9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2023 yilda xorijdan pul oʻtkazmalarini olgan jismoniy shaxslarga soliqchilar ushbu tushumlar summasiga soliq hisoblash toʻgʻrisida xabarnoma yoʻllashdi. Bu talay savollar tugʻdirdi. Ular orasida keng tarqalganlari: “Soliqchilar axborotni qayerdan olishdi va nima uchun bank siri toʻgʻrisidagi qonun ishlamayapti?”, “Xorijdan pul oʻtkazmalariga soliqlar solinadimi?”.
Soliq qoʻmitasi ushbu savollarga javoblarni taqdim etdi. Soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA soliqchilarning xulosasiga rozi boʻlmaganingizda nima qilish kerakligi haqida gapirib berdi.
Muhim tushuntirishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Soliq qoʻmitasi tushuntirdi:
“Tijorat banklari jismoniy shaxsning hisobraqamiga xorijdagi chet el yuridik shaxsidan pul mablagʻlari kelib tushganligi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborotni soliq organlariga taqdim etadi
.
Jismoniy shaxs pul mablagʻlarini jismoniy shaxsdan olgan boʻlsa, ushbu daromadlarga soliq solinmaydi va jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya taqdim etilmaydi
.
Agar jismoniy shaxs chet el yuridik shaxsidan daromadlar olgan boʻlsa, ushbu daromadlarga deklaratsiya asosida soliq solinishi lozim, uni 1 aprelga qadar taqdim etish zarur
.
Soliq toʻlovchi ushbu daromadlar boʻyicha deklaratsiyani 1 aprelga qadar boʻlgan muddatda taqdim etmasa, soliq organi oʻzida mavjud axborot asosida soliqni hisoblash va bu haqda soliq toʻlovchini xabardor qilishga haqli. Hisoblangan soliq toʻgʻrisida batafsil axborot bilan xabarnoma soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida mavjud. Soliq 1 iyunga qadar toʻlanadi
.
Agar soliq toʻlovchi hisoblangan soliq summasiga rozi boʻlmasa va unda asoslovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, u my3.soliq.uz sayti orqali ushbu hujjatlarni ilova qilgan holda deklaratsiya boʻyicha qayta hisob-kitobni taqdim etishi lozim”.
Gulnora ERGAShEVA:
– Soliq qoʻmitasi soliqchilarning yuridik shaxslardan xorijiy oʻtkazmalarga nisbatan harakatlarining qonuniyligini tasdiqlovchi normativ-huquqiy hujjatlarni keltirgan holda oʻz harakatlarini asoslab berdi. Ammo menga maslahat yuzasidan murojaat qilganlar orasida soliqchilarning ma’lumotlari xato ekanligi, ular yuridik shaxslardan pul oʻtkazmalarini olmaganliklari, bu jismoniy shaxsning puli ekanligini ta’kidlaganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bu vaziyatda nima qilish kerak?
Har qanday holatda oʻz pozitsiyangizni isbotlashingizga, ya’ni soliq organiga pul jismoniy shaxsdan olinganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishingizga toʻgʻri keladi.
Nazarimda, soliq organining pozitsiyasi gʻalati, sababi e’tiroz bildirish uchun jismoniy shaxs tomonidan jismoniy shaxsdan olingan pul oʻtkazmasi dastlab daromad toifasiga kiritilishi kerak. Ya’ni soliq organida aynan ushbu pul oʻtkazmasi SKning 393-moddasiga binoan Oʻzbekistondan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar jumlasiga kirishi yuzasidan dalillar boʻlishi kerak. Buni amalga oshirish mushkul, chunki jismoniy shaxs pulni qarzga, qarzni soʻndirish hisobiga yuborishi, hadya qilishi, uchinchi shaxslarga yuborish mumkin va hokazo.
SKning 42-moddasiga asosan nafni baholash imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirda va bunday nafni baholash mumkin boʻlgan darajada hisobga olinadigan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy naf daromad deb e’tirof etiladi.
Ammo, hatto dalillar (yozma bitim, misol uchun pulni hadya qilish) mavjud boʻlsa ham, ushbu summa SKning 378-“Soliq solinmaydigan daromadlar” moddasi 11-bandi ta’siri ostiga tushadi.
Shuni ta’kidlab oʻtamanki, SKning 212-moddasiga asosan soliqqa oid huquqbuzarlik fakti va shaxsning uni sodir etishda aybdorligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi holatlarni isbotlash majburiyati soliq organlarining zimmasiga yuklatiladi.
Soliq toʻlovchi yuzaga kelgan vaziyatda nima qilishi kerak
Toʻlamaslik va soliqchilarga javob bermaslik, soliqchilar sizni sudga berishini kutish mumkin. Sudda siz hujjatlarni taqdim etishingiz va oʻtkazma jismoniy shaxs tomonidan boʻlganligini isbotlashingizga toʻgʻri keladi.
Boshqa variant – hozir harakat qilish. Soliq qoʻmitasiga sizga bildirilgan e’tirozlar asoslanmaganligi yuzasidan shikoyat bilan murojaat qiling. Oʻtkazma jismoniy shaxsdan boʻlganligini isbotlovchi hujjatlarni ilova qiling.
Buxgalter.uz tavsiya qiladi
- Jismoniy shaxsning daromadlari qanday deklaratsiyalanadi
- Qaysi muddatda va qanday qilib deklaratsiya topshirish va soliq toʻlash kerak
- Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya qanday toʻldiriladi va soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali joʻnatiladi
- Deklaratsiyada xato aniqlansa, nima qilish kerak
![]()