Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Foyda soligʻi boʻyicha asosan soliq stavkalariga, shuningdek chegiriladigan va chegirilmaydigan xarajatlar tarkibiga oʻzgartirishlar kiritildi. 24.12.2018 yildagi OʻRQ–508-son Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan tuzatishlardan shunday xulosaga kelish mumkin.
Yangi stavkalar
2019 yilda aksariyat yuridik shaxslar uchun foyda soligʻi stavkalari pasaytiriladi:
- tijorat banklari uchun – 22%dan 20%gacha;
- qolgan yuridik shaxslar uchun (ayrimlarni istisno etganda) – 14%dan 12%gacha.
Soliq stavkalarining pasaytirilishi uni toʻlovchilar zimmasidagi soliq yukini kamaytiradi, boʻshagan mablagʻlarni korxonani rivojlantirishga va investitsiyalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Ayni paytda sement (klinker) va polietilen granulalar ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar uchun soliq stavkalari 14%dan 20%gacha oshiriladi.
Rentabellik darajasiga qarab tabaqalashtirilgan stavkalarga (14% va 50%) ega boʻlgan uyali aloqa operatorlari uchun foyda soligʻining yagona stavkasi – 20% joriy etilmoqda.
Xarajatlar: bunisi – mumkin, bunisi esa – mumkin emas
Chegiriladigan va chegirilmaydigan xarajatlar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritildi. Bugungi kunda soliq solinadigan foydani aniqlashda chegiriladigan xarajatlar roʻyxati batafsil hisoblanadi (Soliq kodeksining 142–146-moddalari). Chegirilmaydigan xarajatlar roʻyxati esa – aksincha, ochiq (Soliq kodeksining 147-moddasi).
2019 yildan boshlab chegirilmaydigan xarajatlar roʻyxati batafsil, chegiriladigan xarajatlarniki esa ochiq boʻladi. Bu soliq solinadigan bazani aniqlashni ancha soddalashtirish, demak, soliqni hisoblab chiqarishda xatolarga yoʻl qoʻymaslik va tekshirishlarda nizoli masalalar yuzaga kelmasligi imkonini beradi.
Chegiriladigan xarajatlarning ayrim moddalari ta’riflariga quyidagi tuzatishlar kiritilmoqda:
- vakillik xarajatlari boʻyicha cheklovlar olib tashlandi (Soliq kodeksining 145-moddasi 11-bandi). Ilgari chegiriladigan xarajatlar tarkibidagi ularning summasi QQS va aksiz soligʻini kiritgan holda mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish tushumi hajmining bir foizidan oshishi mumkin emas edi;
- sutkalik xarajatlar boʻyicha cheklovlar olib tashlandi;
- jismoniy shaxslar foydasiga toʻlanadigan sugʻurta mukofotlari summalari boʻyicha cheklovlar olib tashlandi (Soliq kodeksining 145-moddasi 32-bandi). Ilgari chegiriladigan xarajatlarni aniqlash uchun norma tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan QQS va aksiz soligʻini qoʻshgan holda tushgan tushum hajmining ikki foizini tashkil etardi;
- mehnatda mayib boʻlganlik, kasb kasalligi yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetganligi bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash boʻyicha barcha toʻlovlar endi chegiriladigan xarajatlarga kiritiladi (Soliq kodeksining 145-moddasi 55-bandi);
- shaharlar va shaharchalarni obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun xarajatlar chegiriladigan xarajatlardan chiqarib tashlandi. Ushbu xarajatlar chegirilmaydigan xarajatlar tarkibiga kiritildi;
- ishlatib kelinayotgan toʻliq eskirgan asbob-uskuna uchun toʻlanadigan haq chegiriladigan xarajatlar roʻyxatidan chiqarib tashlandi.
Chegirilmaydigan xarajatlarning (Soliq kodeksining 147-moddasi) ayrim moddalari ta’riflariga tuzatishlar kiritilmoqda:
- badallar, homiylik va xayriya yordami tarzidagi mablagʻlar, ularni kim olishidan qat’i nazar, chegirilmaydigan xarajatlar hisoblanadi.
Ilgari oluvchilar roʻyxati belgilangan edi.
- sud chiqimlari chiqarib tashlandi;
- avvalgi izohlar bilan asosiy vositalarning chiqib ketishidan koʻrilgan zararlargina chegirilmaydigan xarajatlarga kiradi. Boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan koʻrilgan zararlar chegirilmaydigan xarajatlar tarkibidan chiqarib tashlandi;
Chegirilmaydigan xarajatlar roʻyxatiga quyidagilar qoʻshildi:
- Oʻzbekiston norezidentlari va boshqa shaxslar uchun toʻlangan soliqlar;
- tekshiruvlar natijalariga koʻra qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
- soliq toʻlovchining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlar (sogʻliqni saqlash, sport va madaniyat tadbirlari, dam olishni tashkil etish va hokazo) uchun xarajatlar;
- kasaba uyushmasi qoʻmitalariga yordam koʻrsatish;
- mahsulot ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarni (xizmatlarni) bajarish uchun xarajatlar (shaharlar va shaharchalarni obodonlashtirish ishlari, qishloq xoʻjaligiga yordam koʻrsatish va boshqa turdagi ishlar).
Yangi stavkalar boʻyicha amortizatsiya
2019 yildan boshlab soliq solish maqsadlari uchun amortizatsiya stavkalari ayrim toifadagi asosiy vositalar boʻyicha mol-mulkdan foydalanish muddatidan kelib chiqib qayta koʻrib chiqildi va quyidagi miqdorlarda belgilandi:
- binolar va imoratlar – 3%;
- inshootlar – 5%;
- temir yoʻlning harakatdagi tarkibi, dengiz, daryo kemalari, baliqchilik sanoati kemalari, havo transporti – 4%.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda Soliq kodeksida asosiy vositalarning ushbu toifalari uchun amortizatsiyaning quyidagi eng yuqori normalari belgilangan (Soliq kodeksining 144-moddasi):
- binolar, imoratlar va inshootlar – 5%;
- temir yoʻlning harakatdagi tarkibi, dengiz, daryo kemalari, baliqchilik sanoati kemalari, havo transporti – 8%.
Amortizatsiya normalarining pasaytirilishi xarajatlar qisqarishi va foyda koʻpayishiga, demak, foyda soligʻi oshishiga olib keladi.
Oʻzbekiston rezidentlarining xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlaridan soliq toʻlanmaydi
Mazkur imtiyoz xorijiy investorlarni jalb etish, Oʻzbekiston korxonalari chiqaradigan va xalqaro bozorlarda joylashtiradigan qimmatli qogʻozlar jozibadorligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda.
Ilgari davlat maqsadli jamgʻarmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra tashkil qilinadigan byudjetdan tashqari jamgʻarmalarning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini moliya bozorlarida joylashtirishdan foizlar foyda soligʻidan ozod qilinar edi. 2019 yil 1 apreldan ushbu norma bekor qilinadi.
Dividendlar va foizlardan soliq stavkasi pasaytiriladi
Dividendlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromadlarga ularni toʻlash manbaida soliq solinadi (Soliq kodeksining 156, 184-moddalari). Bugungi kunda ushbu daromadlar boʻyicha soliq stavkasi, ularni kim – yuridik yoki jismoniy shaxs olishidan qat’i nazar, 10%ni tashkil etadi.
2019 yildan dividendlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromadlarga soliq stavkasi 5%gacha pasaytiriladi. Yuridik shaxslar uchun ham, jismoniy shaxslar uchun ham toʻlov manbaida soliq solish tartibi saqlanib qoladi.
Norezidentlar uchun dividendlar va foizlarga soliq stavkasi 10% miqdorida saqlanib qoladi.
Norezidentlarning boshqa turdagi daromadlari boʻyicha stavkalar ham oʻzgartirishsiz qoldiriladi.
Qonun «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va 1.01.2019 yildan kuchga kiradi.
«Norma» professional rivojlanish markazida A. Toshxoʻjayeva oʻtkazadigan seminarda soliq qonunchiligidagi oʻzgartirishlar bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.