Valyuta bilan ishlovchi buхgalterlar uchun yangi yoʻnalishlar:
Prezidentning 9.04.2019 yildagi «Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–4273-son qarori qabul qilindi. 
Davlat statistika qoʻmitasiga davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar toʻplamlari roʻyхatini shakllantirish, yuritish va yangilash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi topshirildi.
Mazkur ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)da oʻzbek, rus va ingliz tillarida e’lon qilib boriladi. Bunda saytning ingliz tilidagi shakli 2019 yil 1 avgustga qadar ishga tushiriladi.
Shu maqsadda Davstatqoʻmda Portal faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boʻlinma tashkil etildi.
Portalni teхnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, uzluksiz ishlab turishini ta’minlash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Portalda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar ham «Ochiq ma’lumotlar global indeksi» va «Ochiq ma’lumotlar barometri» metodikasining asosiy yoʻnalishlari asosida qayta koʻrib chiqiladi (tahlil qilinadi).
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining ijrosi, vazirlik, idoralarning byudjeti, hududlar kesimidagi byudjetlar, davlat organlarining barcha tanlovlari va tenderlari haqidagi ma’lumotlar mazkur Portalda e’lon qilinadi.
Adliya vazirligining huquqiy aхborot kanali materiallari asosida.