Agar onlayn-kassani ta’mirlash uchun olib ketishsa, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi zarurmi?

preview

Agar virtual kassa yoki onlayn-NKM ishdan chiqqan boʻlsa, tadbirkor nima  qilishi lozim? Bunday vaziyatda kim va nima uchun javob beradi? Nima uchun TXKM bunday qurilmalar ta’mirlash uchun olib ketilgani holatini tasdiqlovchi hujjat bera olmaydi?

Buxgalter.uz bu borada tavsiyalarni tayyorladi.

Rasman Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizomga amal qilish zarur.

Onlayn-NKM yoki virtual kassa, shuningdek, internet doimiy ishchi holatda boʻlishi uchun javobgarlik shaxsan tadbirkorlik sub’yektiga yuklanadi. Istisno - internet provayderi yoki mobil aloqa operatori ish faoliyatida yuzaga keladigan ayrim texnik muammoli holatlar .

Onlayn-NKM va (yoki) virtual kassaga kafolatli uzluksiz texnik xizmat koʻrsatish TXKM bilan tadbirkorlik sub’yekti oʻrtasida toʻzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi .

Buxgalter.uz tavsiya qiladi

TXKM mutaxassisi sizning onlayn-NKMni ta’mirlash uchun olib ketish chogʻida sizga bu haqda hech qanday hujjat berolmasligini nazarda tuting. Onlayn-NKMni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom buni amalga oshirish majburiyatini yuklamaydi.

Shu bois, agar siz uchun baribir sizning tovar-moddiy qimmatligingiz tashkilot hududidan tashqariga vaqtincha olib chiqilgani toʻgʻrisida dalolatnomani qoʻlingizga olishingiz muhim boʻlsa, ushbu jihatni TXKM bilan shartnomada yozing. Masalan – qurilmani ta’mirlash uchun olib ketish qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Agar sotib oluvchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonida fiskal ma’lumotlar operatoriga ma’lumotlarni joʻnatish imkonini bermaydigan (ya’ni sizning kassangiz offlayn rejimida ishlaydi) internet tarmogʻida nosozlik roʻy bersa yoki boshqa texnik muammolar yuzaga kelsa, sotib oluvchilarga cheklar bering. Shuni yodda tutingki, bunday vaziyatda offlayn rejimda shakllangan cheklarni yaqin 24 soat ichida operatorga uzatilishini ta’minlashingiz shart .

Onlayn-NKM yoki virtual kassa nosoz boʻlgan taqdirda tadbirkorlik sub’yekti bu haqda TXKMning sall-markaziga qoʻngʻiroq qilib xabardor qilishi kerak. Shuningdek, buni bevosita tashrif buyurib amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.

TXKM ma’lumotlar tushgan vaqtdan boshlab 1 soat ichida turgʻun savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchasi joylashgan manzil boʻyicha soliq organini maxsus axborot tizimi orqali xabardor qiladi .

TXKM ta’mirlash davrida sizga 1 kun ichida zaxiradagi onlayn-NKM yoki virtual kassasi oʻrnatib beradi . Bu paytga qadar tadbirkorlik sub’yekti xaridorlar bilan hisob-kitoblarni, DSXOda roʻyxatdan oʻtkazilgan maxsus kvitansiya daftari asosida amalga oshiradi .

«Maron» MChJ yetakchi mutaxassisi Rustam YoQUBOV:

- TXKM ishdan chiqqan taqdirda sizning qurilmangizni ta’mirlash uchun qabul qilish va oʻrniga bu davr uchun zaxiradagi kassani berish uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlangan. Biroq, amaliyotda kamdan-kam hollarda ish jiddiy ta’mirlashgacha yetib boradi. Koʻpincha tadbirkor shunchaki hali yangi texnika bilan ishlashni oxirigacha oʻzlashtirib olmagan boʻladi va nimanidir notoʻgʻri bajaradi. Va aksariyat nosozliklarni joyida va tezda bartaraf etish mumkin. Qator hollarda – hatto masofadan, telefon orqali maslahat berish chogʻida bartaraf qilsa boʻladi.

Onlayn-NKM yoki virtual kassa ishlamay qolgan barcha hollarda siz bilan xizmat koʻrsatish uchun shartnoma tuzgan TXKMga qoʻngʻiroq qilish zarur. Agar muammoni telefon orqali hal qilishning imkoni boʻlmasa, kelishuvga bogʻliq holda yoki usta sizning oldingizga boradi yoki siz NKMni oʻzingiz Texnik xizmat koʻrsatish markaziga olib borishingiz darkor boʻladi.

Mahalliy korxonalar ishlab chiqargan tugmali onlayn-NKMga xizmat koʻrsatish hammasidan ham oson, sababi butlovchi qismlar bilan muammolar boʻlmaydi. Ishdan chiqqan blokni almashtirish – 10-15 daqiqali ish.

Ta’mirlash 2 ta holatda choʻzilib ketishi mumkin:

1) fiskal modul nosoz, TXKMda esa yangi modul mavjud emas;

2) planshet kassa jiddiy ishdan chiqqan, uni ishlab chiqaruvchining ishtirokisiz tuzatib boʻlmaydi. Bu holda nosozlikni bartaraf etish uchun 1 oygacha vaqt talab etilishi mumkin. Biroq bu kamdan-kam roʻy beradi. Mening amaliyotimda yil boshidan bunday vaziyat faqat ikki marotaba roʻy bergan.

Jiddiy nosozlikda, albatta, Onlayn-NKMni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan reglamentga toʻliq rioya qilishga toʻgʻri keladi. Ya’ni – maxsus axborot tizimida tegishli belgi qayd etiladi va ta’mirlash vaqtida vaqtincha onlayn-NKM yoki virtual kassa beriladi.

Oleg GAYeVOY

Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob Naqd hisob-kitob /oz/publish/doc/text165112_agar_onlayn-kassani_tamirlash_uchun_olib_ketishsa_qabul_qilish-topshirish_dalolatnomasi_zarurmi