Davlat korxonalari soliqlardan tashqari yana nimalarni toʻlaydilar

preview

QHTBT portalida Aksiyadorlik jamiyatlarining davlat ulushlari boʻyicha hisoblangan dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan ajratmalarni byudjetga undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi e’lon qilindi.

  

Har qanday mulkdor singari, davlat ham oʻz mulkidan dividendlar olishga haqli. Davlat ishtirokidagi korxonalar xususiy biznes kabi soliq toʻlaydi. Biroq soliqlardan tashqari, davlat korxonasi yoki davlat ulushiga ega boʻlgan korxona foydasining bir qismi dividendlar tarzida byudjetga kelib tushishi kerak.

 

Ilgari davlat korxonalarining sof foydasidan ajratmalar miqdori maxsus Komissiya tomonidan belgilangan, u mazkur masalani yakka tartibda hal qilgan. 2019 yil fevral oyining oxiridan davlat korxonasining sof foydasidan ajratmalarning yagona miqdori 30% miqdorida etib belgilandi (VMning 16.10.2006 yildagi 215-son qaroriga 1-ilovaning 12-bandi).  

 

Yuqorida koʻrsatilgan yangiliklardan tashqari, Prezidentning 26.06.2018 yildagi PQ–3802-son qarori 7-bandi bilan davlat soliq xizmati organlariga davlat ulushlari boʻyicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan davlat byudjetiga ajratmalarni undirish huquqi berilgan. 

 

Biroq yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarda ushbu ajratmalarni hisoblash va toʻlash tartibi, nazorat va tegishli sanksiyalar belgilanmagan edi. Endi shu va boshqa masalalarni Aksiyadorlik jamiyatlarining davlat ulushlari boʻyicha hisoblangan dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan ajratmalarni byudjetga undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solish taklif qilinmoqda.

 

Loyihada ustav kapitalida davlat ulushiga ega xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari toʻgʻrisidagi axborotlarni almashish tartibi belgilangan. Xususan, DSQ Davlat xizmatlari agentligi va Markaziy depozitariydan olgan axborot avtomatlashtirilgan rejimda hududiy soliq organlariga uzatiladi, ular 5 ish kuni mobaynida quyidagilarni hisoblaydilar:

  • ustav kapitalidagi davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining sof foydasidan 30% miqdoridagi dividendlar summasini;
  • davlat unitar korxonalarining sof foydasidan 30% miqdoridagi ajratmalarni.

 

Ustav kapitalidagi davlat ulushi 50%dan kam boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari boʻyicha sof foydadan dividendlar amaldagi qonunchilikka muvofiq hisoblanishi kerak (Soliq kodeksining 156-moddasi).

 

Har qanday davlat ajratmasi (soliq) boʻyicha boʻlganidek, loyihada sof foydadan ajratmalar hisob-kitobini taqdim etish, hisob-kitobni taqdim etish davriyligi, toʻlash muddatlari, ajratmalarni byudjetlarga yoʻnaltirish tartibi keltirilgan:  

  • loyihada davlat korxonalarining sof foydasidan ajratmalar boʻyicha hisob-kitoblarning shakllari belgilangan;
  • ajratmalarning hisob-kitoblarini taqdim etish muddatlari – davlat byudjetiga dividendlarni hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan oydan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan;
  • ajratmalarni toʻlash muddatlari – davlat byudjetiga dividendlarni hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab 60 kun mobaynida;
  • korxonadagi davlat ulushi mahalliy boshqaruv organlariga (hokimliklarga) tegishli boʻlsa, sof foydadan ajratmalar mahalliy byudjetlarga yoʻnaltiriladi.

 

Fikrimizcha (bu soliq amaliyotida mavjud), sof foydadan ajratmalarni toʻlash muddatlari ular boʻyicha hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan – ya’ni davlat byudjetiga dividendlarni hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan oydan keyingi oyning 25-sanasidan kechikmasligi kerak.

  

Toʻlov kechiktirilgan taqdirda har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib penya hisoblanadi. Sof foydadan ajratmalar soliqning oʻzi ekanligini inobatga olgan holda Soliq kodeksida barcha soliqlar va toʻlovlar uchun belgilangan penya miqdori qabul qilinishi kerak – Soliq kodeksining 120-moddasi.

 

Loyihada sof foydadan ajratmalarning hisoblab chiqarilishi va toʻlanishi ustidan nazorat ham aks ettirilgan:

  • sof foydadan ajratmalar boʻyicha yuzaga keladigan qarzdorlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy ravishda undiriladi. Soliqlar va toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni majburiy ravishda undirish tartibi Soliq kodeksida belgilanganligi munosabati bilan sof foydadan ajratmalarni qonun darajasida soliqlar yoki toʻlovlarga tenglashtirish zarur;
  • sof foydadan ajratmalarning toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishini davlat soliq xizmati organlari belgilangan tartibda kameral nazorat tizimi orqali tekshiradilar. Bunda ham, barcha toʻlovchilar uchun boʻlganidek, soliq nazoratining barcha turlari – sh.j. hujjatli tekshiruvlar belgilanishi lozim.

 

Jorilla Abdullayev, «Norma» MChJ yetakchi eksperti. 



 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text149589_davlat_korhonalari_soliqlardan_tashqari_yana_nimalarni_tulaydilar