Nima sababdan turbiznes uchun QQSning nol darajali stavkasini qoʻllagan afzal

preview

Toʻrt oydirki turistik biznes vakillari Soliq kodeksining turistik-ekskursiya xizmatlari koʻrsatish oborotlarini QQS toʻlashdan ozod qiluvchi normasini qoʻllash uchun shart-sharoitlar me’yorlashtirilishiga erishmoqchilar. norma.uz muxbiri Oʻzbekiston xususiy turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi vakillari bilan muloqot qilib, ularning fikrlarini qogʻozga tushirdi.

Jahon turistik xizmatlar bozori jiddiy raqobat sharoitida rivojlanmoqda. Turistlar oqimini koʻpaytirmoqchi boʻlgan mamlakatlar turlar qiymatini arzonlashtirish ustida ishlamoqdalar.

Turizmga iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qarayotgan Oʻzbekistonda imkon qadar koʻp xorijiy mehmonlar tashrif buyurishi uchun salmoqli ishlar qilinmoqda. Mehmonxonalar, restoranlar, zamonaviy turistik komplekslar va rekreatsion zonalar qurilmoqda. Ular keluvchilarni qabul qilish uchun zarur. Biroq ushbu investitsiyalar qanchalik oʻzini oqlashi koʻp jihatdan mamlakatimizga uyushtiriladigan turlarning qiymatiga bogʻliq.

Xorijiy turistlar oqimi koʻpayib borishi uchun narxlar oshishiga yoʻl qoʻymaslik, yangi, iqtisodiy jihatdan yanada foydali mahsulotlarni taklif etish lozim. Hozirgi sharoitda turistik kompaniyalar buni amalga oshirishi qiyin. 

Hamma gap shundaki, turning yakuniy qiymati mehmonlar qulay, maroqli va qiziqarli sayohat qilishiga yordam beradigan mehmonxonalar, restoranlar va turistik operatorlarning boshqa hamkorlari xizmatlari qiymatidan tashkil topadi. Soliq islohoti, aksariyat tadbirkorlik sub’yektlari soliq solishning umumbelgilangan tizimi va QQS toʻlashga oʻtgani munosabati bilan narxlar oshishiga yoʻl qoʻymaslik ancha mushkul.

– Xizmatlarimiz narxini oshirmaslik uchun qoʻldan kelgancha harakat qilayapmiz, – deydi «Miran International» oteli bosh menejeri Farhod Toshtemirov. – Biroq QQS bois xizmatlar sohasidagi soliq yuki oshdi, bu otelning narx siyosatiga ta’sir koʻrsata boshlayapti.  

Muammo yuzaga kelmaydigandek tuyuladi. Soliq kodeksining 208-moddasi 15-bandida belgilangan normadan foydalansa bas, unda turistik-ekskursiya xizmatlari oboroti QQSdan ozod etilishi nazarda tutilgan. Biroq uning qoʻllanishi turli talqinlar va koʻplab hal qilinmagan masalalar bilan bogʻliq.

Misol uchun, mehmonxona imtiyozdan foydalana olishi uchun turoperatordan vaucher olishi zarur, uni rasmiylashtirish, toʻldirish va hisobini yuritish oson emas, koʻp vaqtni oladi. Buning ustiga, nafaqat turistik biznes vakillari, balki soliq organlari uchun ham koʻp qiyinchilik tugʻdiradi. «Nuron» turistik kompaniyasi direktori oʻrinbosari Vladimir Srapionov bu haqda shunday fikr bildirdi:

– Soliq kodeksining 208-moddasi 15-bandida ushbu imtiyozni qoʻllashning majburiy sharti – vaucher (yoʻllanma) taqdim etish belgilangan. Binobarin, hisobvaraq-fakturalar reyestri singari vaucherlar reyestri majburiy tartibda yuritilishi kerak. Biroq soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi koʻp sonli vaucherlarning skanerlangan nusxalari (hozir hisobvaraq-fakturalarning skanerlangan nusxalari kabi) davlat soliq xizmati organlariga ushbu hujjatlar hisobini aniq va tezkor yuritish, ularning haqiqiyligini tekshirish imkonini bermaydi. U buxgalterlarning qoʻlini oladi, soliq ma’muriyatchiligini murakkablashtiradi, ushbu imtiyoz qoʻllanishini nazorat qilishni qiyinlashtiradi. Ichki yoʻnalishlar boʻyicha temir yoʻl va aviachiptalar qiymatidan QQSni chiqarib tashlash mexanizmi ishlab chiqilmagan. Bu mazkur normani qoʻllashda soliq toʻlovchilar va soliq organlari xodimlari toʻqnash kelayotgan muammolarning ayrimlari, xolos. 

Oxir-oqibat ushbu qiyinchiliklar bois turkompaniyalar imtiyozdan toʻlaqonli foydalana olmayapti, ular koʻrsatayotgan xizmatlar narxi oshib borayapti.

Bu holat umumiy maqsadga erishishga – mamlakatimizga tashrif buyuruvchi turistlar guruhi soni koʻpayishiga salbiy ta’sir koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston xususiy turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi (XTTA) raisi Gulchehra Isroilova qayd etganidek: «Turistik mahsulotlar narxi oshishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini beradigan chora-tadbirlarni qabul qilish zarur. Hozir shunga erishmoqchimiz. Soliq yukining kamayishi xususiy tadbirkorlik rivojlanishiga, ish oʻrinlari yaratilishiga va turistik xizmatlar hajmi oshishiga turtki boʻladi. Aks holda mahalliy turoperatorlarning xalqaro turizm bozoridagi raqobatga dosh berishi qiyin boʻladi».

XTTA a’zolari mavjud muammolarning oddiy va maqbul yechimini taklif qilmoqdalar. Vaucherlardan foydalanishni nazarda tutuvchi norma oʻrniga turistik xizmatlarni eksport qilishda QQSning nol darajali stavkasini qoʻllash lozim. 

– Oʻzbekistonda tovarlarni eksport qiluvchilarni (Soliq kodeksining 212-moddasi) va xalqaro tashuvchilarni (Soliq kodeksining 216-moddasi) qoʻllab-quvvatlash uchun QQSning nol darajali stavkasi anchadan buyon qoʻllanib kelmoqda. 2003 yilgacha xizmatlarni eksport qiluvchilarga nisbatan tegishli norma tatbiq etilar edi, biroq keyinchalik u bekor qilindi, – deydi «Novotours Silk Road» turistik kompaniyasi direktori Odiljon Raupov. – Bugun ushbu norma yana dolzarb tus oldi, hech boʻlmasa turbiznes tashkilotlarini koʻzlab uni soliq qonunchiligiga qaytarish lozim. Bugungi kunda koʻp mamlakatlar turistik mahsulotining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini saqlash maqsadida turistik xizmatlar eksportiga QQSning nol darajali stavkasini qoʻllamoqda. Mamlakatimiz ham shu yoʻldan borishi kerak.     

Amaldagi vaucher tizimi oʻrniga QQSning nol darajali stavkasi joriy etilsa, sohani qoʻllab-quvvatlash taomili samara beradi, soliq toʻlovchilarning ham, soliq organlarining ham ishi yengillashadi. Xorijiy buyurtmachilar bilan tuzilgan kontraktlar roʻyxatga olinganligi va ulardan valyuta tushumi kelib tushganligi haqidagi toʻliq ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalari yagona axborot tizimida (TSOYaAT) qayd etiladi, kiruvchi QQS hajmi esa Kiruvchi hisobvaraq-fakturalar reyestrida toʻla aks etadi.

Oleg Gayevoy.


Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text149544_nima_sababdan_turbiznes_uchun_qqsning_nol_darajali_stavkasini_qullagan_afzal