1 maydan joriy etilgan qonunchilikdagi yangiliklar

preview

2019 yil 1 maydan kuchga kirgan asosiy huquqiy yangiliklar toʻplamini oʻquvchilar e’tiboriga havola etamiz.

Bolalar bogʻchalarida bolalar uchun toʻlov oshirildi

Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar toʻlovining miqdorlari oshirildi. Ilgarigidek, bolalar bogʻchasi joylashgan joy va uning ish rejimi summaga ta’sir koʻrsatadi. 2018–2019 yillardagi stavkalarning solishtirma tahlili – bu yerda.

Qizilmiya yetishtiruvchilar plantatsiyalarni tashkil etishlari shart

Qizilmiya va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi (bundan keyin – Uyushma) a’zolariga qoʻshimcha talablar amal qila boshladi. Xususan, Uyushma a’zolari – qizilmiya ekstrakti ishlab chiqaruvchilari 2024 yil 1 yanvargacha har yili 100 gektardan kam boʻlmagan maydonda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etishlari shart.  

Qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar ham nazarda tutilgan:

  • Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumining (IAF) toʻlaqonli a’zolari hisoblangan mamlakatlarning sertifikatlash organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinovlar protokollari taqdim etilganda oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari, plantatsiyalar tashkil etish hamda qizilmiya va boshqa dorivor oʻsimliklardan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Uyushma a’zolari tomonidan olib kelinadigan tovarlarni sertifikatlash talab etilmaydi;
  • joriy yilning 1 aprelidan 30 dekabrigacha boʻlgan davrda Fanlar akademiyasining ijobiy xulosasini inobatga olgan holda Uyushma buyurtmanomasiga koʻra Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan qizilmiyadan foydalanish uchun qoʻshimcha kvotalar ajratiladi.

Xotin-qizlar cheklovlarsiz ishlashlari mumkin

Xotin-qizlarning mehnat huquqlari va tadbirkorlik faoliyatiga oid masalalarda yangi qoidalar:

birinchidan, ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilindi (MKning 225-moddasi, shuningdek roʻyxatga qarang). Uning oʻrniga ayollar sogʻligʻiga salbiy ta’sir etishi mumkin boʻlgan soha va kasblar tavsiyaviy roʻyxati tasdiqlandi;

ikkinchidan, agar otasi bola parvarishlash ta’tilining kamida 3 oyidan foydalansa, ota yoki onadan biriga Mehnat kodeksining 234-moddasida belgilangan tartibda qoʻshimcha 1 oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;

uchinchidan, 2 yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalardan biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;

toʻrtinchidan, ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi (MKning 100-moddasi 7-bandi) yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar, shuningdek muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;

beshinchidan, erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligida va «mahallalarda» ish haqi oshirildi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda YaTS boʻyicha tasdiqlangan tarif koeffitsiyenti 1,4 baravarga, hududiy boʻlinmalarda 1,2 baravarga oshirildi.

Fuqarolar yigʻinlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik mehnatga haq toʻlash fondi 1 maydan 1,25 baravarga oshirildi (ikkinchi indeksatsiya 1 oktyabrda amalga oshiriladi – 1,2 baravarga).

Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni e’tirof etish boʻyicha aksiya tugadi

Oʻtgan yildan jismoniy shaxslarning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi oʻtkazila boshladi. Bunda bir qator shartlar amal qildi, aksiya oʻtkazish tartibi – bu yerda. Ushbu tadbir muddati 1 mayda tugadi.

Sud boshqaruvchilari yangicha tartibda tayinlanadi

 Sud boshqaruvchilarining ishi takomillashtirilmoqda:

birinchidan, soliq organining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda sud boshqaruvchisi soliq organi xodimlari orasidan tayinlanmaydi;

ikkinchidan, soliq organining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda:

  • toʻrtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega boʻlgan va Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi (bundan keyin – Assotsiatsiya) a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi;
  • har bir yakunlangan tugatishga doir ish boʻyicha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan sud boshqaruvchilariga EKIHning 20 baravari miqdorida haq toʻlanadi;
  • soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni uzishda toʻlangan qarz summasining 5%i miqdorida sud boshqaruvchilariga qoʻshimcha haq toʻlanadi;

uchinchidan, sud boshqaruvchilarining faoliyati «fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish» ixtisoslashuvi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin;

toʻrtinchidan, sud boshqaruvchilarini tayinlash kreditor (kreditorlarning umumiy yigʻilishi yoki qoʻmitasi) yoki bankrotlik ishlari boʻyicha vakolatli davlat organi yoxud Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari taqdimnomasi boʻyicha ular faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Yogʻoch import qiluvchilar uchun imtiyoz bekor qilindi

Yogʻoch-payraha plitalar va yogʻochdan yasalgan shunga oʻxshash plitalar yoki qatron yoki boshqa organik bogʻlovchi moddalar shimdirilgan yoki shimdirilmagan boshqa yogʻochsimon materiallarni (TIF TN kodi 4410, 4410 11 300 0 dan tashqari) chetdan keltirishda yuridik shaxslarni import bojxona boji va QQS toʻlashdan ozod qilish tarzidagi 2003 yildan buyon amal qilib kelgan imtiyoz bekor qilindi.

Charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqish – monitoring ostida

Mamlakatimiz bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi joriy etildi. Bu haqda batafsil – bu yerda.

Oleg Zamanov.





Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text150217_1_maydan_joriy_etilgan_qonunchilikdagi_yangiliklar