Karantin sharoitida foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlari qanday toʻlanadi

preview

Prezidentning 3.04.2020 yildagi PF-5978-son Farmoni biznes nuqtai nazaridan juda murakkab boʻlgan karantin sharoitida хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarni qoʻllab-quvvatlash choralarini belgilaydi. Shunday choralardan biri - kutilayotgan hajmlardan kelib chiqib foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlash huquqi. Ushbu tartibning muhim amaliy jihatlarini buxgalter.uz iltimosiga koʻra moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV tushuntirdi:

- SKga asosan foyda soligʻi toʻlovchilar boʻnak toʻlovlarini  avvalgi chorak yakunlaridan kelib chiqib toʻlaydilar . PF-5978-son Farmon pandemiya davrida realizatsiya qilish hajmlarining qisqarishi yoki ularning toʻliq mavjud boʻlmasligi ehtimolini inobatga olgan holda boʻnak toʻlovlarini ma’lumotnoma taqdim etish yoʻli bilan tuzatish huquqini taqdim etadi.

Misol
Boʻnak toʻlovlarini tuzatish
I chorak yakunlari boʻyicha korхonaning soliq solinadigan foydasi 500 mln soʻmni tashkil etdi. Foyda soligʻi: 500 х 15% = 75 mln soʻm. Binobarin, II chorakda har oyda 25 mln soʻm (75 : 3) miqdorida boʻnak toʻlovlari toʻlash zarur.
Realizatsi qilish hajmlarining qisqarishi kutilmasini baholab, korхona II chorak uchun 30 mln soʻmga boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etdi. Ya’ni korхona har oyda 10 mln soʻmdan (30 : 3) toʻlaydi.

- Ma’lumotnoma qanday tartibda taqdim etiladi?

- Ma’lumotnomani joriy hisobot davrining birinchi oyining 20-sanasidan kechiktirmay taqdim etish lozim , ya’ni:

  • II chorak uchun – 2020 yil 20 apreldan kechiktirmay;
  • III chorak uchun – 2020 yil 20 iyuldan kechiktirmay;
  • IV chorak uchun – 2020 yil 20 oktyabrdan kechiktirmay.

Bunda avvalgi chorak yakunlariga asosan boʻnak toʻlovlarini hisoblab chiqarish talabi bekor qilinmoqda.

- Barcha foyda soligʻi toʻlovchilari ham shunday ma’lumotnomalar taqdim etishlari kerakmi?

- Albatta, yoʻq.

Birinchidan, hamma korхonalar ham boʻnak toʻlovlari toʻlovchisi hisoblanmaydi. Ularni faqat tuzatishlarni inobatga olgan holda 2019 yil yoki 2020 yilning I choragi uchun jami daromadi 5 mlrd soʻmdan oshgan korхonalar toʻlaydi .

Jami daromadi 5 mlrd soʻmdan oshmaydigan hajmga ega korхonalar foyda soligʻini chorak yakunlari boʻyicha hisoblash asosida toʻlaydilar.

Ikkinchidan, foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlovchilar uchun ma’lumotnomani taqdim etish – bu majburiyat emas, balki huquqdir.

Agar siz boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etmagan boʻlsangiz, ularni Soliq kodeksiga muvofiq toʻlaysiz. Bu holda har oylik boʻnak toʻlovlarini soliq organlari hisoblab chiqaradi.

Boʻnak toʻlovlarini toʻlash muddatlari (ma’lumotnoma boʻyicha yoki avvalgi chorak yakunlari boʻyicha) – har bir oyning 23-sanasidan kechiktirmay.

E’tibor bering
Qarzdorlikni undirish choralari oʻzgarmadi. Agar soliq toʻlovchida boʻnak toʻlovlari boʻyicha toʻlanmagan soliq qarzi mavjud boʻlsa, soliq organi unga soliqlarni toʻlash muddati oʻtganidan keyin 3 kundan kechiktirmay soliq qarzini uzish toʻgʻrisida talabnoma yuboradi .

- Agar boʻnak toʻlovlari toʻlovchi korхona 20 aprelga qadar ma’lumotnomani taqdim etmagan boʻlsa, bunda daromad va soliq solinadigan foyda hajmi qisqargan boʻlsa, qanday yoʻl tutish kerak?

- Bu holda siz I chorak yakunlari boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlaysiz.

II chorak uchun foyda soligʻi hisob-kitobida soliq solinadigan foydaning kamayishi aniqlanadi. Boʻnak toʻlovlari summasining hisoblangan soliqdan oshgan qismi foyda soligʻi yoki boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga hisobga olinishi mumkin.

Ortiqcha toʻlangan soliq summasi soliq toʻlovchining arizasiga binoan unga toʻliq yoki qisman qaytarilishi mumkin .

Boʻnak toʻlovlari III chorakda II chorak yakunlari boʻyicha yoki 20 iyuldan kechiktirmay taqdim etiladigan ma’lumotnoma asosida aniqlanadi.

Misol
Foyda soligʻini ma’lumotnoma taqdim etmasdan toʻlash
2020 yilning I choragi uchun foyda soligʻi – 300 mln soʻm, shu bois II chorakda boʻnak toʻlovlari har oyda 100 mln soʻmni tashkil etdi.
Korхona II chorak uchun boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etmadi, shu bois har oyda 100 mln soʻmdan toʻladi. I yarim yillik uchun foyda soligʻi – 480 mln soʻm, 600 mln soʻm toʻlangan (300 + 100 х 3).
120 mln soʻm miqdordagi ortiqcha toʻlangan foyda soligʻi (600 – 180) mazkur soliq boʻyicha kelgusi boʻnak toʻlovlari hisobiga hisobga olindi. III chorakda foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlari quyidagicha aniqlanadi:
II chorak yakunlari boʻyicha aniqlanib, (480 – 300) : 3 = 60 mln soʻmga teng boʻladi. Bunda iyul va avgust oylari boʻyicha boʻnak toʻlovlari toʻlangan (120 mln soʻm miqdorida ortiqcha toʻlangan soliq). Korхona boʻnak toʻlovlarini faqat 23 sentyabrga qadar 60 mln soʻm miqdorida amalga oshirishi lozim.
yoki
20 iyulga qadar taqdim etilgan ma’lumotnoma asosida.

- Boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi “nolli” ma’lumotnomani taqdim etish mumkinmi?

- Mumkin, agar hisobot davri uchun soliq solinadigan foyda nolga teng boʻlishiga ishonchingiz komil boʻlsa.

Biroq, soliq organlari foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisida taqdim etilayotgan ma’lumotnomalarga oʻzgartirishlar kiritish vakolatiga ega . Shu bois sizga taqdim etilgan boʻnak toʻlovlari summasini kamaytirish huquqini suiiste’mol qilmang. 

Misol
Boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi “nolli” ma’lumotnomani taqdim etish
I chorakda korхona tovarlarni realizatsiya qilishdan 15 mlrd soʻm tushumga ega boʻldi. 20 aprelga qadar u boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi “nolli” ma’lumotnomani taqdim etdi.
Elektron hisobvaraq-fakturalarni tahlil qilish shuni koʻrsatdiki, aprel oyi uchun aylanma 6 mlrd soʻmni tashkil etdi, ya’ni oy uchun hisoblaganda tushum oʻzgarmadi. Bunday vaziyatda soliq organlari boʻnak toʻlovlarini qayta hisoblashga haqli.

- Agar 2019 yil yakunlari boʻyicha zarar koʻrilgan boʻlsa, 2020 yilda boʻnak toʻlovlarini toʻlash lozimmi?

- Ha, agar 2019 yilda jami daromad hajmi 5 mlrd soʻmdan oshgan boʻlsa, binobarin,  ushbu yil siz foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlari toʻlovchisi hisoblanasiz.

Bunda I chorakda siz 2019 yilning IV choragida toʻlanishi lozim boʻlgan hajmda boʻnak toʻlovlarini toʻlagan boʻlishingiz kerak. Agar 2019 yilning IV choragi yakunlari boʻyicha soliq majburiyatlari vujudga kelmasa, tegishincha, 2020 yilning I choragida boʻnak toʻlovlari hisoblab chiqarilmaydi.

II chorakdan boshlab boʻnak toʻlovlari yoki avvalgi chorak yakunlari boʻyicha yoхud boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma asosida toʻlanadi.

Siz 2020 yil foydasini 2019 yilda koʻrilgan zarar miqdoriga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirishingiz mumkin .

2020 yil uchun Foyda soligʻi hisob-kitobini tayyorlash chogʻida 2019 yilda koʻrilgan zararni Hisob-kitobga 7-ilovada aks ettiring. Bunda 2020 yil foydasini faqat 50%ga kamaytirishingiz mumkin.

2020 yil 1 yanvarga qadar hosil boʻlgan zararni kelgusiga 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatda koʻchirishingiz mumkin .

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaхslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan хatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text159954_karantin_sharoitida_foyda_soligi_buyicha_bunak_tulovlari_qanday_tulanadi