Mehnat jarohati sababli yetkazilgan zarar qanday toʻlanadi

preview

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida xodim mehnat jarohati oldi. Unga qanday toʻlovlar toʻlanishi lozim, yetkazilgan zarar uchun toʻlovni hisob-kitob qilish chogʻida ish haqining qanday turlarini hisobga olish zarur, mehnatga oid huquq masalalari boʻyicha «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVA maxsus buxgalter.uz uchun shu haqda tushuntirish berdi:


– Xodim mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida mehnat jarohati olgan boʻlsa, ish beruvchi unga yetkazilgan zararni, basharti jabrlanuvchining oʻz aybi bilan zarar yetkazilganligini isbotlab berolmasa, toʻliq hajmda toʻlashi shart .

Mehnat jarohati – ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida xodimning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki butunlay yoʻqotishi.

Ish beruvchi tomonidan sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish tadbirlari ta’minlanmaganligi (mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi qoidalari va shu kabilarga rioya qilmaslik) tufayli olingan mehnat jarohati uning aybi bilan sodir etilgan deb hisoblanadi .

Diqqat
Xodimning ish beruvchining hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib boʻlishi, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan vaqtda shikastlanishi natijasida sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar boʻladi.

Ish beruvchi zararni toʻlashni rad etganda, ushbu masala sud tomonidan hal qilinadi .

Xodimning qoʻpol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishiga sabab boʻlgan taqdirda, zararni toʻlash summasi uning aybdorligi darajasiga qarab, biroq 50%dan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirilishi mumkin . Jabrlanuvchining aybdorligi darajasi korxonaning kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi qarori bilan, mazkur masala boʻyicha nizo yuzaga kelganda esa sud tomonidan belgilanadi.


Yetkazilgan zarar uchun qanday toʻlovlar toʻlanadi

Mehnat jarohati natijasida xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun quyidagi toʻlovlar toʻlanadi :

  • u yoʻqotgan ish haqining (u olgan yoxud olishi aniq boʻlgan daromadlarning) har oylik toʻlovi;
  • sogʻligʻiga shikast yetishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarning kompensatsiyasi;
  • bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlovi.

Bundan tashqari, xodimga yetkazilgan ma’naviy zarar qoplanishi mumkin . Bunday qoplam shakli (pul yoki boshqa moddiy) va miqdori xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda (nizo kelib chiqqan taqdirda – sud tomonidan) belgilanadi.

Yoʻqotilgan ish haqi jabrlanuvchining mehnatda mayib boʻlishiga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik toʻlovlar tarzida qoplanadi .

Diqqat
Balogʻatga yetmagan xodimlarga yetkazilgan zarar umumiy tartibda toʻlanadi, biroq toʻlov miqdori BHMning 5 baravaridan kam boʻlmasligi kerak .

Mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasini tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) sogʻliqqa shikast yetkazilishi oqibatlariga qarab 5%dan 100%gacha boʻlgan chegarada belgilaydi .

Yoʻqotilgan ish haqi tarkibiga nimalar kiradi?

Xodimning soliqlar ushlab qolinmasdan oldin hisoblangan summalardagi yoʻqotilgan ish haqi tarkibiga quyidagilar kiritiladi :

  • ham asosiy ish joyidan, ham oʻrindoshlik boʻyicha ishlaydigan joyidan mehnat shartnomasi boʻyicha toʻlanadigan, JShDS solinadigan barcha turdagi mehnat haqi (shu jumladan ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish va bayram kunlaridagi ishlar hamda bir necha lavozimda ishlaganlik uchun toʻlanadigan haq);
  • fuqaroviy-huquqiy shartnoma boʻyicha toʻlanadigan, JShDS solinadigan daromadlar;
  • tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad (soliq inspeksiyasining ma’lumotlari asosida);
  • mualliflik gonorari;
  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda homiladorlik va tugʻish ta’tili uchun toʻlangan nafaqalar.

Bir yoʻla beriladigan toʻlovlar – foydalanilmagan ta’til uchun toʻlanadigan pul, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olinmaydi.

Jabrlanuvchiga mayib boʻlishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, xuddi shuningdek sogʻligʻiga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar e’tiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab boʻlmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi).

Zararni qoplash hisobiga shuningdek jabrlanuvchi sogʻligʻiga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi .

Diqqat
Agar mayib boʻlguniga qadar jabrlanuvchining mulkiy ahvolini yaxshilovchi oʻzgarishlar sodir boʻlgan (ish haqi oshirilgan, yuqoriroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan va h.k.) boʻlsa, uning oʻrtacha oylik ish haqini aniqlashda u tegishli oʻzgarishdan keyin olgan yoki olishi lozim boʻlgan ish haqigina hisobga olinadi .

Oʻrtacha oylik ish haqi (daromad) sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan 12 oy ichidagi ish haqining umumiy summasini 12 ga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi.

Zarar yetkazilgan paytgacha jabrlanuvchi 12 oydan kam ishlagan hollarda oʻrtacha ish haqi sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlangan oylardagi ish haqining umumiy summasini ana shu oylar soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi .

Jabrlanuvchi toʻliq ishlamagan oylar uning xohishiga koʻra bundan oldingi toʻliq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati boʻlmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi .

Misol
Mehnat jarohati olganda yoʻqotilgan ish haqini hisob-kitob qilish
Xodim 2020 yil avgustda mehnat jarohati oldi. TMEK xulosasiga koʻra kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasi – 30%. Xodimning asosiy ish joyi boʻyicha ish haqi 2 000 000 soʻmni tashkil etadi (mehnat jarohati olgan yildan oldingi yil davomida). Bundan tashqari, xodim fuqaroviy-huquqiy shartnoma boʻyicha 2020 yil aprel, may va iyun oylarida har oy uchun 500 000 soʻmdan olgan.
Avval oʻrtacha oylik ish haqini hisoblaymiz:
[(2 000 000 x 12) + (500 000 x 3)] : 12 = 2 125 000 soʻm.
Toʻlanishi lozim boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi:
2 125 000 x 30% = 637 500 soʻm.
Shu tariqa, jabrlanuvchiga har oy 637 500 soʻm miqdorida yoʻqotilgan ish haqi toʻlanadi.

Ish beruvchi jabrlanuvchining qanday qoʻshimcha xarajatlarini toʻlaydi?

Har oy oʻrtacha oylik ish haqini toʻlashdan tashqari, ish beruvchi jabrlanuvchining quyidagi qoʻshimcha xarajatlari oʻrnini ham qoplashi zarur:

  • davolanish, protez qoʻydirish, qoʻshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish;
  • sanatoriy-kurortda davolanish;
  • maxsus transport vositalarini sotib olish (ularning qiymati doirasida);
  • boshqa turdagi yordamni olish, agar xodim TMEK tomonidan yordamning ushbu turlariga muhtoj deb topilgan boʻlsa va ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqiga ega boʻlmasa;
  • jabrlanuvchi bilan ish beruvchi oʻrtasida zararni toʻlash boʻyicha nizo yuzaga kelganda, agar nizo jabrlanuvchining foydasiga hal qilingan boʻlsa, advokat yollash xarajatlari.
Diqqat
Dori-darmonlar sotib olish uchun qilingan xarajatlar davolovchi shifokor tomonidan yozib berilgan belgilangan shakldagi retsept hamda pul toʻlanganligi toʻgʻrisidagi chek taqdim etilganda ish beruvchi tomonidan jabrlanuvchiga toʻlanadi .

Maxsus tibbiy parvarishga muhtoj boʻlgan jabrlanuvchi uchun qoʻshimcha xarajatlar har oyda MHEKMning 70,3%i darajasida, uy sharoitida parvarish qilish uchun esa oyiga MHEKMning 17,6%i darajasida etib belgilanadi .

Boshqa qoʻshimcha xarajatlar miqdori tegishli tashkilotlarning schyotlari va boshqa hujjatlar asosida yoxud jabrlanuvchi tomonidan ushbu xarajatlar qilingan vaqtdagi narxlarga muvofiq aniqlanadi .


Bir yoʻla beriladigan nafaqa qancha miqdorda toʻlanadi?

Ish beruvchi oʻrtacha oylik ish haqi va qoʻshimcha xarajatlarni toʻlashdan tashqari toʻlaydigan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori jabrlanuvchining bir yillik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak . Nafaqaning aniq miqdori korxonaning jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan boʻlsa, – ish beruvchi bilan xodimlarning vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi . Ya’ni nafaqa miqdorini lokal tartibda, korxonaning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bir yillik ish haqidan yuqori miqdorda ham belgilash mumkin.

Bir yillik ish haqi oʻrtacha oylik ish haqini 12 ga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.

Misol
Olingan jarohat sababli nafaqani hisob-kitob qilish uchun yillik ish haqini aniqlash
Jabrlanuvchining oʻrtacha oylik ish haqi 1 500 000 soʻmni tashkil etadi. Korxonaning jamoa shartnomasida xodimning sogʻligʻiga zarar yetkazilgani munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqa yillik ish haqi miqdorida etib belgilangan. Ish beruvchi jabrlanuvchiga quyidagi summani toʻlashi kerak:
1 500 000 x 12 = 18 000 000 soʻm.

Mehnat jarohati sababli yetkazilgan zarar uchun toʻlov qancha vaqt toʻlanadi?

Yoʻqotilgan ish haqi TMEK xulosasi bilan mehnat jarohati sababli kasbga oid mehnat qobiliyati yoʻqotilganligi belgilangan muddat davomida, qoʻshimcha xarajatlar esa ularga boʻlgan ehtiyoj belgilangan muddat davomida toʻlanadi.

Mehnat jarohati olgandan keyin mehnat munosabatlarini toʻxtatish zararni toʻlashdan ozod qilmaydi .

JShDS va ijtimoiy soliq

 «Norma» eksperti Olga BUSAROVA:

– Jabrlanuvchiga normalar doirasida beriladigan yuqorida koʻrsatilgan barcha toʻlovlarga JShDS solish maqsadida daromad sifatida qaralmaydi .

Agar toʻlanayotgan boʻlsa, ma’naviy zararni kompensatsiya qilish boʻyicha pullik toʻlovlar tarzidagi boshqa daromad bundan mustasno .

Korxona mehnat jarohati olgan xodimga koʻrsatilgan majburiy toʻlovlardan tashqari:

  • moddiy yordam toʻlashi mumkin  . Bir yilda MHEKMning 4,22 baravarigacha miqdorda toʻlangan bunday yordamga JShDS solinmaydi ;
  • qandaydir TMQni sovgʻa qilishi mumkin  . Bir yilda MHEKMning 2,11 baravarigacha boʻlgan qiymatdagi sovgʻa tarzidagi daromadga JShDS solinmaydi .

Jabrlanuvchi mehnat qobiliyatini qisman saqlab qolgan boʻlsa, unga toʻlanadigan ish haqidan tashqari barcha toʻlovlarga ijtimoiy soliq hisoblanmaydi.

Moddiy javobgarlik — maslahatlar Moddiy javobgarlik Moddiy javobgarlik — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text163430_mehnat_jarohati_sababli_etkazilgan_zarar_qanday_tulanadi