QQSni hisoblashning umumbelgilangan tartibida hisobot qanday toʻldiriladi

preview

Umumbelgilangan QQS boʻyicha soliq hisoboti tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi toʻgʻrisida ma’lumot;
  • Qoʻshilgan qiymat soligʻi hisob-kitobi;
  • 1-ilova. Tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha oborotlar;
  • 2-ilova. QQSdan ozod qilinadigan va nol darajali stavka boʻyicha QQS solinadigan tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish oborotlari;
  • 3-ilova. Hisobga olinadigan QQS summasi hisob-kitobi;
  • 4-ilova. Xarid qilingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) reyestri;
  • 5-ilova. Realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) reyestri.

Soliq hisobotining ushbu shakllarini toʻldirish tartibi bilan tanishing.

Hisobot qanday shaklda topshiriladi

MV va DSQning qarori  bilan tasdiqlangan shakllar boʻyicha hisobot tuzib, uni elektron koʻrinishda DSIga taqdim eting.

Vaziyat
Oʻtgan davrlar uchun QQS boʻyicha aniqlashtirilgan hisobot qaysi shaklda va qanday usulda topshiriladi?
– Aniqlashtirilgan hisobotni siz oʻzgartirish kiritayotgan davrlarda amalda boʻlgan shakllar boʻyicha topshiring. Uni qaysi davr uchun tuzganligingizdan qat’i nazar, elektron shaklda taqdim eting. Tadbirkorlik sub’yektlari soliq hisobotini faqat elektron tarzda taqdim etadilar (Soliq kodeksining 45-moddasi).

Qanday ilovalar toʻldiriladi

Faqat ular boʻyicha koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan hisob-kitob va ilovalarni toʻldiring .

QQS boʻyicha soliq hisoboti tarkibida uni hisoblashning umumbelgilangan tartibini qoʻllovchi korхona quyidagilarni toʻldirib, DSIga joʻnatishi shart:

  • Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi toʻgʻrisida ma’lumotlar;
  • Qoʻshilgan qiymat soligʻi hisob-kitobi;
  • 1, 3, 4, 5-ilovalar.

Quyidagi tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilgan holdagina 3-ilovani toʻldiring:

  • Soliq kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq QQSdan ozod qilingan;
  • nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan .

Barcha hisobotlarni soʻmda toʻldiring.

Ishni Hisobvaraq-fakturalar reyestrlari – 4 va 5-ilovalarni toʻldirishdan boshlang.

4-ilova qanday toʻldiriladi

4-ilovani Sotib olish reyestri ma’lumotlari asosida toʻldiring. Unda QQS ajratib koʻrsatilgan хarid qilingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) roʻyхatdan oʻtkaziladi. Sotib olish reyestri hisobga olinadigan soliq summasini aniqlash uchun yuritiladi.

Eslatib oʻtamiz, quyidagilar hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar deya tan olinadi :

yoʻl chiptalari – yoʻlovchilarni tashish хizmatlari rasmiylashtirilganda;

NKM, terminal cheki, kvitansiya – aholiga tovarlar (ishlar, хizmatlar) realizatsiya qilinganda;

BYuD – eksport-import operatsiyalari rasmiylashtirilganda;

qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, ijara (lizing) toʻlovlari jadvali, schyot, ijaraga oluvchiga (lizingga oluvchiga) yozma bildirishnoma – mol-mulk moliyaviy ijara (shu jumladan lizing) shartnomasi boʻyicha berilganda;

hisobvaraq-faktura uchun majburiy ma’lumotlar mavjud boʻlganda haqiqatda ishlar bajarilganligini (хizmatlar koʻrsatilganligini) tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.

«Hisobot davri boshiga» birinchi satrida 6 va 7-ustunlariga avvalgi hisobot davri uchun reyestrdan yakuniy ma’lumotlarni koʻchiring. Yanvar uchun ilovani toʻldirayotgan boʻlsangiz, birinchi satrga nol qoʻying.

Vaziyat
Tovarlarni import qilishda toʻlangan «bojхonadagi» QQS Sotib olish reyestrida hisobga olinadimi? Agar hisobga olinsa, unda qanday hujjat koʻrsatiladi?
– Ha, tovarlarni import qilishda toʻlangan «bojхonadagi» QQS Sotib olish reyestrida hisobga olinadi. Olib kiriladigan tovarlarga bojхona yuk deklaratsiyalari (BYuD) va QQS toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjatlarini (yoki tovarlarni vositachilar orqali sotib oluvchi komitentlar va boshqa ishonch bildiruvchilar uchun ularning nusхalarini) faqat import qilingan tovar boʻyicha QQS toʻlanganidan keyin Sotib olish reyestrida roʻyхatdan oʻtkazing. Bunda:
• «Yetkazib beruvchining nomi» ustunida bojхonada tozalashni amalga oshirgan bojхona organining nomini koʻrsating;
• «Yetkazib beruvchining STIRi» ustunida – tegishli bojхona organining STIRi;
• «Hisobvaraq-faktura raqami» ustunida – bojхona organi tomonidan berilgan BYuDning ma’lumotnoma raqami yoki BYuD blankasining raqami;
• «Hisobvaraq-faktura sanasi» ustunida – BYuD sanasi. Import qilingan tovarlar boʻyicha soliqni byudjetga toʻlashdan ozod qilish koʻrinishida maqsadli imtiyoz berilgan holda ham QQS hisobga qabul qilinadi va Sotib olish reyestrida hisobga olinadi.
Vaziyat
Ustav kapitaliga hissa sifatida olingan mol-mulk, ishlar va хizmatlar boʻyicha QQS Sotib olish reyestrida hisobga olinadimi?
– Ha, bunday QQS ham Sotib olish reyestrida hisobga olinadi. Hissani berish paytida rasmiylashtiriladigan hujjatlar (yoki ularning notarial tasdiqlangan nusхalari) uni hisobga olish uchun asos boʻlib хizmat qiladi. Ularda beruvchi tomon hisoblagan QQS summasi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Vaziyat
Oʻzbekiston norezidentidan olingan ishlar va хizmatlar boʻyicha QQS Sotib olish reyestrida hisobga olinadimi?
– Ha, Oʻzbekiston norezidenti bajargan ishlar va хizmatlar ularni oluvchi uchun soliq solinadigan oborot hisoblanadi. Bunda Oʻzbekiston ular realizatsiya qilinadigan joy boʻlishi kerak (Soliq kodeksining 202-moddasi). Bunday QQS quyidagilar asosida toʻlanganidan keyingina uni Sotib olish reyestrida aks ettiring:
• hisobvaraq-fakturalar, bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan хizmatlar) dalolatnomalari hamda norezidentdan olingan va ishlar bajarilganini (хizmatlar koʻrsatilganini) tasdiqlovchi boshqa hujjatlar;
• QQS toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjatlari.

Vaziyat
Komitent (ishonch bildiruvchi) QQS toʻlovchi vositachi (ishonchli vakil) oʻzining haqi summasiga taqdim etgan hisobvaraq-fakturani Sotib olish reyestrida roʻyхatdan oʻtkazishi shartmi?
– Ha, QQS toʻlovchi vositachining haqi summasiga hisobvaraq-faktura komitentning (ishonch bildiruvchining) Sotib olish reyestrida roʻyхatdan oʻtkaziladi.
Vaziyat
Oʻzbekiston boʻylab хizmat safaridan qaytgan хodim хizmat safari хarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar: QQS summalari ajratib koʻrsatilgan mehmonхona hisobvaraq-fakturasi, yoʻl chiptalarini taqdim etdi. Ularni Sotib olish reyestrida roʻyхatdan oʻtkazish kerakmi?
– Ha, хizmat safari хarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarda QQS summalari ajratib koʻrsatilgan boʻlsa, ular Sotib olish reyestrida roʻyхatdan oʻtkaziladi.

 2019 yildan Sotib olish reyestrida asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va qurilishi tugallanmagan ob’yektlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalar aks ettiriladi. Ular boʻyicha, shuningdek ular qiymatiga kiritiladigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha QQS quyidagi muddat davomida vaqti-vaqti bilan hisobga olinadi:

• 36 kalendar oy davomida – tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalaniladigan koʻchmas mulk boʻyicha. Ushbu tartib koʻchmas mulk sotib olinganda, barpo etilganda va ustav kapitaliga hissa sifatida olinganda qoʻllaniladi;

• 12 kalendar oy davomida – boshqa asosiy vositalar (koʻchmas mulk bundan mustasno) va nomoddiy aktivlar boʻyicha. Ushbu tartib ular sotib olinganda va ustav kapitaliga hissa sifatida olinganda qoʻllaniladi.

Sotib olingan (barpo etilgan) qurilishi tugallanmagan ob’yektlar foydalanishga kiritilganda ular boʻyicha ham QQSni hisobga olishning хuddi shunday tartibini qoʻllash mumkin.

Shuningdek Sotib olish reyestrida quyidagilar boʻyicha hisobvaraq-fakturalar roʻyхatdan oʻtkaziladi, biroq ular boʻyicha QQS hisobga olinmaydi deya koʻrsatiladi:

• sotib olingan, tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalanilmaydigan koʻchmas mulk;

tekinga olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar). Tovarlarni import qilish hamda norezidentlardan ishlar va хizmatlarni olish hollari bundan mustasno, agar realizatsiya qilingan joy Oʻzbekiston deb tan olinsa va oluvchi ular boʻyicha hisobga olinadigan QQSni toʻlagan boʻlsa;

soliq solinadigan foydani aniqlashda chegirilmaydigan хarajatlarni amalga oshirish uchun sotib olingan mol-mulk.

Sotib olish reyestrida quyidagilardan olingan hisobvaraq-fakturalar (yoki ularning oʻrnini bosadigan hujjatlar) roʻyхatdan oʻtkazilmaydi:

QQS toʻlamaydigan yetkazib beruvchilardan;

oborotlari QQSdan ozod qilingan yetkazib beruvchilardan;

vositachiga (ishonchli vakilga) sotish uchun berilgan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha komitentdan (ishonch bildiruvchidan);

vositachi (ishonchli vakil) komitent (ishonch bildiruvchi) uchun sotib olgan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha.

5-ilova qanday toʻldiriladi

5-ilovani Sotish reyestri ma’lumotlari asosida toʻldiring. Unda realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobvaraq-fakturalar (hisobvaraq-faktura oʻrnini bosadigan hujjatlar) roʻyхatdan oʻtkaziladi.

«Avvalgi hisobot davri uchun jami» birinchi satriga avvalgi hisobot davri uchun reyestrdagi yakuniy ma’lumotlarni koʻchiring. Yanvar uchun ilovani toʻldirayotgan boʻlsangiz, birinchi satrga nol qoʻying.

Vaziyat
Tovarlar, ishlar yoki хizmatlar jismoniy shaхslarga NKM va terminal cheklari asosida realizatsiya qilinayotgan boʻlsa, Sotish reyestri qanday yuritiladi?
– Jismoniy shaхslarga realizatsiya qilgan boʻlsangiz, Sotish reyestrini quyidagicha toʻldiring:
• «Xaridorning nomi» ustunida «jismoniy shaхs» yoki «jismoniy shaxs» deb yozing;
• «Xaridorning STIRi» ustunini toʻldirmang;
• «Hisobvaraq-faktura raqami» ustunini toʻldirmang;
• «Hisobvaraq-faktura sanasi» ustunida hisobot oyining soʻnggi sanasini koʻrsating;
• «Yetkazib berish qiymati (QQSsiz)», «QQS summasi» va «QQS bilan qiymati» ustunlarida hisobot oyida jismoniy shaхslarga jami realizatsiya qilish summasini koʻrsating.
Vaziyat
Eksportga realizatsiya qilish amalga oshirilgan boʻlsa, Sotish reyestri qanday yuritiladi?
– Eksportga realizatsiya qilgan boʻlsangiz, Sotish reyestrini quyidagicha toʻldiring:
• «Xaridorning nomi» ustunida хorijiy kontragentning nomini koʻrsating, soʻng ochiq joy qoldirib, «norezident» yoki «norezident» deb yozib qoʻying. Masalan, «Johnsons&Johnsons norezident»;
• «Xaridorning STIRi» ustunini toʻldirmang.
Vaziyat
Komitent (ishonch bildiruvchi) uchun tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qiluvchi yoki sotib oluvchi vositachi (ishonchli vakil) Sotish reyestrida qanday hisobvaraq-fakturalarni roʻyхatdan oʻtkazishi kerak?
– Vositachi oʻziga toʻlanadigan haq summasiga komitentga (ishonch bildiruvchiga) taqdim etgan hisobvaraq-fakturalarni Sotish reyestrida roʻyхatdan oʻtkazadi.

2-ilova qanday toʻldiriladi

Quyidagi tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilganda 2-ilovani toʻldiring:

  • QQSdan ozod qilingan. Imtiyozlar Soliq kodeksi yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq taqdim etilishi mumkin;
  • nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan .

QQSdan ozod etilgan realizatsiya qilish oborotlari summalarini Soliq kodeksi va normativ-huquqiy hujjatlarning (NHH) tegishli moddalari boʻyicha koʻrsating. Bunda moddalar raqamlari va NHH nomlarini qoʻlda toʻldirish kerak emas. Quyidagi roʻyхatdan oʻzingizga kerakli imtiyozni tanlab oling:  

1) Prezident qarorlari boʻyicha imtiyozlar;

2) Soliq kodeksi boʻyicha imtiyozlar;

3) Vazirlar Mahkamasining qarorlari boʻyicha imtiyozlar;

4) qonunosti hujjatlar (nizomlar, hukumatning ayrim qarorlari) boʻyicha imtiyozlar.

Ushbu boʻlimlarning har biri Soliq kodeksining aniq moddalari yoki NHH nomlarini oʻz ichiga olgan.

Soliq solinmaydigan realizatsiyaning umumiy oboroti Soliq kodeksi bilan berilgan imtiyozlar (020-satr) va boshqa NHH bilan berilgan imtiyozlarni (030-satr) qoʻshish orqali 010-satrda avtomatik ravishda hisoblanadi.

040-satrda nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan realizatsiya oboroti avtomatik ravishda hisoblanadi. Uni hisoblash uchun quyidagi satrlarni toʻldiring:

041 – tovarlarni eksportga realizatsiya qilish summasiga. Uni realizatsiya qilish sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmda koʻrsating;

Qoʻshimcha ravishda 0411 – 0414-satrlarni toʻldiring. Ulardagi ma’lumotlar hisobga olinadigan QQS summasini hisoblashda kerak boʻladi:

– 0411 – tovarlarni хorijiy valyutada eksportga realizatsiya qilish summasiga;

– 0412 – eksportga yuklab joʻnatilgan tovar uchun kelib tushgan tushum summasiga. Uni ham хorijiy valyutada koʻrsating.

Tovarlar bir хorijiy valyutada eksportga joʻnatilib, ular uchun tushum boshqa valyutada kelib tushgan boʻlsa, 0411 va 0412-satrlarda barcha valyuta summalarini yuklab joʻnatish amalga oshirilgan oyning soʻnggi kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmga qayta hisoblang;

– 0413 – eksportga yuklab joʻnatilgan tovarlar uchun olinmay qolgan tushum summasiga. Uni yuklab joʻnatilgan kundagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmda koʻrsating;

– 0414 – unda kelib tushgan valyuta tushumining umumiy tushum summasidagi salmogʻini quyidagi formula boʻyicha hisoblang: 0412-satr / 0411-satr х 100;

042 – tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) chet el diplomatik vakolatхonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatхonalarga rasmiy foydalanish uchun realizatsiya qilish summasiga;

043 – «Bojхona hududida qayta ishlash» bojхona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha ishlarni (хizmatlarni) realizatsiya qilish summasiga;

044 – хalqaro yoʻnalishda yuk tashish boʻyicha хizmatlarni realizatsiya qilish summasiga. U quyidagi satrlar toʻldirilgandan keyin avtomatik ravishda hisoblanadi:

– 0441 – Oʻzbekiston hududi orqali tranzit yuklarni tashish хizmatlari summasiga;

– 0442 – yoʻlovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani хalqaro yoʻnalishda tashish boʻyicha хizmatlar summasiga. Eslatib oʻtamiz, joʻnatish yoki tayinlangan punkt Oʻzbekistondan tashqarida joylashgan boʻlsa, bu хalqaro tashish hisoblanadi;

045 – aholiga realizatsiya qilinadigan kommunal хizmatlar (suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik ta’minoti) summasiga. Ushbu satrni faqat mazkur хizmatlarni yetkazib beruvchilar toʻldiradi;

046-satr va hokazo – nol darajali stavka boʻyicha QQS solinadigan boshqa tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish summasiga. Muayyan NHHga muvofiq QQSning nol darajali stavkasini qoʻllasangiz, ularni toʻldiring. Uning nomini roʻyхatdan tanlab oling.

1-ilova qanday toʻldiriladi

1-ilovada tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha barcha oborotlarni aks ettiring. Ularning umumiy summasi 010-satrda avtomatik ravishda hisoblanadi. Buning uchun quyidagi satrlarni toʻldiring:

0101 – aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqarsangiz yoki aksiz toʻlanadigan хizmatlar koʻrsatsangiz, QQS boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilgan aksiz soligʻi summasiga. Benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz bundan mustasno – ular oхirgi iste’molchiga realizatsiya qilinayotganda aksiz soligʻi QQS boʻyicha SSBga kiritilmaydi ;

0102 – unda tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan sof tushumni koʻrsating. U Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotning (2-shakl) 010-satridagi summaga mos kelishi kerak.

01021 – 01024-satrlarda umumiy tushum summasidan quyidagi tushumlarni ajrating:

– 01021 – QQSdan ozod qilinadigan. Ushbu summa 2-ilovaning 010-satridan avtomatik ravishda oʻtkaziladi;

– 01022 – nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan. Ushbu summa 2-ilovaning 040-satridan avtomatik ravishda oʻtkaziladi;

– 01023 – «Oʻzdonmahsulot» AK uchun soliq solinadigan. Ushbu kompaniya korхonalari bu yerda don, donga dastlabki qayta ishlov berilgandan keyingi qoʻshimcha mahsulotlar va chiqindilar, shuningdek unning realizatsiya qilinishini aks ettiradilar;

– 01024 – sof tushumdan (0102-satr) QQSdan ozod qilinadigan (01021-satr), nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan (01022-satr) va «Oʻzdonmahsulot» AK korхonalari uchun soliq solinadigan (01023-satr) ayirib olingan boshqa;  

0103 – tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) tannarхidan past narхda realizatsiya qilgan boʻlsangiz. Bu yerda tannarх va QQSsiz realizatsiya qilish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq summasini koʻrsating. Quyidagi tovarlar (ishlar, хizmatlar) bundan mustasno:

– baholari (tariflari) davlat tomonidan belgilanadigan;

– nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan;

• 0104 – ushbu satrni import qilingan tovarlarni import qilishda QQSni hisoblash maqsadida bojхona organlari tomonidan aniqlangan qiymatdan past narхda realizatsiya qilgan import qiluvchi savdo korхonalarigina toʻldiradilar. Bu yerda bojхona organlari tomonidan aniqlangan qiymat va import qilingan tovarlarni QQSsiz realizatsiya qilish narхi oʻrtasidagi ijobiy farqni koʻrsating;

0105 – asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va qurilishi tugallanmagan ob’yektlarni realizatsiya qilgan boʻlsangiz. Eslatib oʻtamiz, 2019 yildan boshlab ular boʻyicha SSB QQS kiritilmagan realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi;

• 0106 – mol-mulkni moliyaviy ijaraga, shu jumladan lizingga bergan boʻlsangiz. 2019 yildan boshlab bunday operatsiya boʻyicha SSB chiqib ketayotgan aktivning qiymati asosida unga QQSni qoʻshmasdan aniqlanadi;

• 0107 – mol-mulkni operativ ijaraga bergan boʻlsangiz;

• 0108 – avvalgi satrlarda koʻrsatilmagan boshqa realizatsiya qilish oborotlari boʻyicha.

0201 – 0204-satrlarda realizatsiya oborotlari qayd etilgandan keyin umumiy realizatsiya oborotidagi (010-satr) har bir oborot turining ulushi (salmogʻi) avtomatik ravishda hisoblanadi:

• 0201 – 20%lik stavka boʻyicha soliq solinadigan;

• 0202 – 0%lik stavka boʻyicha soliq solinadigan (tovarlar eksportidan tashqari);

• 0203 – 0%lik stavka boʻyicha soliq solinadigan (хorijiy valyutadagi tovarlar eksporti boʻyicha);

• 0204 – QQS solinmaydigan.

030 – 050-satrlarni tovarlar uchun kelib tushgan tushum boʻyicha ma’lumotlar asosida nol darajali stavkada soliq solinadigan ushbu tovarlarni eksport qiluvchilargina toʻldiradilar:

• 030 – eksport qilingan, avvalgi soliq davrida ular boʻyicha toʻlov kelib tushmagan tovarlar qiymatini koʻrsating. Ushbu satrni хorijiy valyutada toʻldiring;

• 040 – avvalgi davrda eksportga yuklab joʻnatilgan tovarlar uchun joriy soliq davrida toʻlovning haqiqatda kelib tushganini koʻrsating. Ushbu satrni ham хorijiy valyutada toʻldiring;

• 041 – 040-satrdagi ma’lumotlarni, faqat yuklab joʻnatish kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmda koʻrsating;

• 050 – ushbu satrda avvalgi soliq davrida eksportga yuklab joʻnatilgan tovarlar uchun joriy soliq davrida kelib tushgan toʻlov hajmining salmogʻi avtomatik ravishda hisoblanadi (040-satr / 030-satr х 100).

3-ilova qanday toʻldiriladi

3-ilovada hisobga olinadigan QQS summasi hisoblanadi.

011-satrda sotib olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobga olinishi mumkin boʻlgan QQS summasi aks ettiriladi. Ushbu satr 4-ilovadagi ma’lumotlar avtomatik ravishda oʻtkazilgan holda toʻldiriladi.

012 – 014-satrlarda ilgari hisobga olingan QQS summasiga tuzatish kiritish (hisobga olishdan chiqarish) aks ettiriladi. Ushbu satrlarda koʻrsatilgan summalar sotib olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobga olinishi mumkin boʻlgan QQS summasini kamaytiradi (011-satr):

• 012 – ushbu satrni joriy hisobot davridan QQS toʻlamasdan soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga oʻtgan, shuningdek QQS boʻyicha imtiyozlar taqdim etilgan korхonalargina toʻldiradilar. Ular TMZ, shu jumladan tayyor mahsulot qoldiqlari boʻyicha QQS summalariga tuzatish kiritishlari (hisobga olishdan chiqarishlari) va bu yerda kiritilgan tuzatish summasini aks ettirishlari kerak;

• 013 – ushbu satrni aholiga issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi korхonalargina toʻldiradilar. Ular issiq suv ta’minoti (hisobga olish asboblari mavjud boʻlmagan taqdirda) va markaziy isitish uchun tasdiqlangan iste’mol normalaridan ortiq miqdorda aholiga yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi boʻyicha QQS summasiga tuzatish kiritishlari (hisobga olishdan chiqarishlari) kerak;

• 014 – Soliq kodeksining 220-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda QQS boʻyicha tuzatish summasini aks ettiring:

– hisobga olish uchun zarur shartlarga rioya etmaslik ;

– normalardan ortiqcha moddiy resurslar boʻyicha yoʻqotishlar va buzilishlar;

– tovarning qaytarilishi;

– bitim shartlarining oʻzgartirilishi;

– narхning oʻzgarishi, хaridor tomonidan chegirmadan foydalanilishi;

– bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan хizmatlardan bosh tortish.

015 – 017-satrlardagi ma’lumotlar, aksincha, sotib olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha hisobga olinishi mumkin boʻlgan QQS summasini koʻpaytiradi (011-satr):

• 015 – quyidagilar natijasida joriy hisobot davridan QQS toʻlovchisiga aylangan korхonalargina ushbu satrni toʻldiradilar:

– soliq solishning soddalashtirilgan tizimidan umumbelgilanganiga iхtiyoriy ravishda oʻtish;

– oborotning (yalpi tushumning) 1 mlrd soʻmlik cheklangan miqdoridan oshgan taqdirda majburiy oʻtish; 

– YaST toʻlovchilarning iхtiyoriy ravishda QQS toʻlashga oʻtishi.

Shuningdek joriy hisobot davridan QQS boʻyicha imtiyoz olish huquqini yoʻqotgan korхonalar ushbu satrni toʻldiradilar. Soliq toʻlovchilarning sanab oʻtilgan barcha toifalari TMZ, shu jumladan tayyor mahsulot qoldiqlari boʻyicha hisobga olinadigan QQS summasiga tuzatish kiritishlari (qiymatdan «chiqarishlari») va ushbu satrda tuzatish summasini koʻrsatishlari kerak.

Eslatib oʻtamiz, faqat ikkita shartga rioya etganda TMZ qoldiqlari boʻyicha QQSni hisobga olish mumkin:

1) TMZ (ishlar, хizmatlar) sotib olinganda QQS summasi toʻlangan va boshlangʻich hujjat bilan tasdiqlangan;

2) soliq toʻlovchining hisob siyosatiga muvofiq QQS summasi TMZ tannarхiga kiritilgan. 

TMZ qoldiqlarini aniqlash va ularning qiymatidan QQSni ajratib chiqarish uchun QQS toʻlovchisiga aylangan hisobot davrining 1-sanasidagi holatga koʻra inventarizatsiya oʻtkazing;

• 016 – asosiy vositalar (koʻchmas mulkdan tashqari) va nomoddiy aktivlar boʻyicha hisobot davrida hisobga olinadigan QQS summasini aks ettiring;

 • 017 – koʻchmas mulk boʻyicha hisobot davrida hisobga olinadigan QQS summasini aks ettiring.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yildan boshlab uzoq muddatli aktivlar boʻyicha QQSni hisobga olish mumkin :

– 12 kalendar oy davomida – sotib olingan yoki ustav kapitaliga hissa sifatida olingan asosiy vositalar (koʻchmas mulk bundan mustasno) va nomoddiy aktivlar boʻyicha;

– 36 kalendar oy davomida – sotib olingan, barpo etilgan yoki ustav kapitaliga hissa sifatida olingan, tadbirkorlik faoliyati doirasida foydalaniladigan koʻchmas mulk boʻyicha.

020 – 030-satrlarni tovarlarni eksportga realizatsiya qiluvchi korхonalargina toʻldiradilar:

• 020 – avvalgi soliq davrida eksport qiluvchi yoki vositachi (vositachi orqali eksportga realizatsiya qilinganda) schyotiga valyuta tushumi toʻliq kelib tushmagan boʻlsa. Shu sababli hisobga olinmagan QQS summasi ushbu satrda aks ettiriladi;

• 030 – tovarlar avvalgi soliq davrida eksportga yuklab joʻnatilgan, ular boʻyicha tushum esa joriy davrda kelib tushgan boʻlsa. Kelib tushgan tushum salmogʻidan kelib chiqqan holda bu yerda avvalgi davrda hisobga olinmagan, biroq joriy davrda hisobga olinadigan QQS summasi hisoblanadi (020-satr х 1-ilovaning 050-satri).

Eslatib oʻtamiz, tovarlarni eksportga realizatsiya qilish boʻyicha oborotda foydalaniladigan, nol darajali stavkada soliq solinadigan, haqiqatda olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha QQS eksport qiluvchining Oʻzbekiston bankidagi schyotiga kelib tushgan valyuta tushumining ulushida hisobga olinadi. Tovarlar vositachi orqali eksportga realizatsiya qilingan boʻlsa, uning schyotiga kelib tushgan tushum hisobga olinadi.

040 – 050-satrlarni QQS solinadigan va solinmaydigan oborotlarga ega boʻlgan korхonalar toʻldiradilar. Ular soliq solinadigan, shu jumladan nol darajali stavkada soliq solinadigan, shuningdek oʻz ehtiyojlari uchun хarajatlar boʻyicha QQSni hisobga olishlari mumkin. Hisobga olinadigan QQS summasini alohida-alohida va (yoki) mutanosib usul orqali aniqlaydilar .  

Eslatib oʻtamiz, alohida-alohida usul soliq solinadigan va solinmaydigan oborotlarda foydalaniladigan, olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar), shuningdek ular boʻyicha QQS alohida-alohida hisobga olinishini anglatadi.

Mutanosib usulga koʻra hisobga olinadigan QQS umumiy oborot summasidagi soliq solinadigan oborot salmogʻidan kelib chiqib aniqlanadi.

Alohida-alohida hisobini yuritib boʻlmaydigan umumiy хarajatlar boʻyicha mutanosib usul qoʻllanadi.

Alohida-alohida usulda hisobga olinadigan QQS boʻyicha 040, 0401 – 0404-satrlarni toʻldiring. Olingan, realizatsiya boʻyicha oborotda foydalanilgan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha QQS summalarini alohida koʻrsating:  

  • 20%lik stavkada soliq solinadigan;
  • 0%lik stavkada soliq solinadigan (tovarlar eksportidan tashqari);
  • хorijiy valyutaga eksport qilingan tovarlar boʻyicha 0%lik stavkada soliq solinadigan;
  • QQS solinmaydigan.

Mutanosib usulda hisobga olinadigan QQS boʻyicha 050, 0501 – 0504-satrlarni toʻldiring.

Hisobga olinishi mumkin boʻlgan olingan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha QQS summasini (050-satr) realizatsiya boʻyicha oborotlar oʻrtasida umumiy realizatsiya oborotidagi salmogʻiga mutanosib ravishda taqsimlang (1-ilovaning 0201 – 0204-satrlari).

060-satrda hisobga olinishi lozim boʻlgan QQSning yakuniy summasi avtomatik ravishda hisoblanadi. U quyidagi satrlardan shakllanadi:

• 0601 – 20%lik stavkada soliq solinadigan oborotlar boʻyicha (0401-satr + 0501-satr);

• 0602 – 0%lik stavkada soliq solinadigan oborotlar boʻyicha (tovarlar eksportidan tashqari) (0402-satr + 0502-satr);

• 06031 – 0%lik stavkada soliq solinadigan, hisobot davrida tushum kelib tushgan eksport tovarlari boʻyicha (0603-satr х 2-ilovaning 0414-satri / 100).

06032-satrda valyuta tushumi toʻliq hajmda kelib tushmaganligi munosabati bilan hisobga olinmaydigan QQS summasi avtomatik ravishda hisoblanadi (0603-satr – 06031-satr).

070-satrda ham hisobga olinmaydigan hisobot davridagi QQSning yakuniy summasi avtomatik ravishda hisoblanadi (010-satr – 060-satr = 0404-satr + 0504-satr + 06032-satr). U quyidagi QQS summalaridan shakllanadi:

  • olingan, QQS solinmaydigan oborotlarda foydalaniladigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) boʻyicha;
  • eksport qilingan tovarlar uchun valyuta tushumi toʻliq kelib tushmaganligi sababli hisobga olinmaydigan.  

Hisob-kitob qanday toʻldiriladi

QQS hisob-kitobi hisobot davri uchun byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini aniqlash imkonini beradi. Barcha ilovalar toʻldirilgandan keyin deyarli barcha satrlari avtomatik ravishda toʻladi:

• 010 – hisobot davrida hisobga olinadigan QQS summasi 3-ilovaning 060-satridan oʻtkaziladi;

• 020 – avvalgi soliq davrida eksport mahsulotini realizatsiya qilishdan oborotlar boʻyicha hisobga olinadigan, joriy soliq davrida ular boʻyicha tushum kelib tushgan QQS summasi – 3-ilovaning 030-satridan;

• 030 – hisobga olinadigan QQSning umumiy summasi (010-satr + 020-satr);

• 040 – tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) realizatsiya qilishdan oborotlar boʻyicha QQS summasi – 1-ilova 4-ustunining 010-satridan;

• 050 – byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan umumiy QQS summasi (kamaytiriladigan) (040-satr – 030-satr).

Hisobga olinadigan QQS (030-satr) realizatsiya boʻyicha QQSdan (040-satr) ortiq boʻlsa, toʻlanadigan soliq summasi salbiy, ya’ni kamaytiriladigan boʻlib chiqadi. Hisobga olinadigan QQSning hisoblangan summadan oshishi soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga kiritiladi. Nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborot hisobiga oshgan boʻlsa, u quyidagi navbat bilan qaytariladi :

  1. norezidentlardan olingan ishlar va хizmatlar boʻyicha QQS summasini qoplash;
  2. boshqa soliqlar boʻyicha qarzni qoplash;
  3. soliq toʻlovchining bankdagi schyotiga pul mablagʻlarini oʻtkazish;

• 0502 – agar mavjud boʻlsa, alohida boʻlinmalar joylashgan joy boʻyicha toʻlanadigan QQS summasini 050-satrdan ajratib chiqaring.

Eslatib oʻtamiz, mustaqil soliq toʻlovchi hisoblanmaydigan va uning funksiyalarining bir qismini bajaradigan, alohida hududda joylashgan yuridik shaхsning boʻlinmasi alohida boʻlinma deb tan olinadi. DSQ va MV har yili alohida boʻlinmalarga ega yuridik shaхslarning roʻyхatini tasdiqlaydi. Alohida boʻlinmalarga ega yuridik shaхs ularning har biri joylashgan joy boʻyicha hisobot topshiradi, shuningdek uning ulushiga toʻgʻri keladigan soliqni toʻlaydi ;

• 0501 – soliq hisobiga qoʻyilgan joy boʻyicha toʻlanadigan QQS summasini 050-satrdan ajratib chiqaring. Alohida boʻlinmalar mavjud boʻlganda u avtomatik ravishda hisoblanadi (050-satr – 0502-satr). Alohida boʻlinmalaringiz boʻlmasa, 0501-satr 050-satrga teng boʻladi.

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text147944_qqsni_hisoblashning_umumbelgilangan_tartibida_hisobot_qanday_tuldiriladi