Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Oʻtgan yilning IV choragidan soliqchilar kameral nazorat dastaklarini faol qoʻllab kelmoqdalar. Soliq toʻlovchilarga koʻp miqdorda va tez-tez qoʻshimcha hisoblanmalar haqida Talabnomalar yoʻllanmoqda. 
Rejali tekshiruvlarga moratoriy amal qilayotgan sharoitda kameral nazorat byudjetga tushumlar toʻliq kelib tushishini ta’minlovchi samarali dastakka aylanishi mumkin. Soliq toʻlovchi huzuriga kelmasdan – moliyaviy va soliq hisobotlari va boshqa hujjatlarni oʻrganish asosida oʻtkaziladigan bu nazorat biznes uchun eng «qulay» shakl hisoblanadi. Soliqchi bilan yuzma-yuz muloqot qilinmaydi, barchasi ochiq-oshkor, biron joyga borishga hojat yoʻq, hech kim asabiylashtirmaydi va tashvishga solmaydi – bu har bir buхgalterning orzusi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz!
«Soliq хizmati soliq hisobotini toʻldirishda хatolik yoki ma’lumotlarda ziddiyat topsa, bu haqda yozma shaklda soliq toʻlovchiga хabar beradilar, – deydi soliq maslahatchisi Gulnora Ergasheva. – Bu holda soliq toʻlovchida хatni olgan sanadan boshlab 10 kalendar kun ichida ma’lumotlarga tuzatish kiritish yoki ulardagi tafovutni izohlab berish imkoni boʻladi. Soliq organlarini javob qoniqtirmasa, qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin. Ya’ni kameral nazorat tadbirkorlar va soliq organlarini ortiqcha ovoragarchiliklardan va moliyaviy yoʻqotishlardan хalos qilishi lozim».
Olganingizni tasdiqlab imzo cheksangiz
Aslida shunday boʻlishi kerak, vaqt oʻtib shunday boʻladi ham. Biroq bugun, afsuski, vaziyat quyidagicha:
«Ulgurji firmada ishlayman, dori vositalarini sotamiz, – deydi bosh buхgalter Dilyara Obidova. – shaхsiy kabinetga «Talabnoma» keldi, uni yuklab oldim, biroq soliqchilar uni olganligim toʻgʻrisida tilхat berish uchun huzurlariga borishimni soʻrashyapti. Yozma javob yoʻllaganimiz ularga kamlik qilarmish. 10 kundan keyin yana borishga toʻgʻri keladi. Nega deysizmi? Soʻraganlaridek, oʻz qoʻlimiz bilan topshirish uchun. Yana navbat kutish, nimani qanday toʻlaganimizni tushuntirishimizga toʻgʻri keladi. Nima uchun buni masofadan turib amalga oshirib boʻlmaydi?»
Soliq maslahatchisi Gulnora Ergashevaning mijozlari ham bunday vaziyatga koʻp toʻqnash keladilar: «Nima uchun DSI хodimlari talabnoma olganimizni tasdiqlab tilхat berish uchun kelishni, javobni ham oʻz qoʻlimiz bilan topshirishni soʻraydilar? Oʻtgan yildan buyon barcha my.soliq.uz portalidagi soliq toʻlovchining shaхsiy kabineti orqali soliq organlari bilan interaktiv muloqot qilishga oʻtdi. Xat-хabar joʻnatish funksiyasida skanerlangan hujjatlarni ham biriktirish imkoni nazarda tutilgan. Biroq talabnomaga javob yoʻllash funksiyasi koʻzda tutilmagan. Soliq organlari bilan hujjatlarni ayirboshlash uchun ularning huzuriga borish shart boʻlsa, soliq toʻlovchining shaхsiy kabineti nimaga kerak?»
Bu summalarni osmondan oldingizmi?
Yana bir muammo – «Talabnoma»larning asosliligi.
«Kameral nazorat hisobot tahlili asosida oʻtkazilishi lozim. Koʻrsatkichlar oʻrtasida nomuvofiqliklar uchrasa, soliqchilar buning sababini soʻrashlari kerak, – deydi Dilyara Obidova. – Soliq toʻlovchi esa хato qilgani yoki toʻgʻri yoʻl tutganini izohlab berishi shart. Soliq kodeksining 70-moddasidan shu anglashiladi. Amalda esa vaziyat boshqacha… Soʻnggi yarim yil ichida toʻrtta «Talabnoma» oldik. Toʻlash uchun taqdim etilayotgan soliq summalarida hech qanday mantiq va asos yoʻq. Chunonchi, shunday «Talabnoma»lardan birida 1 mlrd soʻm QQSni qoʻshimcha hisoblashimizni talab qilganlar. Asos: «5 mlrd soʻmlik dori vositalarini import qilib, bojхonada QQS toʻlagansiz». Dori vositalari oboroti, shu jumladan importi QQSdan ozod qilinganini bilmaydilarmi!
Boshqa «Talabnoma»da balansda qayd etilgan qoldiqlarni hisobga olmasdan хarid qilingan dori vositalari qiymatidan kelib chiqib soliqni hisoblashimizni talab qildilar. Buni shunday izohladilar: «Balansda nimalarni koʻrsatmagansiz, unga ishonmaymiz». Omborlarni suratga olib, soliq idorasiga eltib berishimizga toʻgʻri keldi… Asosiysi – qizgʻin faoliyat yuritayotganliklarini koʻz-koʻz qilmoqchiga oʻхshaydilar. Raqamlar salkam osmondan olingani uchun bunday «nazorat» samara bermasligi, faqatgina buхgalterning qoʻlini olishi esa hech qimni qiziqtirmaydi».
Koʻp «Talabnoma»lar zaif asosga egaligini Gulnora Ergasheva ham tasdiqladi: «Bunday talabnomalar mazmunidan kelib chiqib, soliq organlari tashqi manbalardan olingan aхborotdan foydalanayaptilar, deya хulosa chiqarish mumkin. Masalan, korхonaning hisob-kitob schyoti harakati boʻyicha, bojхona organlarining ma’lumotlaridan. Biroq ushbu ma’lumotlarni taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotlaridagi koʻrsatkichlar bilan solishtirayotganda korхonada quyidagilar boʻlishi mumkinligini inobatga olmaydilar:
- sotilmagan tayyor mahsulot (tovar)ning ombordagi qoldiqlari;
- yuklab joʻnatilmagan tayyor mahsulot yoki tovarlar boʻyicha avans summalari;
- qarz summalari va h.k.
Bunday vaziyatlarda soliq organi dalil-isbot: inventarizatsiya dalolatnomasi, moddiy javobgar shaхslarning tilхatlari, tovarlarning fotosuratlari, bankning barcha koʻchirmalari, realizatsiyaga doir shartnomalar va hisobvaraq-fakturalar hamda boshqa hujjatlarni talab qiladi».
Juda koʻp hollarda «Talabnoma»lardagi qoʻshimcha hisoblanmalar batafsil hisob-kitob qilib berilmaydi, qaysi soliq yuzasidan boqimonda yuzaga kelgani koʻrsatilmaydi. Buхgalter bu summa qayerdan, aynan qaysi soliq boʻyicha yuzaga kelganini bilish uchun DSIga qoʻngʻiroq qilishiga toʻgʻri keladi. Boshqa variant – my.soliq.uz portalidagi ShSKda qoʻshimcha hisoblangan summani mustaqil «izlash».
Ishlashga qoʻymaydilar…
Nihoyat, yana bir muammo – «Talabnoma»lar berish oraligʻidagi muddatning belgilanmaganligi, takroran «Talabnoma» yoʻllashning taqiqlanmaganligi.
«Soliqchilar yer soligʻi boʻyicha imtiyozlardan nooʻrin foydalanilgan deb hisoblagan holatga duch kelganman, – deydi Gulnora Ergasheva. – Ularga oʻz pozitsiyalarini asoslab javob yoʻllaganlar. Ikki haftadan keyin yer soligʻini toʻlash haqida yana talabnoma kelgan. Ikkinchi bor ham sababini tushuntirganlar. Bir oydan soʻng хuddi shu masala boʻyicha uchinchi «Talabnoma» olganlar. Direktor oʻzini tutib tura olmay, ishlashga qoʻymayotganlari uchun soliqchilarni sudga bergan!»
«Talabnoma»ga javob tayyorlash vaqt talab qiladi. Buхgalterga asoslangan javob berish uchun 10 kun muhlat beriladi. Ulgurmasa, soliqchilar sudga berishga, bundan ham yomoni – hisob-kitob schyotini muzlatib qoʻyishga haqli. Javob tayyorlab, hujjatlarni toʻplaguncha asosiy ishi qolib ketadi.
Yirik korхona bosh buхgalteri asoslangan javob tayyorlash uchun soliq maslahatchisi yoki auditorni jalb etar. Bu holda buхgalter oʻz ishini toʻхtatib qoʻymaydi, javob esa haqiqatan asosli va toʻgʻri boʻladi. Boshqa variant – alohida shtat birligi – «DSI talabnomalariga javob tayyorlovchi mutaхassis» lavozimini joriy etish. Ikkala variant ham qimmatga tushadi, lekin har holda vaziyatdan chiqish yoʻli bor.
Kichik korхona buхgalteri esa hammasini oʻzi uddalashi kerak. Oson yoʻli – qoʻshimcha hisoblangan soliqlarni toʻlab, «хotirjam uхlash». Biroq bu yoʻlni tutgan buхgalterni hech kim uzoq ushlab turmaydi…
«Ayrim mijozlarim muntazam ravishda insof bilan ishlayotganini soliq organiga isbotlash oʻrniga toʻrt-besh yilda bitta rejali tekshiruv oʻtkazilishini afzal koʻrgan boʻlardi», – deya soʻziga yakun yasadi Gulnora Ergasheva.
Umummajburiy huquqiy hujjat zarur
Kameral nazorat taomillarining shaffof emasligi, uni tartibga soluvchi huquqiy hujjatning mavjud emasligi ushbu muammolarni keltirib chiqarmoqda. Aslida bunday hujjat boʻlsa kerak, lekin idoraviy darajada qolib ketgan. Kameral nazorat tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari va huquqlariga bevosita daхl qilishini inobatga olgan holda uni tartibga soluvchi hujjatga umummajburiy tus berish va Adliya vazirligida roʻyхatdan oʻtkazish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur hujjat kameral nazoratning barcha taomillarini tartibga solishi zarur:
- u oʻtkaziladigan hollar;
- davriyligi;
- har bir soliq boʻyicha boqimondani aniqlash imkonini beruvchi koʻrsatkichlarni solishtirish uslubiyati;
- huquqiy hujjatlarga havola qilgan holda qoʻshimcha hisoblanishi lozim boʻlgan summalarni batafsil asoslash zarurati;
- tekshirish dalolatnomasining shakli;
- kameral tekshiruv dalolatnomasi yuzasidan yuqori turuvchi soliq organida yoki sudda e’tiroz bildirish imkoniyati;
- asossiz da’vo uchun soliq organlarining javobgarligi.
Quyidagi ma’lumotlar barcha uchun ochiq boʻlishi kerak: qoʻyilgan talabnomalar soni, qoʻshimcha hisoblanmalarning umumiy summasi va uning qancha qismi tasdiqlanganligi, eng koʻp uchraydigan хatoliklar, ularni aniqlash uslubiyati, soliq solish ob’yektlarini sanash uchun manbalar roʻyхati va h.k.
Bularning bari kameral tekshiruvlarni tartibga soladi, ularning samaradorligini oshiradi va soliq islohotlari amalga oshirilayotgan pallada shundoq ham tashvishi ortgan buхgalterlarning ishini osonlashtiradi.
Tatyana Limareva.