Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Vazirlar Mahkamasining 15.02.2019 yildagi 131-son qarori bilan Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari (bundan keyin – Markaz) tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Markazlar Prezidentning 2.07.2018 yildagi PQ–3824-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan, ularning asosiy maqsadi – fermer xoʻjaliklarida hisob-kitob tizimini va bank xizmatlari koʻrsatilishini tubdan takomillashtirish. Har bir Markaz shtati 3 birlikdan iborat: direktor, soliq va statistika hisobotlari boʻyicha maslahatchi hamda moliyaviy hujjatlarni yurituvchi buxgalter. Bitta buxgalter 20 ta fermer xoʻjaligiga biriktiriladi.
Yuqorida koʻrsatilgan hujjat bilan Markazlar tomonidan fermer xoʻjaliklariga konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibini tasdiqlash vazifasi ham topshirildi. Qabul qilingan hujjatda bunday xizmatlarga quyidagilar kiritilgan:
- buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini ta’minlash;
- xodimlarning ish haqi va majburiy ajratmalarni hisoblash;
- asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, qishloq xoʻjaligi mavsumi yakunlari boʻyicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini xatlovdan oʻtkazish;
- soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq organlari bilan birga solishtirish dalolatnomalarini tuzish va ularning oʻz vaqtida toʻlanishini tashkil etish;
- soliq, moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzish hamda ularni tegishli organlarga taqdim qilish;
- daromadlar va xarajatlarni tahlil qilish, kelgusi yil uchun biznes-reja tuzishda amaliy yordam koʻrsatish.
Markazlar quyidagilarga bepul konsalting xizmatlarini koʻrsatishlari mumkin:
- tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari (bundan keyin – Kengashlar) a’zosi hisoblanadigan, davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi va gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga;
- tuman Kengashlarining taklifiga koʻra moliyaviy resurslari cheklangan va buxgalteriya hisobiga ega boʻlmagan, a’zolik badallarini oʻz vaqtida toʻlaydigan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanuvchi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga. Xizmatlar koʻrsatish shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Boshqa fermer xoʻjaliklariga, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga pullik konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.
Xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish uchun fermer xoʻjaligi ixtiyoriy tartibda Markazga konsalting xizmatlaridan foydalanish ehtiyoji toʻgʻrisida buyurtma beradi. Buyurtmani koʻrib chiqish (3 kun mobaynida) yakunlari boʻyicha Markaz buyurtmachiga (bepul yoki pullik) konsalting xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzishni taklif qiladi. Bepul konsalting xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi 1 yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi.
Bepul xizmat koʻrsatilganda Markaz va fermer xoʻjaligi oʻrtasida har oyda tasdiqlangan shakl boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay tegishli tuman Kengashlariga taqdim qilinadi.
Fermer xoʻjaliklari tuman Kengashlariga a’zolik badallarini oʻz muddatida toʻlamagan taqdirda mazkur shartnoma bekor qilinishi mumkin.
Markazlarning xodimlari konsalting xizmatlarini toʻliq, sifatli yoki oʻz vaqtida koʻrsatmagan hollarda ularga nisbatan intizomiy choralar koʻriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.