1 aprel: qonunchilikdagi asosiy yangiliklar

preview

 

Ruxsat berish tartib-taomillari, tekshirishlar, litsenziyalashtirish va eksport bilan bogʻliq biznes yangiliklari, shuningdek tibbiyot, turizm, toʻqimachilik sanoati va boshqa sohalar haqida sharhimizda soʻz yuritamiz.

 

Biznes sohasidagi ruxsatnomalar soni kamaydi

 

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi yana oltita ruxsat berish tartib-taomili bekor qilindi:

  • eksport kontrakti roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma;
  • mol soʻyishni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasi;
  • yer qa’ri uchastkasidan foydalanishda buzilgan yerlar qayta tiklanganligi haqida xulosa;
  • voyaga yetmaganlarga moʻljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma;
  • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qiladigan tadbirkorlik sub’yektlarining savdo ob’yektlari joylashuvi;
  • yerlarning barcha toifalarida geologik-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa turdagi qidiruv ishlarini olib borishga ruxsatnoma.

 

Tekshiruvlar – biznes-ombudsman orqali

 

Bosh prokuratura endi tekshiruvlarni muvofiqlashtirmaydi. Ushbu vakolatlar biznes-ombudsmanga oʻtdi. Uning qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Savdo-sanoat palatasi tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. 

 

Yer qa’ri uchastkasini oʻrganish uchun litsenziya ikki baravar tez rasmiylashtiriladi

 

Noruda foydali qazilmalar mavjud boʻlgan yer qa’ri uchastkasidan geologik oʻrganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan (ilgari – 20 kundan) oshmagan muddatda beriladi. Ushbu sohadagi litsenziyalarning qolgan – qazib olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanish huquqini beruvchi turlari – ilgarigidek 20 kunlik muddatda rasmiylashtiriladi.

 

QQS tezroq qaytariladi

 

Soliq toʻlovchiga nol darajali stavkani qoʻllash natijasida hosil boʻlgan QQS summasi tezroq qaytariladi. Endi hujjatlarning toʻliq paketi taqdim etilgan kundan boshlab buning uchun 7 ish kuni ajratiladi (ilgari – 15 ish kuni). Bundan buyon soliq organlarida mavjud ma’lumotlarni, shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha taqqoslash dalolatnomasi, QQS hisob-kitobini taqdim etish kerak emas. Batafsil – buxgalter.uz saytida.  

 

Joʻjalar erkin eksport qilinadi

 

Bir kunlik joʻjalarni (TIF TN kodlari 0105 11 110 0, 0105 11 190 0, 0105 11 990 0) eksport qilishga ruxsat berildi. Bungacha ular Prezident yoki Hukumat qarorlari asosida eksport qilingan (15.12.2017 yildagi PF–5286-son Farmonga 1-ilovaga qarang).

 

Toʻqimachilik sanoati: moliyaviy yordam va qogʻozbozlikning kamayishi

 

Davlat toʻqimachilik sanoatini qoʻllab-quvvatlaydi:

 

birinchidan, 2019–2021 yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80%ini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga berilgan kreditlar boʻyicha foizlarning bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya hajmi:

  • aylanma mablagʻlarni toʻldirish (tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida milliy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha – foiz stavkasining 25%i miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori boʻlmagan holda;
  • ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida xorijiy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha – foiz stavkasining 50%i miqdorida;

 

ikkinchidan, birja savdolari orqali paxta tolasini sotishda qat’iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi. Bunda taraflar oʻrtasida majburiyatlar bajarilishini ta’minlash tartibi shartnoma asosida belgilanadi.

 

 

Ijara shartnomasini tasdiqlaganlik uchun boj kamaytirildi

 

Ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlaganlik uchun davlat boji stavkalari ikki baravar kamaytirildi va quyidagi miqdorni tashkil qilmoqda:

  • jismoniy shaxslar uchun – EKIHning 50%i;
  • yuridik shaxslar uchun – EKIHning 1 baravari.

 

Hukumatda lavozimga tayinlashning yangi qoidalari

 

Endi Bosh vazirning oʻrinbosarlari, vazirlar va davlat qoʻmitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanadi. Nomzodlar istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini ham taqdim etishlari shart.

 

Hukumat hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarni oʻtkaza boshlaydi. Bosh vazir esa Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Parlamentga Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.

 

Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat faoliyati aniq koʻrsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholanadi.

 

Konstitutsiya va bir qator qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritildi.

 

Tibbiyot: moliyalashtirishning yangi tartibi va ish haqi oʻsishi

 

Tibbiyot muassasalarini «har bir davolangan holat» uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimi eksperiment tartibida joriy etiladi. Eksperiment poytaxtning Mirobod tumanida va qolgan hududlarning ayrim tumanlarida oʻtkaziladi (roʻyxatga qarang). Bir yildan keyin tizimni butun mamlakat boʻyicha joriy etish rejalashtirilmoqda.

 

Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ish haqi indeksatsiyalandi. Maoshlar 15%ga oshirildi, yangi tarif koeffitsiyentlari – bu yerda.

 

Turistlar xavfsizligi – nazorat ostida

 

Mamlakatimizda turistlar xavfsizligini ta’minlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar amal qila boshlaydi:

 

birinchidan, turistlar va turistik guruhlarni, shu jumladan avtotransportda harakatlanish vaqtida kuzatib borish – xavfsiz turizmni ta’minlash boʻyicha yangi boʻlinmalar bilan shartnoma asosida pulli xizmatlar koʻrsatish;

 

ikkinchidan, transportda, birinchi navbatda turizm yoʻnalishidagi poyezdlarda turistlar xavfsizligi – transportda xavfsizlikni ta’minlash boʻlinmalarining vazifasi, ular:

  • transportda sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabar va arizalarni hisobga oladilar va qayd etadilar;
  • bevosita poyezdlarning oʻzida ma’muriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqadilar va qaror qabul qiladilar, buning uchun kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi; 

 

uchinchidan, hududiy IIO bilan birgalikda transportda xavfsizlikni ta’minlash boʻlinmalari tomonidan temir yoʻl vokzallari va aeroportlar atrofida yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari buzilishining oldini olish va chek qoʻyish.

 

IIV huzurida Xavfsiz turizmni ta’minlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.

 

Mobil qurilmalar IMEI boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazila boshlaydi

 

Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018 yildagi 847-son qarori bilan aniq mexanizmni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi. Vazifa bajarildi: roʻyxatdan oʻtkazish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, buning uchun mobil qurilmalarning egalaridan hech qanday harakatlar talab etilmaydi. Roʻyxatdan oʻtkazish bepul.
  

Oleg Zamanov.



 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text149306_1_aprel_qonunchilikdagi_asosiy_yangiliklar