Qanday korxonalarda ichki audit xizmati boʻlishi kerak

preview

Oʻquvchilarning Oʻzbekistonda ichki audit toʻgʻrisidagi savollariga buxgalter.uz Iqtisodiyot va moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyati boʻlimi boshligʻi Asal XAShIMOVAdan javob berishni iltimos qildi:

 

– Qanday tashkilotlar oʻz tuzilmasida ichki audit xizmatiga (IAX) ega boʻlishi kerak? Mulkchilik shakli ahamiyatga egami?

– 2022 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tashkilotlarda IAXni tashkil etish boʻyicha majburiy talab bekor qilindi :

  • mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda (bundan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan va aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan koʻp boʻlgan MChJ, shuningdek, kredit tashkilotlari mustasno);
  • davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan kam boʻlgan, aksiyadorlik jamiyatlarida;
  • aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan kam boʻlgan davlat unitar korxonalarida (DUK).

Hozirgi vaqtda PQ-415-son qaror normalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha NHH loyihalari tayyorlangan.

Shu tariqa, IAXni tashkil etish boʻyicha majburiy talablar quyidagi tijorat tashkilotlari uchun saqlab qolindi:

  • davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan va aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan koʻp boʻlgan MChJ;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan va aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan koʻp boʻlgan AJ;
  • aktivlarining balans qiymati BHMning 100 000 baravaridan koʻp boʻlgan DUK;
  • kredit tashkilotlari. 

Ichki audit xizmatlarini tashkil etishning (tijorat banklari va byudjet tashkilotlaridan tashqari) uslubiy asoslari maxsus Nizomda belgilangan. Banklarning, mikromoliya tashkilotlarining, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining va kredit byurolarining ichki auditiga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi .

E’tibor bering

IAX tashkilotning kuzatuv kengashiga yoki AJda audit qoʻmitasiga (agar mavjud boʻlsa) hisobdordir.

Zarurat boʻlganda IAX boshqaruv organining qaroriga binoan tashkilotning mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkil etilishi mumkin.

 

– Qanday byudjet tashkilotlarida IAX tashkil etilishi kerak? IAX xodimlarini suhbat asosida ishga qabul qilish mumkinmi?

– IAX vazirlik va idoralarda boʻlishi kerak .

IAXning namunaviy ustavi 01.08.2022 yildagi 416-son VMQ bilan, xodimlarni sertifikatlash tartibi esa – 13.02.2023 yildagi 62-son VMQ bilan tasdiqlangan.

Xodimlarni vazirlik va idoralarning IAXga ishga qabul qilish tartibi ularning ichki hujjatlari bilan belgilanadi. Bunda 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab ichki audit xizmati xodimi lavozimiga ichki audit boʻyicha milliy malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarni qabul qilish mumkin emas. Istisno – xalkaro sertifikat egalari, ular milliy sertifikatni olishlari shart emas.

 

– Dehqon bozorlari va paxtachilik klasterlari IAXni tashkil etishlari kerakmi?

– Bozorlar yoki paxtachilik-toʻqimachilik klasterlarining tashkilotchilari faqat ular yuqorida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq kelgan taqdirda IAXni tashkil etishlari kerak.

 

– Tijorat tashkilotlari uchun IAXda sertifikatlangan ichki auditorlarning eng kam soni qancha boʻlishi kerak?

– IAX xodimlarini sertifikatlash tartibi (tijorat banklari va byudjet tashkilotlaridan tashqari) Nizomda belgilangan.

IAX xodimlari ichki auditor sertifikatiga ega boʻlishlari kerak . Ular korxonaning kuzatuv kengashi yoki muassisi (aksiyadorlar umumiy yigʻilishi, ishtirokchilar umumiy yigʻilishi) tomonidan belgilanadigan tartib va shartlarga asosan tanlov asosida tayinlanadi.

IAX xodimlarining soni ichki audit vazifalarini hal etish uchun yetarli boʻlishi kerak, lekin 2 nafardan kam boʻlmagan sertifikatlangan ichki auditordan iborat boʻlishi kerak. Xodimlarning aniq soni kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.

IAXda rahbar (ichki auditor sertifikatiga ega boʻlgan) boʻlishi kerak, u xarajatlarning yillik smetasini tuzadi va uni tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga taqdim etadi.

 

 

Audit Audit Audit /oz/publish/doc/text188809_qanday_korhonalarda_ichki_audit_hizmati_bulishi_kerak