9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Raqamli markirovka qoidalaridagi boʻshliqlar qonuniy biznesga qanday zarar yetkazmoqda
2024 yilda raqamli markirovka boʻyicha Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori qabul qilindi. Ular asosan javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan, bir paytning oʻzida texnik masalalar hal etilmay qolmoqda. Ular orasida -- markirovka qilingan tovarlarni muomaladan chiqarish muammolari mavjud.
Buxgalter.uz iltimosiga koʻra "ICONSULTANT" Soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA oʻz takliflari bilan oʻrtoqlashdi:
Mutaxassisning kerakli tushuntirishini oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Muammolar qayerda paydo boʻlmoqda
– Oʻzbekistonda tovarlarni raqamli markirovkalash joriy etilganiga 3 yildan oshdi. Uning xufyona iqtisodiyot va kontrafakt bilan kurashishdagi ahamiyati shubhasiz, ammo uni amalga oshirish qonunga amal qilib faoliyat yuritayotgan biznesda bir qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Qoidalarda biznesning oʻz faoliyatini qonuniy olib borish qobiliyatiga ta’sir qiluvchi boʻshliqlar mavjud.
Soliq qoʻmitasi biznes bilan muammolarni muhokama qildi, markirovka qilingan tovarlarni muomaladan chiqarishning variantlarini taklif qildi. Masalan, donabay sotiladigan tabletkalar va quyib sotiladigan spirtli ichimliklarni muomaladan chiqarish qoidalari. Ammo yakuniy qaror qabul qilinmagan, bu esa tibbiyot sohasi, umumiy ovqatlanish va mehmonxona biznesi korxonalari uchun noaniqlik yaratmoqda.
Bemorlarni davolashda tibbiyot muassasalari tomonidan ishlatilgan dori vositalarini muomaladan chiqarish uchun texnik imkoniyatlar yoʻq.
Avans va kredit toʻlovlari cheklarida markirovka qilinadigan tovarlarni (maishiy texnika) aks ettirish muammosi alohida xavotir uygʻotmoqda. 23.11.2019 yildagi VMQ-943-sonli qarorga koʻra bu cheklarda markirovka belgisini aks ettirish kerak, ammo buni qanday qilish – noaniq. Boʻnak va kredit toʻlovlari cheklarida markirovka belgisini aks ettirish shart emasligi haqida soliq idoralarining ogʻzaki tushuntirishlari VMQga mos kelmaydi.
Eslatib oʻtaman, amaldagi qonunchilikka koʻra, soliq toʻlovchining Soliq qoʻmitasi tomonidan noma’lum shaxslar doirasiga taqdim etilgan soliq qonunchiligini qoʻllash boʻyicha yozma tushuntirishlarga amal qilishi bu shaxsning soliq huquqbuzarligini sodir etishdagi aybini istisno qiladi. Shuning uchun qoʻmita ogʻzaki emas, balki aynan yozma tushuntirishlar berishi muhim.
Nimalarni qilish mumkin va zarur
Koʻrsatilgan texnik masalalarni tezkor hal qilish va tadbirkorlarga aniq rasmiy yozma koʻrsatmalar berish zarur. Shunda raqamli markirovka talablarini vijdonan bajarish uchun shart-sharoitlar yaratilgani haqida gapirish mumkin. Aks holda, nazoratning kuchaytirilishiga qaramay, tizimning samaradorligi shubha ostida qoladi, qoidalarga amal qiladigan biznes esa asossiz xatarlarga duch keladi.
Biznesning xavotirlari asossiz emas, har qanday, hatto ahamiyatsiz qoidabuzarlik uchun chorak yillik sof tushumning 2 foizi miqdoridagi jarima toʻlash zarurligi xavotir uygʻotmoqda. Biznes bu jarimalar texnik yechimi boʻlmagan vaziyatlarda ham qoʻllanilishidan qoʻrqmoqda. Bunda har bir holatni shikoyat qilib, vaziyatni idora yuqori rahbariyatiga yetkazish imkoniyatlari kam. Bu mas’uliyatli korxonalarning adolatsiz jazolanishi xavfini yaratadi.
Soliq qoʻmitasida raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish va soliq tushumlarining toʻliqligini ta’minlash uchun 7 ta shtat birligidan iborat maxsus tuzilma yaratilmoqda. Raqamli markirovka tizimining shaffofligi va samaradorligini ta’minlash uchun zarur boʻlgan yozma qoʻllanmani ishlab chiqish va soliq toʻlovchilarga yetkazish vazifasini unga yuklash mantiqan toʻgʻri boʻlar edi.
Ammo avval biznes vakillari bilan uchrashuv oʻtkazish maqsadga muvofiq. Bu TADAT (soliq ma’muriyatchiligini diagnostik baholash vositasi) tavsiyalariga mos keladi, u oʻzining uchinchi komponentida (POA3) soliq toʻlovchilar talablarga ixtiyoriy rioya etish uchun zarur ma’lumot va qoʻllab-quvvatlash bilan qanchalik ta’minlanganini baholaydi.
Xufyona iqtisodiyot va kontrafakt bilan kurash, shubhasiz, qoʻllab-quvvatlashga loyiq va muhim davlat vazifasi hisoblanadi. Ammo yana bir bor ta’kidlayman: barcha koʻrsatilgan masalalar hal etilmaguncha va aniq, tushunarli va texnik jihatdan amalga oshiriladigan qoidalar yaratilmaguncha, biznesdan raqamli markirovkaning barcha talablariga rioya qilishni kutib boʻlmaydi.
Oleg GAYeVOY tayyorladi