Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Soliqchilar xronometraj natijalari boʻyicha soliqlarni qanday qilib qoʻshimcha hisoblamoqchilar
Davlat soliq qoʻmitasi Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj koʻzdan kechirishni oʻtkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini taqdim etdi.
Xronometraj koʻzdan kechirish (xronometraj) – xronometraj oʻtkaziladigan davrda tushumlarning haqiqiy hajmlarini – pul tushumi summalarini, ishlab chiqarish hajmlarini, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini aniqlash imkonini beruvchi soliq nazoratining shakli.
Nizom loyihasida quyidagilar belgilangan:
- xronometraj oʻtkaziladigan joy va ob’yektlar;
- uning muddatlari;
- xronometraj oʻtkazish bilan bogʻliq rasmiyatchiliklar – buyruq rasmiylashtirish va h.k.;
- soliq toʻlovchilar va soliq organlarining huquq va majburiyatlari.
Taklif etilayotgan yangiliklarga batafsil toʻxtalib oʻtamiz.
1. Xronometraj tayinlash uchun asoslar belgilangan (loyihaning 9-bandi):
- soliq organlari tomonidan oʻrganish natijalari boʻyicha olingan tushumlar hajmlari kamaytirib koʻrsatilishiga oid shubhali ma’lumotlar;
- tashqi manbalardan (vazirliklar, idoralar) olingan xuddi shunday ma’lumotlar;
- bir koʻchada (mahallada) yoki savdo kompleksida joylashgan, bir-biriga oʻxshash boʻlgan sub’yektlarning tushumlariga nisbatan soliq toʻlovchida tushumlar boʻyicha keskin farq qiladigan tafovutli ma’lumotlar;
- realizatsiyadan tushgan tushumlari oʻtgan davrga nisbatan kamayib ketganligi va naqd pul tushumlari toʻliq topshirilmayotganligi toʻgʻrisidagi MB ma’lumotlari;
- onlayn NKMdan kamida 2–3 soat oraligʻida chek urilmaganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
- xronometraj oʻtkazilgandan keyingi davrlarda tushumlarning 50%dan yuqori kamayib ketganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar va b.
2. Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish sohasida xronometraj oʻtkazish qoidalari (loyihaning 17a-bandi) mohiyatiga koʻra amaldagisidan (Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom, AV tomonidan 9.04.2008 yilda 1788-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) farqlanmaydi.
3. Ishlab chiqarish sohasida xronometraj oʻtkazish tartibi (loyihaning 17b-bandi) ilk bor belgilanmoqda. Uning davomida:
- mahsulotlarning tannarxi va sotish narxi solishtiriladi, omborxonalarda mavjudligi hisobga olinadi;
- tabiiy resurslardan (gaz, elektr energiyasi, suv, yoqilgʻi-moylash materiallari) foydalanilishi (oʻlchov asboblari orqali) oʻrganiladi;
- mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xom ashyo va materiallar sarfi tahlil qilinadi;
- uskunalarning soni va ularning quvvatlari aniqlanadi;
- haqiqatda ishlayotgan ishchilar soni hisobotdagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi;
- ishlab chiqarilayotgan va realizatsiya qilinayotgan mahsulotlar turi va miqdori aniqlanadi.
4. Xronometraj natijalari boʻyicha (loyihaning 26-bandi) soliq organlari quyidagi formulalar asosida soliqlarni hisoblab chiqadilar:
- YaST, QQS, aksiz soligʻi va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha = (xronometraj natijalari boʻyicha oʻrtacha kunlik tushum x hisobot davridagi ish kunlari soni) x soliq stavkasi;
- foyda soligʻi boʻyicha = (xronometraj natijalari boʻyicha oʻrtacha kunlik tushum x hisobot davridagi ish kunlari soni) x oʻtgan hisobot davridagi rentabellik darajasi) x soliq stavkasi.
Soʻng soliq organlari oʻz hisob-kitoblarini soliq toʻlovchi taqdim etgani bilan solishtiradilar. Xronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilgan davrga oid taqdim etilgan soliq hisobotida tushumning (tegishincha, soliqlar summalarining) kamaytirilganligi alomatlari aniqlansa, soliq organlari soliq toʻlovchiga talabnoma yuboradilar. Soliq toʻlovchi soliqlar boʻyicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etishi shart (Soliq kodeksining 70-moddasi).
Soliq toʻlovchida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi takroran aniqlangan taqdirda, bu harakatlar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik sifatida tasniflanadi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.