Sotib oluvchi sotuvchining EHFdagi xatosiga javob beradi

preview

EHF taqdim etuvchi korxonalar har doim ham lozim rekvizitlarni toʻldirishmaydi. EHF rekvizitlaridagi ma’lumotlarning toʻliqligi uchun kim javob beradi – hujjatni notoʻgʻri tuzgan joʻnatuvchimi yoki uni qabul qilib olgan oluvchimi?

Buxgalter.uz iltimosiga binoan vaziyatni DSQ Soliq solish boʻyicha maslahat boshqarmasi bosh soliq inspektori Behzod BOTIRALIYeV tushuntirdi:

- “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan boshlangʻich hisob hujjatlarini tuzgan hamda imzolagan shaxslar ularning oʻz vaqtida, toʻgʻri va ishonchli tuzilishi, shuningdek buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun belgilangan muddatlarda topshirilishiga javobgardir.

Ya’ni EHFdagi ma’lumotlarning ishonchliligi va toʻliqligi uchun nafaqat uni tuzgan tashkilot (birinchi navbatda!), balki hujjatni qabul qilgan kontragent (uni ERI bilan imzolagan) ham javob beradi. Shu bois, agar hisobvaraq-faktura qoidalar boʻyicha toʻldirilmagan boʻlsa, kontragent rad etish sababini koʻrsatgan holda uni rad etish va yetkazib beruvchidan toʻgʻri toʻldirilishini talab qilishga haqlidir.

Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq EHFda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

  • hisobvaraq-fakturaning tartib raqami;
  • hisobvaraq-faktura ilova qilinadigan tovar joʻnatish (xizmatlarni koʻrsatish shartnomasi) hujjatning yoki shartnomaning raqami va sanasi;
  • tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan sana;
  • yetkazib beruvchining va tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) hamda soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, bank hisobvaragʻi va xizmat koʻrsatuvchi bank nomi hamda filiallararo ayriboshlash kodi (MFO);
  • QQS roʻyxat raqami (QQS soliq toʻlovchisining shaxsiy roʻyxat raqami).

MJTKning 175-1-moddasiga asosan buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tartibini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

EHF rouming-operatori buxgalterlarga yordam tariqasida hozirgi vaqtda hujjatlar toʻldirilishini nazorat qilishni inobatga olgan holda oʻz tizimini qayta ishlamoqda. Bitta majburiy rekvizit toʻldirilmagan taqdirda ham, sotuvchi (yetkazib beruvchi) bunday EHFni shakllantirolmaydi va taqdim etolmaydi.”

 Oleg GAYeVOY tayyorladi

EHF: soliq hisobi — maslahatlar EHF EHF (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text164777_sotib_oluvchi_sotuvchining_ehfdagi_hatosiga_javob_beradi