Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Mart oyining boshida QHTBT portalida Oʻzbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyilgan edi.
Uning mohiyati eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat oʻrnatishdan iborat edi. Meva-sabzavotlarning 38 ta pozitsiyasi va toʻqimachilik mahsulotlarining 147 ta pozitsiyasi boʻyicha «tavsiya etiladigan» eksport narxlarini belgilash, ularning 30%dan ortiq pasaytirilishiga yoʻl qoʻyganlarga nisbatan choralar koʻrish taklif qilingan edi. Loyihaga sharhimiz – bu yerda.
Oʻquvchilar ushbu tashabbusga oʻta salbiy munosabat bildirdilar. Loyiha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida yaqinda oʻtkazilgan davra suhbatida muhokama qilingani ma’lum boʻldi.
«Davra suhbati ishtirokchilari meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlarining eksport narxlarini monitoring qilish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tanqidiy tahlildan oʻtkazib, eksport qiluvchilar uchun biznes yuritish shart-sharoitlariga, oxir-oqibat mamlakat ichidagi narxlarning shakllanishiga jiddiy ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan bir qator muhim jihatlarini qayd etdilar», – deyiladi xabarda.
Oʻz navbatida «Rivojlanish strategiyasi» markazi vazirliklar, idoralar, biznes-hamjamiyat va OAV vakillarini loyiha muhokamasiga taklif etdi. Tadbir 29 mart kuni soat 14:00 da oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq u oʻtkazilmadi. Matbuot anjumani nima sababdan bekor qilingani haqida ma’lumot berilmadi.
Ayni paytda QHTBT portalida loyiha matni yoʻq («Not Found (#404)»). Davlat bojxona qoʻmitasi – loyihani ishlab chiquvchining rasmiy saytida ayni daqiqada shu xususda hech qanday tushuntirish berilmagan.
Shu tariqa, loyihaning va umuman eksport narxlarining shakllanishi ustidan nazorat mexanizmlarini joriy etish tashabbusining keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Portal voqealarning rivojini kuzatib bormoqda.