9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Temir yoʻl transporti korxonasi 2021 yilda: 1) elektrovozlar va vagonlar xarid qildi; 2) davlat investitsiya loyihasi doirasida AV ob’yektini barpo etdi va ishga tushirdi; 3) oʻz vagonlarini kapital ta’mirladi va modernizatsiya qildi. Korxona mazkur uchta vaziyatda SKning 308-moddasiga asosan investitsiyaviy chegirmani qoʻllay olarmidi? Buni Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA tushuntirib berdi:
– Foyda soligʻi hisob-kitobida investitsiyaviy chegirmani qoʻllash muayyan shartlarga rioya qilinishini talab qiladi.
Investitsiyaviy chegirma yangi texnologik uskunani ishga tushirish amalga oshirilgan, oʻz ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, texnik yoki texnologik jihatdan qayta jihozlash amalga oshirilgan, ishlab chiqarish yangi qurilish shaklida kengaytirilgan hisobot (soliq) davrida qoʻllaniladi.
Barcha harakatlar 2021 yilda amalga oshirilganligi bois, oʻsha davrda amal qilgan normalarga amal qilish lozim.
2021 yilda investitsiyaviy chegirma quyidagi miqdorda qoʻllanilgan
:
- yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlarining va (yoki) axborot tizimlarini yaratishga doir investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy ta’minotini sotib olishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summalarining 10%i miqdorida;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasining 5%i miqdorida.
2021 yil ta’rifi boʻyicha:
- tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqarish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan foydalaniladigan, chiqarilgan kunidan e’tiboran koʻpi bilan 3 yil oʻtgan mashinalar, apparatlar, qurilma va mexanizmlar yangi texnologik uskunalar deb e’tirof etiladi;
- asosiy vositalar ob’yektini texnologik yoki xizmat maqsadini oʻzgartirish, ularning unumdorligini oshirish yoki boshqa sifat koʻrsatkichlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan ishlar modernizatsiya qilish deb e’tirof etiladi;
- mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonida foydalanish maqsadida yangi bino va inshootlarning qurilishi ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirish deb e’tirof etiladi.
Shuni inobatga olish joizki, investitsiyaviy chegirma amortizatsiya xarajatlari deb e’tirof etiladi.
Quyidagilar hisobiga barpo etilgan aktivlar amortizatsiya qilinmaydi:
1) Prezidentning, Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida yoki Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq tekinga olingan aktivlar;
2) investor va davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan aktivlar.
Tegishincha, bunday aktivlar boʻyicha investitsiyaviy chegirma qoʻllanilmaydi.
2022 yil 1 yanvarga qadar amal qilgan SK tahriridagi 306-moddaning 9-qismiga asosan temir yoʻlning harakatdagi tarkibi foyda soligʻini hisoblab chiqarish maqsadlarida “harakatlanuvchan transport” deb nomlangan.
Xulosalar:
2021 yilda:
- ishga tushirilgan elektrovozlar va vagonlar qiymatining 10%i miqdorida investitsiyaviy chegirma qoʻllanilmaydi;
- korxona vagonlarni modernizatsiya qilish xarajatlarining 10%i miqdorida investitsiyaviy chegirmani qoʻllashi mumkin edi, basharti u tufayli AV ob’yektining texnologik yoki xizmat maqsadi oʻzgargan boʻlsa, ularning unumdorligi oshgan yoki boshqa sifat koʻrsatkichlari yaxshilangan boʻlsa;
- kapital ta’mirlash xarajatlariga chegirma qoʻllanilmaydi;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasining 5%i miqdorida chegirmani qoʻllash mumkin. Bunda, agar barpo etilgan aktivlar soliq solish maqsadlarida amortizatsiya qilinmasa, ularga investitsiyaviy chegirma qoʻllanilmaydi.
2022 yildan boshlab amortizatsiya qilinadigan aktiv u boʻyicha investitsiyaviy chegirma qoʻllanilgan sanadan e’tiboran 3 yil ichida realizatsiya qilingan, bepul berilgan va boshqacha tarzda chiqib ketgan taqdirda investitsiyaviy chegirmaning amal qilishi bekor qilinadi. Bunda aktivning chiqib ketishi roʻy bergan hisobot (soliq) davrida jamgʻarilgan amortizatsiya summasidan investitsiyaviy chegirma summasi chegirib tashlanadi
.
Mazkur norma aktivning favqulodda vaziyatlar tufayli chiqib ketishi hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
![]()