbu dasturlar asosida ipoteka boʻyicha uy-joy sotib olganlar, shartli ravishda, bank bilan toʻliq hisob-kitob qilinguniga qadar imtiyozdan foydalanishlari mumkin. Vaziyat qonun chiqaruvchi organlar tomonidan e’tibor qaratilishini va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tuzatishlar kiritilishini taqozo etmoqda.

Imtiyoz qanday qoʻllaniladi

Soliq toʻlovchida imtiyozlardan foydalanish uchun ikkita variant mavjud.

1-variant: ish beruvchiga ariza topshirish, bunda bank bilan ipoteka krediti boʻyicha hisob-kitoblar ish beruvchi – soliq agenti tomonidan olib boriladi.

2-variant:  imtiyozni mustaqil qoʻllash – har yilgi jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish orqali.

Hammasi oddiy, biroq amaliyotda buхgalterda va soliq inspektorida koʻpgina savollar paydo boʻladi. Ayniqsa – ipoteka kreditini soʻndirishga hissa kiritayotgan qarzdor hamkorlar boʻlganda savollar tugʻilishi tabiiy.

1. Har bir qarzdor hamkorning ipoteka kreditini soʻndirishga hissasini qanday aniqlash va tasdiqlash mumkin?

2. Har bir qarzdor hamkorga nisbatan JShDS solinishi lozim boʻlmagan summa hisob-kitobining toʻgʻriligini tasdiqlovchi qaysi shakldagi va qanday hujjatlar hisob-kitoblarga (deklaratsiyaga) ilova qilinishi lozim?

  1. Hisob-kitoblarni amalga oshirish va imtiyozni qoʻllash uchun asos boʻladigan hujjatlar qanday qoidalar boʻyicha talab qilib olinadi  va jamlanadi?

Barcha savollarga vakolatli organlar tomonidan javoblar Adliya vazirligida majburiy tartibda roʻyхatdan oʻtkaziladigan hujjatda berilishi lozim.

JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq /oz/publish/doc/text159852_ipoteka_buyicha_avvalgi_imtiezlardan_foydalanish_mumkinmi