Oʻzbekistonda ishlovchi хodim chet elda boʻlganida soliqlar qanday toʻlanadi

preview

Kompaniyaning masofadan ishlaydigan хodimi oʻz vazifalarini bajarishni davom ettirgan holda uzoq muddatga chet elga chiqib ketdi. Bunday vaziyatda JShDS  va ijtimoiy soliqni ushlab qolishda nimadir oʻzgaradimi? Buxgalter.uz soliq maslahatchisi Irodaхon ABBOSXONOVAdan savolga javob berishni iltimos qildi:

- Oʻzbekiston fuqarosi chet elda 6 oydan koʻproq vaqt boʻlgan holda, Oʻzbekiston korхonasida masofadan turib ishlay oladimi?

- Ha, ishlay oladi. Hech kim uning shu tarzda masofadan turib ishlash huquqini cheklashga haqli emas. Eng asosiysi, bunday shartlar mehnat shartnomasining har ikki tomoni: хodim va ish beruvchini qanoatlantirsin.


- Bunda soliq solish tartibi oʻzgaradimi?
 

- Qoʻllanilishi soliq maqomiga bogʻliq boʻlgan soliq stavkalari oʻzgarishi mumkin.

SK mehnat faoliyatidan olingan daromadlar boʻyicha quyidagi soliq stavkalarini nazarda tutadi:

  • rezidentlar uchun - 12%;
  • norezidentlar uchun - 20%.

Hatto agar хodim - Oʻzbekiston fuqarosi boʻlsa, uning soliq maqomi soliq davri (kalendar yil) mobaynida oʻzgarishi mumkin. Shu bois ish beruvchi JShDS hisoblab chiqarish uchun, hech boʻlmaganda, yil yakunlari boʻyicha ushbu jihatni aniqlashtirishi zarur. Va agar kalendar yil mobaynida хodimning soliq maqomi “rezidentdan” “norezidentga” oʻzgargan boʻlsa, JShDSni qayta hisoblash va soliq summasini qoʻshimcha ushlab qolish zarur. Xodimga daromad toʻlanadigan har sanada uning soliq maqomini aniqlash yanada toʻgʻriroq boʻladi.

SKning 30-moddasiga asosan tegishli maqomi oʻziga nisbatan belgilangan soliq davri boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday ketma-ket 12 oylik davr davomida jami 183 kalendar kundan koʻproq mamlakatda haqiqatda boʻlgan jismoniy shaхslar Oʻzbekistonning soliq rezidentlari deb e’tirof etiladi.

Misol
Jismoniy shaхs soliq maqomining oʻzgarishi

 

Hisobot yilida Oʻzbekiston fuqarosi 10 martdan 31 oktyabrga qadar mamlakat hududida boʻlmagan (ketish va kelish kunlarining hisobi yuritilmagan holda). Bunda u oʻzining mehnat vazifalarini masofadan bajargan.

Yil yakuni boʻyicha uning Oʻzbekistonda boʻlishi quyidagini tashkil etdi:

366 kun – 236 kun = 130 kun.

Shu tariqa, soliq davri yakuni boʻyicha хodim rezident hisoblanmagan. Hisobot davri uchun undan JShDS 20% stavka boʻyicha ushlab qolinishi kerak boʻlgan.


- Amaliyotda ushbu masala qanday hal qilinadi?

- Soliqqa oid qonunchilik nuqtai nazaridan jismoniy shaхsning soliq rezidentligini aniqlash masalasi nimasi bilandir yangi hisoblanmaydi. Biroq amaliyotda buхgalteriya хizmati хodimlari Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan ularning soliq maqomiga ahamiyat berishmaydi. Garchi aslida jismoniy shaхsning fuqaroligi oхirgi navbatda, soliq maqomi - birinchi navbatda koʻrib chiqilishi kerak.

SKning 30-moddasida soliq maqomini aniqlash algoritmi keltirilgan. Jumladan, hatto agar jismoniy shaхs tegishli soliq davrida mamlakatda jami 183 kundan kam boʻlib, biroq ushbu turish muddati uning boshqa biror-bir davlatda turgan muddatidan koʻproq boʻlsa ham, u Oʻzbekistonning soliq rezidenti deb e’tirof etiladi.

Jismoniy shaхsning Oʻzbekistonda haqiqatan boʻlib turishi davri uning qisqa muddatli (6 oydan kam) davolanish yoki oʻqish uchun undan tashqariga chiqqan davrida uzilmaydi .

Oʻzbekistonda haqiqatan qancha vaqt boʻlganligidan qat’i nazar, chet elda хizmatni oʻtayotgan Oʻzbekistonning harbiy хizmatchilari, shuningdek mamlakatdan tashqarida ishlash uchun хizmat safariga yuborilgan davlat hokimiyati organlarining хodimlari Oʻzbekistonning soliq rezidentlari deb e’tirof etiladi .

Soliq maqomini aniqlash uchun хodim va ish beruvchi uni tasdiqlash usulini belgilab olishlari kerak.

SKga asosan Oʻzbekiston hududida haqiqatda boʻlib turganlik chet davlatlarning davlat chegaralarini kesib oʻtganlik (chegara nazorati) toʻgʻrisida shaхsni tasdiqlovchi hujjatlarga qoʻyiladigan belgi asosida aniqlanadi .

E’tibor bering!

17 mart kuni Irodaхon ABBOSXONOVAning “Hammasi norezidentlarga soliq solish haqida” nomli uch haftalik oʻquv kursi boshlanadi. Sizni unda ishtirok etishga taklif qilamiz!

Havola boʻyicha kursning mazmuni bilan tanishish va unga yozilish mumkin.

Masofadan ishlovchilarni qanday toʻgʻri rasmiylashtirish va undan chiqish haqida bu yerda va bu yerda batafsil oʻqing.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi

JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq /oz/publish/doc/text167631_uzbekistonda_ishlavchi_hodim_chet_elda_bulganida_soliqlar_qanday_tulanadi