Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining «Oʻzini oʻzi band qilish uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini kiritish toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyilgan.
2019 yil 1 iyuldan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini (bundan keyin – mehnat guvohnomalari) joriy etish, ularning egalariga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlar olish huquqini taqdim etish taklif qilinmoqda.
Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar jumlasiga tavakkalchilik qilib va mulkiy javobgarlikni zimmasiga olib, ishda shaxsan ishtirok etgan holda jismoniy va yuridik shaxslar uchun xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarishga asoslangan, mehnatdan daromad olishga yoʻnaltirilgan, yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmay turib mustaqil faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar kiritiladi.
Loyihada oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar bajarishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlarining roʻyxati keltirilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandchilik faoliyati sub’yektlari va dehqon xoʻjaliklari a’zolari oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar deya hisoblanmaydi.
Beriladigan guvohnoma ariza beruvchining xohishiga koʻra 1 oydan 12 oygacha amal qiladi. Muddati oʻtgach, uni cheklanmagan miqdorda uzaytirish mumkin boʻladi. Hujjatni berganlik uchun tanlangan amal qilish muddatiga qarab haq undiriladi.
Mehnat guvohnomalarining amal qilish davrini pensiya hisoblash uchun fuqarolarning stajiga qoʻshib hisoblash, bunday faoliyatdan olingan daromadlarga esa JShDS va YaIT solmaslik taklif qilingan. «Pensiya» stajini hisobga olish uchun bu davrda oʻzini oʻzi band qilish tartibida haqiqatda mehnat faoliyati yuritilgan-yuritilmagani muhim boʻlmaydi. Biroq bu paytda oʻzini oʻzi band qilgan shaxs ishsizlik nafaqasini va Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kasb-hunarga oʻqitish davrida toʻlanadigan stipendiyani ololmaydi.
Shuningdek guvohnoma egalari oʻqitiladi, ularga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar, mehnat qurollari va vositalarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratiladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Konstantin Mosin.