Xodimga oʻrindoshlikni taqiqlash mumkinmi?

preview

“Boshqa tashkilotga oʻrindoshlik asosida ishga joylashmoqchiman, biroq u yerda asosiy ish joyidan ma’lumotnoma keltirishni talab qilishdi. Biroq asosiy ish joyi boʻyicha mehnat shartnomasida boshqa tashkilotlarda oʻrindoshlik asosida ishlashga taqiq toʻgʻrisida shart mavjud. Ish beruvchi shartnomaning shu bandiga havola qilgan holda ma’lumotnoma berishni rad etmoqda, buni u bunday ish bilan bandlik asosiy ishni sifatli bajarish imkonini bermaydi, deb asoslamoqda”.

Vaziyatni buxgalter.uz iltimosiga binoan “Norma”ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti Lenara XIKMATOVA sharhlab berdi:

- Haqiqatan, boshqa tashkilotga oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi oʻrniga asosiy ish joyidan tasdiqlangan shakl boʻyicha ma’lumotnomani taqdim etishlari shart.

Asosiy ish joyi – ish beruvchi xodimning mehnat daftarchasini yuritadigan tashkilot.

Oʻrindoshlik asosida ishlash – asosiy ish vaqtidan tashqari va undan ozod vaqtda mehnat shartnomasi shartlarida bajariladigan haq toʻlanadigan boshqa ish.

MKning 72-moddasi 4-qismiga asosan xodim oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuzishi mumkin. Qonunchilik bunda quyidagilarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻrindoshlik asosida ishlashni taqiqlaydi:

  • 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
  • agar oʻrindoshlik asosida ishlovchining asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bogʻliq boʻlsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda ishlash (sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari xodimlari bundan mustasno);
  • avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlash xizmatining ishchisi (mutaxassisi) sifatida;
  • Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
  • viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari;
  • bir-biriga boʻysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari - sogʻliqni saqlashni boshqarish organlarida band boʻlgan vrachlar va ta’limni boshqarish organlarida band boʻlgan oʻqituvchilar bundan mustasno;
  • qonun hujjatlariga muvofiq oʻrindoshlik asosida ishlashi taqiqlangan boshqa shaxslar (xodimlar) .

Agar oʻrindoshlik yuqorida koʻrsatilgan cheklovlar bilan bogʻliq boʻlmasa, demak, oʻrindoshlik asosida ishlash mumkin. Ya’ni – taqiqlanmagan boʻlsa – ruxsat etilgan – qoidasi amal qiladi.

Buning ustiga: oʻrindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy ish joyidan kasaba uyushmasi qoʻmitasining (xodimlarning vakillik organining) yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi .

Shu tariqa, ish beruvchi mehnat shartnomasiga:

  • oʻrindoshlikni taqiqlash;
  • oʻrindoshlik asosida ishlash uchun uning roziligini olish toʻgʻrisidagi shartni kiritishga haqli emas.

Bunday norma xodimning ahvolini Mehnat kodeksida unga taqdim etilgan huquqlarga qaraganda yomonlashtiradi. MKning 5-moddasiga asosan esa mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlari haqiqiy emas.

Binobarin, agar hatto xodimning roziligi bilan oʻrindoshlikni cheklash toʻgʻrisidagi band mehnat shartnomasiga kiritilgan boʻlsa ham, MKning 5-moddasi tufayli u yuridik kuchga ega boʻlmaydi.

Asosiy ish joyidagi ish beruvchining xodimga ish joyidan ma’lumotnoma berishni rad etishi ustidan mehnat organlariga yoki prokuraturaga shikoyat berish mumkin. Ish beruvchining mansabdor shaxsini MJTKning 49-moddasiga binoan ma’muriy javobgarlikka tortishlari va jarima solishlari mumkin.

Bundan tashqari, asosiy ish joyidagi ish beruvchi xodimning yozma arizasiga binoan oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan ma’lumotnoma asosida uning mehnat daftarchasiga ishlagan davrlarini koʻrsatgan holda oʻrindoshlik asosida ishlaganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritishi shart.

Ishga qabul qilish — maslahatlar Ishga qabul qilish Ishga qabul qilish — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text164648_hodimga_urindoshlikni_taqiqlash_mumkinmi