AV va NMA tarkibiga nimalarni kiritish mumkin

preview

Buxgalterlarda korxona ehtiyojlari uchun mol-mulklarni, mulkiy huquqlarni, TMZ, dasturiy ta’minotlarni xarid qilishda, ularni tasniflash borasida ba’zi qiyinchiliklar boʻlishi mumkin: nimalarni asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar tarkibiga kiritish mumkin, nimalarni esa mumkin emas. Amaliyotdan ayrim vaziyatlarni koʻrib chiqamiz.

 

Palma – asosiy vositami?

«Korxona oʻz ofisi interyeri uchun 3 ta palmani 1 780 000 soʻmdan sotib oldi. Ular buxgalteriya hisobida uzoq muddatli aktivlar tarkibiga kiritiladimi yoki joriy aktivlar tarkibigami?».

– Korxonada buxgalteriya hisobini yuritish maqsadlarida hisob siyosati tasdiqlanishi lozim, unda korxonadagi nomoddiy aktivlarni asosiy vositalar ob’yektlariga kiritish mezonlari koʻrsatiladi .

AV tarkibiga bir vaqtning oʻzida quyidagi mezonlarga  javob beradigan moddiy aktivlar kiritiladi :

  • 1 yildan ortiq xizmat muddati;
  • bir birlik (toʻplam) uchun qiymati xarid paytida belgilangan BHMning 50 baravaridan ortiq boʻlgan buyumlar.

Korxona rahbari hisobot yilida buyumlarni AV tarkibida hisobga olish uchun buyumlar qiymatining eng kam chegarasini belgilash huquqiga ega.

 

Ob’yektni asosiy vosita sifatida qabul qilish uchun uni sotib olish vaqtidagi BHM miqdori qoʻllaniladi.

Shu tariqa, bugungi kunda qonun hujjatlarida xizmat muddati bir yildan ortiq boʻlgan va bir birlik (toʻplam) uchun qiymati 13,5 mln soʻmdan (50 x 270 000 soʻm) ortiq boʻlgan buyumlar AV sifatida hisobga olinishiga yoʻl qoʻyiladi.

Korxona rahbari moddiy qimmatliklarning yanada koʻproq saqlanishini ta’minlash uchun AV tarkibida qiymati 6 BHMdan boshlangan buyumlarni hisobga olishga qaror qilsa, palma haqiqatan ham buxgalteriyaning 0180-schyotiga kiritilishi mumkin.

Biroq boshqacha vaziyat ham boʻlishi mumkin. Aytaylik, korxona 3 ta palma, manzarali oʻsimliklar ekilgan 20 ta tuvak, oʻgʻitlangan tuproq, suv quyish asboblari, metall konstruksiyalarni sotib olgan. Rahbarning buyrugʻi bilan qishki bogʻni yaratish uchun ishchilar guruhi tuzilgan. Mazkur holatda, agar jihozlangan ob’yekt tannarxi hisob siyosatida belgilangan tartibda  AV tarkibiga kiritish miqdoriga muvofiq kelsa, «Qishki bogʻ» - AV ob’yekti boʻlishi mumkin.

 

Dasturiy mahsulotni buxgalteriya hisobida aks ettirish

«Tashkilot ishlab chiqarish jarayoni sifatini nazorat qilish uchun 35 mln soʻmga dasturiy mahsulot sotib oldi va uni oʻrnatdi. Uning narxini biryoʻla korxona xarajatlariga hisobdan chiqarish kerakmi yoki uni nomoddiy aktiv sifatida kirim qilish lozimmi?».

– Aktivlarni buxgalteriya hisobiga nomoddiy aktivlar sifatida qabul qilishda bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlar bajarilishi kerak :

  • moddiy-ashyoviy tuzilishga (shaklga) ega boʻlmasligi;
  • aktivlardan mahsulot ishlab chiqarishda, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishda yoxud korxonaning ma’muriy va boshqa funksiyalari uchun uzoq muddat, ya’ni davomiyligi 12 oydan yuqori foydali xizmat muddati yoki agar u 12 oydan oshadigan boʻlsa, oddiy operatsion sikl mobaynida foydalanish.
  • korxona ushbu aktivni keyinchalik qayta sotishni moʻljallamaydi;
  • ishonchlilik, ya’ni korxonada aktiv va unga boʻlgan mutlaq huquqning mavjudligini tasdiqlovchi, tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlarning (patentlar, guvohnomalar, boshqa muhofaza qiluvchi hujjatlar, patent, tovar belgisidan voz kechish, sotib olish shartnomasining) mavjudligi;
  • identifikatsiya qilish imkoniyati.

Nomoddiy aktiv identifikatsiya qilinadigan boʻlib hisoblanadi, agarda u quyidagi mezonlardan biriga muvofiq kelsa:

  • ajraladigan boʻlsa. Ya’ni uni korxonadan ajratib boʻlsa hamda sotish, berib yuborish, ijaraga berish, alohida yoki ular bilan bogʻliq aktiv, kontrakt yoki majburiyat bilan birga ayirboshlash (gudvilldan tashqari) mumkin boʻlsa;
  • ushbu huquqlar beriladigan yoki korxonadan yoxud boshqa huquq va majburiyatlardan ajraladigan boʻlishidan qat’i nazar, shartnomaviy va boshqa yuridik huquqlardan paydo boʻladi.

Bundan tashqari, NMAga quyidagi ob’yektlar kiritilishi mumkin :

  • patent egasining ixtiro, sanoat namunalari va foydali modellarga boʻlgan mutlaq huquqi;
  • muallif yoki boshqa huquq egasining EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalariga boʻlgan mutlaq huquqi.

Bunda aktivning qiymati bir birlik (toʻplam) uchun qiymati xarid paytida belgilangan BHMning 50 baravaridan kam boʻlmasligi lozim.

Korxona rahbari hisobot yilida  NMA tarkibida hisobga olish uchun aktivlar qiymatining eng kam chegarasini belgilashi va ularni korxonaning buxgalteriya hisobi siyosatida tasdiqlashi mumkin.

Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib quyidagicha xulosa chiqarish mumkin:

   1) agar tashkilot dasturiy mahsulotni faqat foydalanish huquqi bilan olgan boʻlsa, u NMA sifatida qaralmaydi va joriy xarajatlar tarkibida hisobga olinadi;

   2) agar tashkilotda dasturiy mahsulotga mutlaq huquq mavjud boʻlsa, uni xarid qilish xarajatlari NMA sifatida qaraladi.

Mutlaq huquq – bu qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqatgina huquq egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxsga berilishi mumkin boʻlgan mulkiy huquq .

Avvalo, koʻrib chiqilayotgan vaziyatda tashkilotda dasturiy mahsulotga oid  huquq mavjud emas, shu boisdan:

  • uni biryoʻla chegiriladigan xarajatlarga – «Asosiy ishlab chiqarish» buxgalteriya schyotiga – 2010  hisobdan chiqaring, chunki dasturiy mahsulot ishlab chiqarish jarayoni sifatini nazorat qilish uchun olingan;

yoki

  • 3190 - «Boshqa kelgusi davr xarajatlari» buxgalteriya schyotiga kiriting . hamda bosqichma-bosqich - oʻzingiz belgilagan mahsulotdan foydalanish muddati mobaynida xarajatlarga hisobdan chiqarib boring.

Kelgusi davr xarajatlarini aks ettiruvchi schyotlarda (3100) hisobga olingan xarajatlar belgilangan muddat mobaynida teng maromda, hajmga yoki chiqarilgan mahsulot miqdoriga mutanosib ravishda xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar debetiga hisobdan chiqariladi .

Quyidagi buxgalteriya provodkalari amalga oshiriladi:

Xoʻjalik operatsiyasining mazmuni

Schyotlar korrespondensiyasi

 

Summa

Debet

Kredit

Dasturiy mahsulot (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqi) uchun oldindan 100 foizlik toʻlov toʻlandi (shartnomaga, bank koʻchirmasiga muvofiq)

4310

5110

35 000 000

Dasturiy mahsulotning xarid qiymati (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqi) biryoʻla davr xarajatlariga hisobdan chiqarilganda

Dasturiy mahsulotni (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqini) xarid qilish aks ettirildi (yetkazib beruvchi taqdim etgan EHFga asosan)

2010

6010

35 000 000

Oldindan toʻlov boʻyicha oʻzaro hisob-kitob amalga oshirildi

6010

4310

35 000 000

Dasturiy mahsulotning xarid qiymati (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqi) kelgusi davr xarajatlariga hisobdan chiqarilganda

Dasturiy mahsulotni (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqini) xarid qilish xarajatlari summasi kelgusi davrlar xarajatlariga hisobdan chiqarildi

3190

6010

35 000 000

Dasturiy mahsulotning (dasturiy mahsulotdan foydalanish huquqining) xarid qiymati quyidagi tarzda hisobdan chiqariladi:

  • foydalanish muddati mobaynida har oyda;
  • yoki uni ishlab chiqarishga kiritish va undan foydalanish boʻyicha texnik hujjatlarni xarid qilish shartnomasida keltirilgan muddat mobaynida;
  • yoki buxgalteriya hisobi siyosatida belgilangan muddatda

2010

3190

 

35 000 000 : foydanilgan yillar soni : 12)

Tatyana LIMAREVA,

«Norma» kompaniyasi eksperti.

 

Asosiy vositalar — maslahatlar Asosiy vositalar Asosiy vositalar — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text175614_av_va_nma_tarkibiga_nimalarni_kiritish_mumkin