Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Adliya vazirligi va DBQ tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi muammolarni oʻrganib, tadbirkorlardan kelib tushgan takliflarni inobatga oldi. Natijada sohani liberallashtirishga doir hujjat loyihasi ishlab chiqildi.
Import/eksport izchil oʻsishiga qaramay, Oʻzbekiston Jahon bankining «Biznes yuritish–2019» hisobotida «Xalqaro savdo» indeksi boʻyicha 165-oʻrinni egalladi. Reyting ma’lumotlariga koʻra:
- eksportni amalga oshirishga sarflanadigan vaqt chegara va bojxona nazoratida – 112 soatni, hujjatlar rasmiylashtirilganda – 96 soatni, xarajatlar 570 AQSh dollarini tashkil etadi;
- importni amalga oshirishga sarflanadigan vaqt chegara va bojxona nazoratida – 111 soatni, hujjatlar rasmiylashtirilganda – 174 soatni, xarajatlar 570 AQSh dollarini tashkil etadi.
Mazkur indikator boʻyicha yuqori oʻrinlarni egallovchi xorijiy mamlakatlarda eksport/import qilish uchun vaqt va xarajat deyarli sarflanmaydi. Shu sababli Adliya vazirligi va DBQ ushbu sohadagi milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganib chiqdi. Oʻtkazilgan tahlil ortiqcha byurokratik tartib-taomillar, talablar va hujjatlar mavjudligini koʻrsatdi. Quyidagilar shular jumlasidandir:
- veterinariya va oʻsimliklar karantini organlari tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun eksport/import qilishdan 30 kun oldin murojaat qilish zarurligi toʻgʻrisida talab qoʻyilishi;
- ortiqcha 10 turdagi hujjatlar (kontrakt, tovarga ilova qilinuvchi hujjatlar, fumigatsiya dalolatnomasi, normativ hujjatlar nusxalari va b.) taqdim etilishi;
- hujjatlarni qogʻoz tashuvchida taqdim etish zarurati, «yagona darcha» bojxona axborot tizimining toʻliq faoliyat yuritmasligi, bu hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga toʻliq oʻtish, nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish va samarali idoralararo hamkorlikni ta’minlash imkonini bermaydi.
Bundan tashqari, postlarda nazoratdan oʻtishda jarayonlarning toʻliq avtomatlashtirilmaganligi, shuningdek nazorat tartib-taomillaridan oʻtish reglamentining mavjud emasligi nazorat tartib-taomillaridan oʻtish jarayonini jadallashtirish imkonini bermaydi.
Shuningdek import qiluvchiga qogʻoz hujjat beriladi, unga 6 ta – bojxona nazorati, chegara nazorati, transportni koʻrikdan oʻtkazish, veterinariya nazorati, sanitariya-karantin nazorati, karantin-fitosanitariya nazoratining ruxsat beruvchi muhri bosilishi zarur. Hatto import qilinayotgan tovar veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovar boʻlmasa ham, veterinariya nazorati vakilining muhri bosilishi kerak.
Postlardagi nazorat organlari faoliyatida xavfni boshqarish tizimi mavjud emasligi ham oʻz ta’sirini koʻrsatmoqda (bojxona organlari bundan mustasno). Bu har bir transport vositasi va yukni koʻzdan kechirish zaruratini taqozo etadi, bu tartib-taomillardan oʻtish muddati uzayishiga, nazorat samaradorligi pasayishiga olib keladi.
Tadbirkorlar orasida soʻrov oʻtkazilganda 100 dan ortiq fikr-mulohaza va takliflar kelib tushdi, sohani takomillashtirishga doir takliflarni oʻrganish va ishlab chiqishda ular inobatga olindi.
Shundan kelib chiqqan holda Adliya vazirligi quyidagilarni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi:
- ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish va postlarda nazoratdan oʻtish uchun zarur tartib-taomillar, muddatlar va hujjatlarni qisqartirish;
- real vaqt rejimida buyurtmanomalar berish va QR-kod berilgan ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, TIF TN kodi asosida avtomatik tahlil qilish, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini masofadan turib kuzatish imkonini beruvchi bojxona axborot tizimi faoliyat yuritishini toʻlaqonli ta’minlash;
- Postlarda nazorat tartib-taomillaridan oʻtish reglamenti, shuningdek xavfni boshqarish tizimi va boshqalarni ishlab chiqish.