9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Shtatdan tashqari xodimni mehnat shartnomasi boʻyicha qabul qilish mumkinmi yoki u faqat FHX shartnoma boʻyicha ishlashi kerakmi? Mehnat huquqi boʻyicha “Norma” eksperti Lenara XIKMATOVA shtatda boʻlmagan shaxslarni rasmiylashtirishning oʻziga xos jihatlarini buxgalter.uz uchun maxsus tushuntirdi:
- Mazkur savolga javob berish uchun mehnat shartnomasi va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma oʻrtasidagi farqni tushunib olish zarur.
Mehnat shartnomasi - xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim boʻyicha haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir. Bunda ijrochi taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan ichki mehnat tartibiga boʻysunishi shart. Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari boʻlib hisoblanadilar
.
Shaxs shtatga kiritilganidan e’tiboran, aynan – u bilan mehnat shartnomasi tuzilgandan, ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan, ishga qoʻyilgandan keyin tashkilot xodimiga aylanadi. Binobarin, shtatdagi xodimlar deganda tashkilot mehnat shartnomasi tuzgan xodimlar tushuniladi
.
“Shtatdan tashqari xodim” tushunchasi qonunchilikda mavjud emas. Amaliyotda bunday shaxslarni muayyan ishni bajarish yoki muayyan xizmatlar koʻrsatish uchun yollashadi. Shu bois ular bilan mehnat shartnomasi emas, balki fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma (pudrat, xizmat koʻrsatish va h.k.) tuziladi.
Fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma (FHSh) – bu ikkita yoki bir nechta shaxslarning fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini oʻrnatish, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuvidir. FHSh:
- jismoniy shaxslar oʻrtasida;
- yuridik shaxslar oʻrtasida;
- jismoniy shaxs (shaxslar) va yuridik shaxs (shaxslar) oʻrtasida tuziladi.
FHSh Fuqarolik kodeksiga muvofiq tuziladi, uning shartlari amaldagi fuqarolik qonunchiligiga zid boʻlmasligi kerak.
Mehnat shartnomasi FHShdan nima bilan farq qiladi
Mehnat shartnomasining asosiy farq qiladigan belgisi – ishga muayyan lavozim yoki kasb (shtat jadvaliga muvofiq) boʻyicha qabul qilish. Ya’ni mehnat shartnomasining xususiyati shundan iboratki, xodim:
- mehnat jamoasi tarkibiga kiritiladi, unga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va korxonada oʻrnatilgan mehnat sharoitlari tatbiq etiladi;
- mehnat funksiyasini shaxsan oʻzi, oʻzining mehnati bilan amalga oshiradi, sababi yuzaga keladigan munosabatlar aynan uning muayyan mehnat faoliyati turiga qobiliyatini qoʻllash bilan bogʻlangan;
- tashkilotda oʻrnatilgan ichki mehnat tartibi qoidalariga, mehnat rejimiga, uning ishiga taalluqli ish beruvchining koʻrsatmalariga va h.k.ga boʻysunishi shart. Xodim ma’muriyatning mehnat shartnomasida aytib oʻtilgan mutaxassislik boʻyicha topshiriqlarini bajarishi shart. Masalan, buxgalter oʻzining faoliyati sohasi boʻyicha har qanday operatsiyani amalga oshiradi.
Fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma asosida ishlaydigan shaxs shtatda turmaydi, ichki tartibga boʻysunmaydi va mehnat jamoasi a’zosi hisoblanmaydi. Unga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash mumkin emas, unga ta’til, shu jumladan – ijtimoiy ta’til taqdim etilmaydi, “kasallik varaqasi” boʻyicha toʻlov amalga oshirilmaydi. Bundan tashqari, shtatdan tashqari xodimga mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan kafolatlar tatbiq etilmaydi.
FHSh boʻyicha fuqaro faqat buyurtmachi tomonidan unga topshirilgan individual-aniq ishni bajaradi. Bajarilgan ish natijasiga haq toʻlanadi. Haqning miqdori va muddatlari kelishuvga koʻra belgilanadi.
Agar FHSh boʻyicha qabul qilingan fuqaro haqiqatda u ishni mehnat qonunchiligiga muvofiq bajarayapti deb hisoblasa, u har qanday vaqtda fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishi mumkin. Nizoni koʻrib chiqish chogʻida sud nafaqat shartnomaning nomi yoki matnini tahlil qiladi va baholaydi, balki mehnat shartnomasi belgilari mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa holatlarni ham oʻrganadi.
- Shtatdagi xodim bilan bir vaqtda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzish mumkinmi?
- Amaldagi qonunchilik mazkur tashkilotda mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan shaxslar bilan FHSh tuzishni taqiqlamaydi. Kompaniya shtatdagi xodim bilan muayyan ishni bajarish yoki muayyan xizmat koʻrsatish uchun fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma tuzishi mumkin. Taraflar oʻrtasida bir vaqtda mehnat va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalarning mavjudligi qonun buzilishi hisoblanmaydi. Misol: mehnat shartnomasi boʻyicha ishlaydigan korxona qorovuli bilan bino fasadini restavratsiya qilish boʻyicha ishlarni bajarish uchun FHSh tuzilgan.
Yana nimalar haqida bilish lozim!
Shtatdagi xodim bilan FHSh tuzayotganda mehnat qonunchiligi atamalaridan foydalanmang (“lavozim”, “ish haqi”, “ishga qabul qilish”, “ishdan boʻshatish”, “ish rejimi”). Shartnomaga mehnatga doir oʻzaro munosabatlar uchun xos boʻlgan shartlarni kiritmang. Va fuqarolik-huquqiy munosabatlar ortida mehnat munosabatlari yashirinmaganligini kuzatib boring.
Misol: katta boʻlmagan tashkilotning shtatdagi referenti 6 oy davomida fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma boʻyicha buxgalteriya hisobi xizmatlarini koʻrsatadi. Shtatda buxgalter shtat birligi nazarda tutilgan, biroq u vakant. Shaxs uzoq davr mobaynida haqiqatda shtatdagi xodim funksiyalarini bajarib kelayotganligi kelib chiqadi. Bu tekshiruvchi organlar tomonidan mehnat munosabatlari sifatida baholanishi mumkin.
Mazkur holatda eng maqbul variant – asosiy xodim shtatga qabul qilingunga qadar, referentga qoʻshimcha haq toʻlangan holda ichki qoʻshimcha
vazifani bajarishni rasmiylashtirish
.
![]()