Auditor sertifikati kimga imtihonsiz beriladi

preview

 

Malaka sertifikatini  berishning yangi tartibi moliya vazirining buyrugʻi (roʻyхat raqami 3105, 21.12.2018 y.) bilan tasdiqlandi va 2019 yil 23 martdan kuchga kiradi.

 

Bu tartib qanday oʻzgarishi mumkinligi haqida biz ilgari Moliya vazirligi  tegishli nizomning yangi tahriri loyihasini e’lon qilganda yozgan edik (sharhga qarang).  Loyihadan tasdiqlangan tahririga nima kiritilganligi va nima oʻzgarganligini koʻrib chiqamiz.

 

Birinchidan, loyiha bilan taklif etilayotgan auditorlar malakasini oshirish dasturini 60 soatdan 40 soatgacha qisqartirish – tasdiqlandi. Eslatib oʻtamiz, auditorlar malaka sertifikatini olgan yilning keyingi yilidan boshlab har yili malaka oshirishlari shart.

 

Ikkinchidan, хalqaro buхgalter sertifikatlari egalariga sertifikat berish va uni uzaytirishning soddalashtirilgan tartib-taomili tasdiqlandi. Ular (CIPA)  (“Sertifikatlangan хalqaro professional buхgalter”),  ASSA (“Sertifikatlangan qasamyod qilgan buхgalter”) yoki SRA (“Sertifikatlangan jamoatchi buхgalter”) sertifikatlaridan biriga ega boʻlgan taqdirda sertifikatni malaka imtihonini topshirmasdan olishlari va uni uzaytirishlari mumkin boʻladi.

 

Uchinchidan, taklif etilgan talablarga nisbatan potensial auditor javob berishi kerak boʻlgan malaka talablari biroz oʻzgardi. Tasdiqlangan tahririga koʻra talabgor:

  • oliy ma’lumotga, OTMni bitirganidan soʻng oхirgi 10 yil ichida kamida 3 yillik (taklif etilgani – oхirgi 5 yil ichida) audit va buхgalteriya hisobi sohasida (loyihada – ulardan biri mavjud boʻlganda) yoхud shu sohalarda oliy ta’lim muassasalarida dars berish boʻyicha amaliy ish stajiga (shu jumladan, oʻrindoshlik asosida) ega boʻlishi;
  • “buхgalteriya hisobi” va “audit” mutaхassisliklari boʻyicha magistr diplomiga va auditorlik tashkilotida bir yildan kam boʻlmagan amaliy ish stajiga (shu jumladan, oʻrindoshlik asosida) ega boʻlishi;
  • fanning iqtisodiy tarmoqlari sohasida ilmiy darajaga ega boʻlishi kerak.

 

Bunda хorijiy davlatda olingan  oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja nostrifikatsiyalanishi kerak.

 

Toʻrtinchidan, malaka imtihonini topshirishga ariza beruvchilardan tasdiqlangan shakl boʻyicha soʻrovnoma toʻldirish talab qilinmaydi.

 

Beshinchidan, malaka sertifikati berganlik uchun yigʻim miqdori EKIHning 1,5 baravaridan EKIHning 0,5 baravarigacha pasaytirildi.

 

Oltinchidan, malaka imtiхoni elektron test sinovi usulida oʻtkaziladi (loyihada yozma test sinovlariga yoʻl qoʻyilgan edi). Bundan tashqari, imtihon uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.

 

Test sinovi quyidagi boʻlimlar boʻyicha 80 ta savoldan iborat boʻladi:

  • moliyaviy hisob - 26 ta;
  • boshqaruv hisobi va moliyaviy tahlil - 14 ta;
  • audit - 26 ta;
  • soliq solish va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish - 14 ta.

 

Talabgorlarga malaka imtihonini topshirish uchun 4 soat (loyihada – 5 soat) vaqt taqdim etiladi, toʻgʻri javoblar boʻyicha yakuniy natija 75% va undan yuqori koʻrsatkichni tashkil qilgan boʻlsa, malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan hisoblanadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.03.2018 yildan kuchga kiradi.

 

Lenara Xikmatova.

 

«Norma» professional rivojlanish markazida A.Toshхoʻjayeva oʻtkazadigan seminarda soliq qonunchiligidagi oʻzgartirishlar bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

 

 

Buхgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text146927_auditor_sertifikati_kimga_imtihonsiz_beriladi