9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Amaliyotda buxgalterlar qanday qilib qonun hujjatlarini buzmasdan ilgari yozib berilgan elektron hisobvaraq-fakturadagi xatolarni tuzatish yoki unga qoʻshimcha kiritish mumkin, degan savollarga koʻp toʻqnash keladilar. Qoʻshimcha va tuzatilgan hisobvaraq-faktura – birgina shaklmi yoki ular turlichami? Vuxgalter.uz eksperti, amaliyotchi bosh buxgalter Tatyana LIMAREVA oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
– Shu oʻrinda 2020 yil 14 avgustda 489-son VMQ e’lon qilinganini qayd etib oʻtamiz, u bilan Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizomning 5-bobida aynan qoʻshimcha va tuzatilgan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishning oʻziga xos xususiyatlari haqida soʻz borgan.
Realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) qiymati oʻzgarganda, shu jumladan – yetkazib berilgan tovarlar yoki koʻrsatilgan xizmatlarning narxi oʻzgargan yoki soniga (hajmiga) aniqlik kiritilgan hollarda sotuvchi xaridorga qoʻshimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart
.
Shu tariqa, SK va 489-son Nizomda hisobvaraq-fakturalarning ikkita turi nazarda tutilgan, ular yordamida soliq toʻlovchi tuzatishlar kiritishi mumkin:
I. Qoʻshimcha hisobvaraq-faktura quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi
:
1) tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
2) koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda;
3) bitim shartlari oʻzgarganda, shu jumladan, joʻnatilgan tovarlarning, koʻrsatilgan xizmatlarning narxi va (yoki) soni (hajmi) oʻzgarganda;
4) tovarlarni (xizmatlarni) sotuvchi tomonidan chegirmalar berilganda. Bunday tuzatish kiritish, agar siylovlar berish shartlari shartnoma shartlarida yoki soliq toʻlovchining narx (tarif) siyosatida nazarda tutilgan boʻlsa, ilgari amalga oshirilgan tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha soliq bazasini kamaytiradi. Bunday shartlar tovarlar yetkazib berish (xizmatlar koʻrsatish) shartnomasining muayyan shartlari xaridor tomonidan bajarilishini, shu jumladan, tovarlarning (xizmatlarning) muayyan hajmini olishni va muddatidan oldin haq toʻlashni nazarda tutishi mumkin.
Qoʻshimcha hisobvaraq-fakturani bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha esa – kafolat muddati doirasida rasmiylashtirish mumkin.
Qoʻshimcha hisobvaraq-faktura quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim
:
- hisobvaraq-faktura qoʻshimcha ekanligi toʻgʻrisida belgi;
- qoʻshimcha hisobvaraq-fakturaning tartib raqami va yozib berilgan sanasi;
- tuzatish kiritilayotgan hisobvaraq-fakturaning raqami va sanasi;
- narxlarga tuzatish kiritish miqdori (ijobiy yoki salbiy), yetkazib berishning QQSni hisobga olmagan holdagi qiymati;
- QQS summasiga tuzatish kiritish miqdori (ijobiy yoki salbiy).
II. Tuzatilgan hisobvaraq-faktura quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi
:
- xatolarni tuzatish natijasida soliq bazasi oʻzgargan taqdirda;
- ilgari yozib berilgan hisobvaraq-fakturaga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish zarur boʻlganda. Masalan, xaridorning rekvizitlarida AJning oʻzini emas, balki AJ boʻlinmasini koʻrsatganlar. Bu holda ilgari yozib berilgan hisobvaraq-faktura bekor qilinib, oʻrniga tuzatilgan hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladi.
Tuzatilgan hisobvaraq-faktura SK 88-moddasiga asosan da’vo qilish muddatlari davomida rasmiylashtiriladi
.
Tuzatilgan hisobvaraq-faktura quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
- hisobvaraq-faktura tuzatilgan ekanligi toʻgʻrisida belgi;
- tuzatilgan hisobvaraq-faktura tartib raqami va sanasi.
Bunda tuzatilgan hisobvaraq-fakturaning raqami va sanasi tuzatish kiritilayotgan ilgari rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturaning raqami va sanasi bilan bir xil boʻladi.
Tuzatilgan hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirayotganda yana nimalarni hisobga olish lozim?
1) tuzatilgan hisobvaraq-faktura soliq hisoboti taqdim etilgan hisobot davri uchun rasmiylashtirilayotgan boʻlsa va soliq bazasining oʻzgarishiga olib kelsa, yetkazib beruvchi ushbu davr uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi zarur
;
2) oʻz navbatida QQS toʻlovchi xaridor yetkazib beruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan qoʻshimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-faktura asosida ilgari oʻzi hisobga olgan QQS summasiga tegishli tarzda tuzatish kiritishi kerak
.
Tuzatilgan hisobvaraq-fakturani EHF tizimida qanday qilib toʻgʻri rasmiylashtirish mumkin?
Faoliyat yuritayotgan EHA operatorlaridan birining tizimida ishlash misolida buni qanday amalga oshirish kerakligini bosqichma-bosqich koʻrib chiqamiz:
- «Tuzatilgan hisobvaraq-faktura» hujjat shaklini tanlang.
- Tuzatilayotgan – ilgari rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura raqami va sanasi bilan bir xil boʻlgan hisobvaraq-faktura sanasi va raqamini koʻrsating.
- Eski hisobvaraq-fakturaning ID-raqamini koʻrsating. Bu – ilgari siz joʻnatgan, ayni paytda oʻzingiz tuzatish kiritayotgan hisobvaraq-fakturaga EHF tizimi tomonidan berilgan raqam. Uni siz rasmiylashtirayotgan tuzatilgan hisobvaraq-fakturadan chiqmay turib koʻrsatish uchun parallel ravishda my.soliq.uz portalidagi EHF tizimiga kiring va ilgari joʻnatilgan, oʻzingiz oʻzgartirish kiritayotgan hisobvaraq-fakturadagi ushbu ID-raqamni koʻchirib oling. EHF tizimi uning yuqoridagi chap burchagida EHFning ID-raqamini koʻrsatadi (misol uchun: «ID: 5f1545a793c55e00014c8b8e»).
- Tuzatilgan hisobvaraq-fakturaning zarur koʻrsatkichlarini kiriting. Aslida eskisi oʻrniga yangi hisobvaraq-fakturani toʻldirish kerak.
- «Saqlash va joʻnatish» tugmachasini bosing. Tuzatilgan hisobvaraq-fakturangiz muvaffaqiyatli joʻnatilib, my.soliq.uz portalidagi EHF tizimida hisobvaraq-fakturaning yuqoridagi chap burchagida ««___» _______ 2020 yildagi __-son EHFga tuzatish kiritilgan nusxasi» belgisi bilan aks ettiriladi;
- QQS boʻyicha soliq bazasi oʻzgarishiga olib kelgan tuzatishlar kiritilgan boʻlsa, tegishli davr uchun QQS boʻyicha qayta hisob-kitobni topshirishingiz lozim. Kontragentingiz ham SK 257-moddasi va SK 269-moddasi normalariga amal qilgan holda QQS boʻyicha hisobga olingan summa qismida qayta hisob-kitobni topshirishiga toʻgʻri keladi.
Masalan, may oyida yozib berilgan xato EHFga tuzatish kiritadigan tuzatuvchi hisobvaraq-faktura avgust oyida rasmiylashtirilgan. Bu holda 2020 yil may, iyun va iyul oylari uchun QQS hisob-kitobini qayta topshirish lozim. - EHF tizimi ilgari yozib berilgan xato EHFni avtomatik ravishda bekor qiladi.
![]()