Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
2019 yil I choragi uchun Foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlar toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani DSIga taqdim etish bilan bogʻliq vaziyat bu hafta eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻldi. Soliqchilar uni topshirmagan yoki «nol» bilan toʻldirgan soliq toʻlovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻllash-qoʻllamasliklari haqida soliq maslahatchisi Gulnora Ergasheva tushuntirish beradi.
10 yanvar ortda qolganligi munosabati bilan hammani tinchlantirmoqchiman: soliq organlari hech qanday moliyaviy, ma’muriy yoki boshqa tusdagi choralarni qoʻllamasliklari kerak.
Bu Soliq kodeksidan kelib chiqadi.
Joriy toʻlovlarni toʻlash – soliq toʻlovchining majburiyati. Soliq toʻlovchilar uni belgilangan muddatda bajarishlari kerak, bu Soliq kodeksining 32, 34, 36-moddalarida nazarda tutilgan.
Yagona soliq toʻlovini toʻlashdan umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan yuridik shaхslar foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarni toʻlash majburiyatiga ega emas. Bu Soliq kodeksining 354-moddasidan kelib chiqadi. Ushbu normaga muvofiq, ular umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan birinchi chorak uchun foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilinadi.
Savol yuzaga keladi: ular 10 yanvargacha Foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlar toʻgʻrisida ma’lumotnoma taqdim etishlari shart edimi?
Bu savolga javob berish uchun Soliq kodeksiga murojaat qilamiz.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchining soliq va boshqa majburiy toʻlovning har bir turi boʻyicha yoki toʻlangan daromadlar boʻyicha hisob-kitoblar hamda soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga va soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni oʻz ichiga oladigan hujjati boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda tuziladi (Soliq kodeksining 43-moddasi). Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda taqdim etiladi (Soliq kodeksining 45-moddasi).
Foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarning summasini aniqlash uchun soliq toʻlovchilar joriy hisobot davri birinchi oyining 10-kunigacha DSXOga joriy hisobot davri uchun yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar. Bu summa taхmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan va soliqning belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblanadi.
Joriy toʻlovlar har oyning 10-kunidan kechiktirmay yil choragi boʻyicha foyda soligʻi summasining uchdan bir qismi miqdorida toʻlanadi.
Hisobot davrida taхmin qilinayotgan soliq solinadigan foyda eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan soliq toʻlovchilar joriy toʻlovlarni toʻlamaydi.
Foyda soligʻining hisob-kitob summasi hisobot davri uchun byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliqning haqiqiy summasiga nisbatan 10 foizdan koʻproq kamaytirilgan taqdirda, soliq organi penya hisoblashga haqli.
Yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi (Soliq kodeksining 164-moddasi).
Joriy toʻlovlar toʻgʻrisidagi ma’lumotnomaga (22.03.2013 yilda 2439-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) izoh berilgan:
1. Agar normativ-huquqiy hujjatlarda toʻliq ozod boʻlish koʻrinishida yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha imtiyoz berilgan boʻlsa, 010, 040, 070 va 110-satrlarda «0» qoʻyiladi;
2. Agar 010-satr qiymati eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan kamni tashkil etsa, 020, 030-satrlarda «0» qoʻyiladi va yuridik shaхslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlar toʻlanmaydi.
Shu tariqa, foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinmagan, biroq joriy toʻlovlarni toʻlamaydigan soliq toʻlovchilar uchun «nol» bilan hisobot topshirish nazarda tutilmagan.
Xulosa chiqaramiz: YaSTni toʻlashdan umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan soliq toʻlovchilar birinchi chorak uchun Foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarni toʻlashga doir ma’lumotnomani taqdim etishlari kerak emas, sababi joriy toʻlovlarni toʻlash majburiyati yoʻq.
Ma’lumotnomani «nol» bilan topshirgan soliq toʻlovchilar ham hech qanday huquqbuzarlikka yoʻl qoʻymaganlar. Biroq faqat soliq toʻlashdan ozod qilinganda «nol» nazarda tutilganligi bois kompyuter dasturi penya hisoblashi mumkin. Soliq organlari buni e’tiborga olib, soliq tizimiga bunday jiddiy oʻzgartirishlar kiritilayotgan paytda sanksiyalarni nohaq qoʻllamasliklariga umid qilamiz.