Shaxsiy ma’lumotlarning huquqiy rejimi belgilandi

preview

Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Shaxsiy ma’lumotlar toʻgʻrisida»gi Qonun uchinchi oʻqishda koʻrib chiqildi va qabul qilindi. Hujjat Oliy Majlis Senatiga yoʻllandi, deya xabar beriladi «Yuksalish» umummilliy harakatining Telegram-kanalida.

Eslatib oʻtamiz, bir qator hujjatlarda shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot sirasiga kiritilgan (sharhga qarang). Biroq ushbu tushuncha huquqiy jihatdan toʻliq ochib berilmagan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari mavjud emas.

Qonunda quyidagi tushunchalar qabul qilingan:

  • shaxsiy ma’lumotlar – elektron, qogʻoz va (yoki) boshqa moddiy tashuvchida qayd etilgan, muayyan shaxsga tegishli yoki uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi axborot;
  • shaxsiy ma’lumotlar sub’yekti – shaxsiy ma’lumotlar tegishli boʻlgan jismoniy shaxs;
  • shaxsiy ma’lumotlar bazasi – shu jumladan axborot tizimi koʻrinishidagi, shaxsiy ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan ma’lumotlar bazasi;
  • shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash – shaxsiy ma’lumotlarni toʻplash, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, qoʻllash, taqdim etish, tarqatish, uzatish, shaxssizlantirish va yoʻq qilishga doir bir yoki bir nechta harakatlarni amalga oshirish; 
  • shaxsiy ma’lumotlar bazasi operatori – shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlovchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
  • shaxsiy ma’lumotlar bazasining mulkdori – shaxsiy ma’lumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
  • uchinchi shaxs – sub’yekt, mulkdor va (yoki) operator hisoblanmagan, biroq shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga doir hollar yoki munosabatlar sababli ular bilan bogʻliq boʻlgan har qanday shaxs.

Ilgari yozganimizdek, «Shaxsiy ma’lumotlar toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasida ularga kirish mexanizmlari, shu jumladan ularni xalqaro uzatish tartibotlari belgilangan. Loyiha shaxsiy ma’lumotlar qayerda qayta ishlanishidan qat’i nazar, ularning himoyasini ta’minlash boʻyicha talablarni oʻz ichiga olgan. Shuningdek, unda shaxsiy hayoti daxlsizligi boʻyicha inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan normalar qayd etilgan.



Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text149677_shahsiy_malumotlarning_huquqiy_rejimi_belgilandi