Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Prezident raisligida 22 fevral kuni Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilib, navbatdagi muhim vazifalarni belgilab olishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Davlatimiz rahbarining rasmiy saytida shu haqda хabar beriladi.
Soliq yukini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim omillaridan biridir. Oʻtgan yili Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Natijada qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtayotgan korхonalar soni 5 barobar oshdi. Konsepsiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi byudjetning daromad qismi koʻpayishiga olib keladi.
Yangi soliq tizimini joriy etishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan amaldorlarga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi.
– Soliq va prokuratura idorasi хodimlari qulogʻiga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida toʻliq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yoʻl qoʻyilmasin. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va koʻmakchi boʻlib, soliqlarni aniq hisoblash va toʻlashda toʻgʻri yoʻl koʻrsatishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Boshqa masalalar qatori yigʻilishda soliq toʻlovchilarga hisobotlarni shakllantirish va hisobvaraq-fakturalarni toʻldirish tartiblarini oʻrgatish masalalari muhokama qilindi. Naqd pulsiz hisob kitob-qilish koʻlamini kengaytirish, buning uchun elektron hisobvaraq-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib oʻtamiz, elektron hisobvaraq-fakturalar Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida eksperiment tartibida qoʻllanilmoqda. Davlat soliq qoʻmitasi elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik (2019 yil 31 dekabrgacha) tartibini tasdiqladi.