Ichki auditorlar kimlar uchun zarur

preview

Ichki audit – korporativ boshqaruvning zamonaviy tizimida muhim funksiya, ayniqsa – yirik korxonalar, aksiyadorlik jamiyatlari va ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar uchun. U korxona faoliyatining barcha sohalarini chuqur oʻrganish, xatarni baholash va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar taklif etish imkonini beradi va shu  bilan biznes-jarayonlarni yaxshilashga koʻmaklashadi.

Oʻzbekistonda qanday korxonalar ichki audit xizmatiga ega boʻlishi shartligi va uning mutaxassislariga qoʻyiladigan talablar haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan “Norma” eksperti Oleg SOY gapirib berdi:

- Ichki audit xizmati:

  • aktivlarining balans qiymati 1 mlrd. soʻmdan koʻp boʻlgan korxonalarda;
  • aktivlarining balans qiymati BHMning 100 ming karrasidan koʻproq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida boʻlishi shart .

Ichki audit xizmati korxonaning kuzatuv kengashi tomonidan tashkil etiladi va uning xodimlari u tomondan tayinlanadi. Xizmat kuzatuv kengashiga hisobot beradi.

Ichki audit xizmati nima uchun kerak

Samarali ishlaydigan ichki audit xizmati birinchi navbatda korxonalarning oʻzi uchun foydali, sababi:

  • rahbariyat va tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini, ular tomonidan qonun hujjatlariga, ta’sis hujjatlariga va ichki hujjatlarga va xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning tartib-taomillariga rioya qilinishini nazorat qilish;
  • ma’lumotlarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda aks ettirilishining toʻliqliligi va ishonchliligi ta’minlanayotganligini, aktivlarning saqlanishini tekshirish;
  • ichki nazorat tizimi va korporativ boshqarish prinsiplariga rioya qilinishini baholash imkonini beradi.

Shu bois bunday xizmatga ega boʻlishi shart boʻlmagan korxonalar uni ixtiyoriy asosda tashkil etishlari yoki shtatida hech boʻlmaganda bitta ichki auditorga ega boʻlishi mumkin. Ichki auditorlar ishidan koʻriladigan foyda ularni saqlash xarajatlaridan ancha yuqori boʻladi.

Ichki auditorlar ishini tashkil etishning metodologik asoslari Korxonalardagi ichki audit xizmati toʻgʻrisida nizomda belgilangan.

Ichki auditorlar oʻz faoliyatida Xalqaro ichki auditorlar instituti (The IIA) tomonidan chiqariladigan Ichki auditning xalqaro professional standartlaridan ham foydalanishlari mumkin.

Ichki auditorlarga talablar

Ichki audit xizmati xodimlarining soni korxonaning kuzatuvchi kengashi tomonidan belgilanadi. U ichki audit maqsadlariga samarali erishish va vazifalarini hal etish uchun yetarli boʻlishi kerak.

Bunday xizmatning mavjud boʻlishi shart boʻlgan korxonalarda sertifikatlangan 2 nafardan kam boʻlmagan ichki auditor ishlashi shart.

Ichki audit xizmatiga ichki auditor sertifikatiga ega boʻlgan uning rahbari boshchilik qiladi.

Ichki audit xizmati xodimlari:

  • oxirgi oʻn yilning kamida 2 yilida buxgalteriya hisobi, audit, moliya yoki soliq nazorati sohasida amaliy, shu jumladan, oʻrindoshlik boʻyicha ish stajiga ega boʻlishi;
  • quyidagi talablardan bittasiga javob berishi kerak:

- auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlish;

- Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalarida yoxud xorijiy davlat ta’lim muassasasida olingan oliy iqtisodiy ma’lumotga ega boʻlish. Oxirgi holatda uning Oʻzbekistondagi ta’limga tengligi e’tirof etilgan boʻlishi kerak.

Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash 2361-son Nizomda belgilangan.

 

Buxgalter.uz tavsiya qiladi

Agar ichki audit xizmatini tashkil etish shart boʻlmasa, biroq siz kimdir korxona faoliyatini tahlil qilishini va biznes-jarayonlarni yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni taklif etishini xohlasangiz, malakali ichki auditorni ishga qabul qilish haqida oʻylang.

Ayniqsa bu oʻz korxonalarining kundalik faoliyatini oʻzlari boshqarmaydigan mulkdorlar uchun dolzarbdir.

Ichki auditorlar oldiga aniq vazifalar, muhim, biroq erishish mumkin boʻlgan maqsadlarni qoʻying. Va korxonaning ijro etuvchi organi ichki auditor tomonidan aniqlangan ogʻishlar va huquqbuzarliklarni bartaraf etishi, shuningdek tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflarni joriy etishga koʻmaklashishini kuzatib boring.

 

Audit Audit Audit /oz/publish/doc/text163415_ichki_auditorlar_kimlar_uchun_zarur