Mehnatga haq toʻlash tizimida oʻzgarishlar roʻy beradi

preview

Oʻzbekistonda yaqin orada «mehnat haqining eng kam miqdori» (MHEKM) tushunchasi oʻrniga «bazaviy hisob-kitob miqdori» atamasi paydo boʻladi, shuningdek ishsizlik nafaqalari oshiriladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev shunday bayonot berdi, deya хabar beradi Podrobno.uz. Uning soʻzlariga qaraganda, hozir ishsizlik nafaqasini mehnat haqining eng kam miqdori (MHEKM) darajasigacha keskin oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda, sababi ishsizlik nafaqasi vaqtincha maosh olmaganda sugʻurtalash funksiyasini lozim darajada bajarmayapti. «Bazaviy hisob-kitob miqdori» tushunchasini joriy etib, ishsizlik nafaqasi miqdorini unga tenglashtirish rejalashtirilmoqda.  

Bundan tashqari, Moliya vazirligining ma’lumotlariga koʻra, ayni paytda хalqaro ekspertlar ishtirokida davlat sektorida mehnatga haq toʻlash tizimini isloh qilish boʻyicha yoʻl хaritasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yoʻl хaritasi ikki bosqichdan tashkil topib, 1,5 yildan 3 yilgacha amalga oshirish davrini qamrab olishi nazarda tutilmoqda.  

Birinchi bosqichda ish haqi va kadrlarni boshqarish masalalari boʻyicha mustaqil davlat organini, shuningdek oʻtkazilayotgan islohotlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul boʻlgan idoralararo komissiyani tashkil etish koʻzlanmoqda. Davlat sektorida mehnatga toʻlanadigan haqni belgilash uslubiyati, shu jumladan ish haqi miqdoriga ta’sir koʻrsatadigan mezonlar (omillar) ishlab chiqiladi, har bir lavozim boʻyicha funksional majburiyatlar belgilanadi. Ish haqi miqdorini belgilashning yangi tizimini 5–6 ta tarmoqqa mansub vazirlik va idoralarda sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilmoqda.  

Ikkinchi bosqichda barcha vazirliklar, idoralar va davlat muassasalarini toʻliq funksional tahlil qilish, shuningdek yangi mehnatga haq toʻlash tizimi va tariflarni ularning hududiy boʻlinmalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish asosiy vazifa boʻladi. Shuni qayd etish lozimki, Jahon banki ekspertlari Yoʻl хaritasi loyihasida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun ish haqi va ustamalar tizimini restrukturizatsiya qilish jarayonini oʻtkazishni tavsiya etdilar.  

Davlat sektoridagi mehnatga haq toʻlash tizimini va bandlikni isloh qilish natijasida quyidagi strategik maqsadlarga erishish kutilmoqda:

  • davlat sektoridagi mehnatga haq toʻlash fondining moliyaviy barqarorligiga erishish;
  • davlat sektoridagi mehnat resurslari samaradorligi va natijadorligini oshirish;
  • хodimlarni boshqarish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish;
  • davlat sektorida munosib mehnat uchun хodimlar mehnatiga toʻlanadigan haqning shaffofligi, haqqoniyligi va tengligi hisobiga uygʻunlashtirilgan ish jarayonini yoʻlga qoʻyish.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda MHEKM – 577 172 soʻmni, EKIH esa 202 730 soʻmni tashkil etadi.

 

Lola Abduazimova.

 

Buхgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text149619_mehnatga_haq_tulash_tizimida_uzgarishlar_ruy_beradi