JShDS hisob-kitobida yangi MHEKM qanday hisobga olinadi

preview

2022 yil 1 iyundan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshirildi . Imtiyozli toʻlovlar boʻlgan taqdirda JShDSni ushlab qolishda uni qanday hisobga olishni buxgalter.uz iltimosiga binoan Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA tushuntirdi:

 

– MHEKMga karrali boʻlgan soliq solinmaydigan chegara quyidagilar uchun oʻrnatilgan:

     1) soliq solinmaydigan muayyan daromad turlari uchun ;

     2) ayrim toifadagi jismoniy shaxslar daromadlari uchun .

 

1. MHEKMning muayyan chegarasida soliq solinmaydigan daromadlar

Quyidagilar uning jumlasiga kiradi:

a) moddiy yordam summalari:

  • vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga - MHEKMning 4,22 baravarigacha;
  • xodimga mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoxud sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetganligi bilan bogʻliq holda, bola tugʻilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan oʻtishi munosabati bilan toʻlov tarzida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablagʻlar berish tarzida - soliq davri uchun MHEKMning 4,22 baravarigacha;

b) ish beruvchidan soliq davri mobaynida MHEKMning 2,11 baravarigacha boʻlgan qiymatdagi:

  • xodimlar natura shaklida olgan sovgʻalar;
  • ilgari mazkur ish beruvchining xodimlari boʻlgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yoʻqotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila a’zolari tomonidan olingan sovgʻalar hamda boshqa turlardagi yordam.

 

JShDSni ushlab qolishda MHEKMning yil davomida oʻzgarishini qay tarzda va qachon hisobga olish lozim

JShDS boʻyicha soliq davri - bir yil.

Imtiyoz soliq davri mobaynida MHEKMning 4,22 baravari doirasida beriladi. Ya’ni yil yakunlari boʻyicha imtiyozli summa yil oxirida amal qilgan MHEKMdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan chegaradan oshmasligi kerak.

Soliq bazasi yil boshidan e’tiboran oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanadi . Ya’ni, yanvardan boshlab hisobot oyiga qadar - har oyda jami daromad soliq imtiyozlari (rezidentlar uchun) qoʻllanilishini hisobga olgan holda aniqlanadi.

SKning 378-moddasi boʻyicha imtiyozlarni toʻgʻri hisobga olish uchun hisobot oyi oxirida amal qilgan MHEKMdan kelib chiqqan holda imtiyozli chegarani aniqlang va uni yil boshidan amalga oshirilgan imtiyozli toʻlovlar summasi bilan oʻzaro nisbatini aniqlang. Agar imtiyozli toʻlovlar summasi imtiyozli chegaradan oshsa, oshish summasi soliq bazasiga kiritiladi.

Masalan, 2022 yil may oyi uchun soliq bazasi hisob-kitobida MHEKMning 4,22 baravari miqdoridagi imtiyozli chegara 3 468 840 soʻmni (822 000 x 4,22) tashkil etdi. Iyunda esa u 3 882 400 soʻmni (920 000 x 4,22) tashkil etadi.

Agar 2022 yilning yanvar-may oylari uchun siz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun 4 000 000 soʻm miqdorida moddiy yordam hisoblagan boʻlsangiz, may oyida imtiyoz 3 468 840 soʻmni tashkil etgan, soliq bazasiga esa 531 160 soʻmni (4 000 000 – 3 468 840) kiritish zarur. Iyun oyida imtiyoz 3 882 400 soʻmni tashkil etadi, soliq bazasiga esa siz 117 600 soʻmni (4 000 000 – 3 882 400) kiritasiz.

Agar MHEKM yil oxiriga qadar oʻzgarmadi, deb faraz qilsak, bu yil uchun imtiyoz (SKning 377-moddasi boʻyicha moddiy yordam qismida) toʻliq qoʻllangan deb hisoblash mumkin.

Agar  MHEKM oʻzgarsa, soliq bazasini yangi MHEKMdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan imtiyozli chegarani hisobga olgan holda aniqlang. Shu tariqa, yil yakunlari boʻyicha imtiyozli chegara SKga muvofiq - yil oxiriga MHEKMdan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Zamonaviy buxgalterlik dasturlarida ushbu hisob-kitob avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Buxgalter esa faqat MHEKMning davriy koʻrsatkichini uni qoʻllash boshlanadigan sanasi bilan kiritishi lozim boʻladi. Misol uchun, 920 000 soʻm miqdoridagi MHEKM 01.06.2022 yil sanasi bilan kiritiladi, shu bois dastur iyun oyi uchun soliq bazasini yangi MHEKMdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan imtiyozli chegarani hisobga olgan holda hisoblab chiqaradi.

 

2. Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun imtiyozlar

SKning 380-moddasiga binoan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun imtiyozlar boshqacha tarzda hisoblab chiqariladi. Bu holda MHEKMning 1,41 (3) baravari miqdoridagi imtiyozli chegara har oyda aniqlanadi.

Ya’ni 2022 yilning yanvar-may oylari uchun daromadlar boʻyicha ushbu oylarda amal qilgan MHEKMdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan imtiyozli chegara, iyun oyidan boshlab esa - 920 000 soʻm summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan imtiyozli chegara qoʻllaniladi.

Masalan, ikki nafar 16 yoshga toʻlmagan bolalari bor yolgʻiz ona har oyda MHEKMning 1,41 baravari miqdorida JShDS boʻyicha imtiyozga ega . Uning ish haqi - oyiga 5 000 000 soʻm.

2022 yilning yanvar-may oylari uchun imtiyozli chegara bir oy uchun - 1 159 020 soʻm (822 000 x 1,41).

Iyun oyi uchun imtiyozli chegara - 1 297 200 soʻm (920 000 x 1,41).

Soliq bazasi yil boshidan oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanishiga qaramay, MHEKM oʻzgarishi munosabati bilan yanvar-may oylari uchun imtiyozli chegara qayta hisoblab chiqilmaydi.

E’tibor bering
Yanvar-iyun oylari uchun soliq bazasini iyun oyidagi MHEKMdan kelib chiqqan holda aniqlangan imtiyozli chegarani hisobga olgan holda hisoblab chiqarish xato hisoblanadi.

 

Notoʻgʻri hisob-kitob:

Imtiyozli chegara: 920 000 x 6 oy x 1, 41 = 7 783 200 soʻm.

Soliq bazasi: 5 000 000 x 6 oy – 7 783 200 = 22 216 800 soʻm.

Toʻgʻri hisob-kitob:

Imtiyozli chegara: (822 000 x 5 oy + 920 000 x 1 oy) x 1, 41 = 7 092 300 soʻm.

Soliq bazasi: 5 000 000 x 6 – 7 092 300 = 22 907 700 soʻm.

 

 

JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text182218_jshds_hisob-kitobida_yangi_mhekm_qanday_hisobga_olinadi